Mirzo Ulug’bek suv ichgan piyolaning siri nimada edi?

12:51 13 Mart 2018 Lifestyle
4088 0
Foto: хs.uz

Muzeylar insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlarini namoyon qiluvchi, tarixni oynadek aks ettiruvchi maskanlardir. Bunday ma’naviyat go’shalariga tashrif buyurgan kishi borki, moziyni sarhadsiz sayr qiladi, o’zi uchun olam-olam ma’no va xulosa oladi.
Dunyoning qaysi chekkasidagi muzeyga bormang, O’zbekiston tarixiga oid eksponatlar eng noyob ashyolar sifatida qadrlanishiga guvoh bo’lasiz. Jumladan, jahonning etakchi muzeylaridan biri bo’lgan Britaniya muzeyida ham ana shunday manzaraga duch kelasiz.
Yaqinda Londonda qator uchrashuv hamda muzokaralar o’tkazgan O’zbekiston delegatsiyasi Britaniya muzeyiga tashrif buyurdi. Islom tsivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O’zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, Toshkent islom universitetining Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi rahbarlaridan iborat delegatsiyani Britaniya muzeyi direktori Hartvig Fisher qabul qildi.

Фото: хs.uz

Britaniya muzeyida 8 milliontadan ziyod ashyolar jamlangan bo’lib, har yili bu erga 7 million nafarga yaqin kishilar tashrif buyuradi.
Ahamiyatlisi, muzeyda mamlakatimiz tarixiga oid o’ta noyob eksponat — Mirzo Ulug’bek suv ichgan piyola saqlanadi. Uzunligi 15 santimetr bo’lgan piyola yuziga “Ulug’bek Ko’ragon” deb yozilgan. Piyola yashil rangli nefrit toshdan o’ta mohirlik bilan sayqallangan holda ishlangan. Uning bandi ajdar shaklida bo’lib, og’zi piyola uchini tishlagan, oyoqlari erga tegib turadi. Piyolaning og’iz tegar eri lab shaklida bo’lib, unga “Karami Haqqa nihoyat yo’qdur (Alloh taolo karamining cheki yo’q)” degan yozuv bitilgan. O’sha vaqtlar nefrit Movarounnahrda noyob tosh sanalgan. Piyolaning nefritdan ishlanishining sababi, u chaqmoq urishidan saqlagan. Eng asosiysi, nefritga solingan zahar o’z ta’sir kuchini yo’qotgan. Natijada bunday piyola egalari ichimlikni bexavotir icha olgan.
Uchrashuvda yurtimizning qadimiy, boy tarixi, buyuk alloma hamda mutafakkirlarimizning bebaho ilmiy-ma’naviy merosi jahon tamadduniga beqiyos ulush qo’shgani, bugun mamlakatimizda xalqimizning chinakam iftixori bo’lgan ana shu xazinani asrab-avaylash, chuqur o’rganish, uning noyob g’oya va qadriyatlarini istifoda etgan holda, kelajak avlodga ham etkazishga yuksak e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi.

Foto: хs.uz

Yig’ilishda so’z olgan Britaniya muzeyi mas’ullari Jonatan Tabb, Ladan Akabarnia, Fahmida Sulaymon, Jon Uillyams ushbu hamkorlik ikki tomon uchun ham g’oyat manfaatli ekanini qayd etdilar.
— Mening hayotimda Markaziy Osiyo, xususan, O’zbekiston tarixini o’rganish muhim ahamiyatga ega bo’lgan, — deydi Yaqin Sharq to’plami rahbari Jonatan Tabb. — “Amudaryo xazinasi” deb nomlangan eksponatlar muzeyimizning yuragi, desam, xato bo’lmaydi. Ayni paytda uning yangi katalogi ustida ish olib borayapmiz. Bunda o’zbekistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlik qilish niyatidamiz.
Markaziy Osiyo madaniy merosini tadqiq etayotgan yana bir olim Fahmida Sulaymon O’zbekistonning boy madaniyati hali ham dunyoni hayratga solishga qodir ekanini ta’kidlab, jumladan, shunday dedi:
— Evropa jamoatchiligi, ayniqsa, ilmiy doiralari “Islom madaniyati XIX asrga kelib rivojlanishdan to’xtagan”, degan fikrni yoqlaydi. Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O’zbekistonga tashrif buyurgan kishi borki, buning aksini ko’radi.

Фото: хs.uz

Britaniya muzeyi mutaxassislari O’zbekiston tarixiga oid eksponatlarning yozuv-sharhlarini yurtimiz olimlari bilan birgalikda tayyorlaydigan bo’ldi.
Uchrashuvda tomonlar o’zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini izhor etdilar. Muzokaralar natijasida Britaniya muzeyi xodimlarining O’zbekistonga safarini tashkil etish, o’zaro tajriba almashishni yo’lga qo’yish, muzey fondida saqlanayotgan mamlakatimiz tarixiga oid nodir eksponatlarni tadqiq qilish, kataloglarini yaratish, o’zbekistonlik mutaxassislarning Britaniya muzeyida amaliyot o’tashlarini joriy etish bo’yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Britaniya muzeyi Mirzo Ulug’bek foydalangan nodir piyolaning nusxasini O’zbekiston buyurtmasi bo’yicha tayyorlab berishga hozir ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, O’zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida Britaniya muzeyi olimlarining mamlakatimiz muzeyshunoslari bilan onlayn ma’ruzalarini yo’lga qo’yish masalasi muhokama etildi.
O. LUTFULLAEV
tayyorladi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?