MIBning Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlarining majburlab ishlatilayotgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi

17:39 11 Sentyabr 2019 Jamiyat
329 0

Joriy yilning 9-sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “MIB xodimlari: bayram kunlari, hatto mehnat taʼtilida ham ishlamoqdamiz” mazmunidagi xabarlar tarqaldi.

Xabarda Majburiy ijro byurosining Samarqand shahar boʻlimi xodimlari nomidan ish vaqti chegaralanmagani, soat 0700 dan kech 0000 gacha, bayram kunlari ham ishlayotgani, tez-tez yigʻilishlar oʻtkazilishi, hatto mehnat taʼtilidagilar ham ishga chiqishga majburlanayotgani, rahbariyatning mehnat qonunchiligiga rioya qilmayotgani bayon qilingan.

Byuroning Samarqand viloyat boshqarmasi hamda tuman-shahar boʻlimlarida 1145 nafar xodim, birgina Samarqand shahar boʻlimida 200 nafar xodim faoliyat koʻrsatadi.

Oʻrganishlarda xodimlarning kunlik ish vaqti soat 0900 dan soat 1800 ga qadar davom etishi, belgilangan vaqtdan tashqari ishlashiga, shuningdek, shanba va yakshanba kunlari ishga chiqishiga yoʻl qoʻyilmasligi maʼlum boʻldi.

Xodimlarning dam olish kunlari ishlashi faqat ularning roziligi asosida amalga oshiriladi. Sababi, aholining ish bilan band boʻlgan qatlami shanba va yakshanba kunlari xonadonlarida boʻlishi, priborlarni koʻzdan kechirish hamda hisob-kitoblarni amalga oshirishda ularga yanada qulaylik yaratishi inobatga olingan.

Bunday holatlarda, xodimlarning shanba-yakshanba va dam olish kunlari oʻz xohishi bilan ishlagani uchun boshqa dam olish kuni (otgul) berilishi yoki ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish soatlariga teng keladigan miqdorda dam olish kuni berish choralari koʻriladi.

Shuningdek, Byuroning Samarqand viloyati boshqarmasi tizimida xizmat qilayotgan xodimlarning alohida xizmat oʻtash sharoitlari inobatga olinib, ularga nisbatan tegishli ijtimoiy muhofaza choralari, dam olish, moddiy ahvolini yaxshilash, mehnat taʼtilini olish va tibbiy xizmatdan bepul foydalanish huquqlari kafolatlangan.

Misol uchun, joriy yilning 31-avgust kuni Mustaqillik bayrami munosabati bilan Byuroning Samarqand shahar boʻlimida faoliyat yuritayotgan 10 nafar xodim ragʻbatlantirildi. Hozirda boʻlim xodimlaridan 112 nafarining mehnat taʼtiliga chiqishi taʼminlangan. Boʻlim xodimlarining ish samaradorligini, mehnat sharoitlarini oshirish, ularga yanada qulaylik yaratish choralari koʻrilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?