MIB aliment pulini toʻlamay yurgan fuqaroni toʻyida sharmanda qildi

18:54 13 Iyun 2019 Jamiyat
2677 0

Illyustrativ foto

Oltinsoylik Joʻrabek Murodovning (ism, familiyasi oʻzgartirilgan) nikoh toʻyida kutilmagan voqea yuz berdi. Koʻpchilik mehmonlar qatori toʻyga majburiy ijro byurosi xodimlar tashrif buyurib, kuyov bolaga ijro hujjatlarini taqdim etishdi. Maʼlum boʻlishicha, J. Murodov bir necha yillar oldin birinchi oilasi bilan ajrashgan. Shu bois Oltinsoy tumani maʼmuriy sudi tomonidan unga 3 nafar farzandlarining moddiy taʼminoti uchun aliment toʻlash majburiyati yuklatilgan. Biroq,u farzandlarining moddiy taʼminotiga befarq boʻlib, ikkinchi marotaba oila quradi. Bu oilasini ham bir nafar farzandi bilan tashlab ketadi.

Hozirga qadar J. Murodov 4 nafar farzandlarining moddiy taʼminoti uchun aliment pullarini toʻlashdan boʻyin tovlab yurgan. Yashash manzilidan chiqib, bedarak ketganligi sababli Majburiy ijro byurosining Oltinsoy tumani boʻlimi tomonidan 2018-yil 27-noyabr kuni qidiruv eʼlon qilingan.

Buni qarangki, ikki marotaba uylanib, 4 nafar farzandlarini tirik yetim qilib qoʻygan J. Murodovning uchinchi “urinishi” sharmandalik bilan yakun topdi. Toʻy marosimiga kelgan mehmonlar uning qilmishlarini eshitib, hayratdan yoqa ushlashdi.

Byuroning tuman boʻlimi tomonidan toʻplangan hujjatlar joriy yilning 8-iyun kuni tegishli tartibda tuman maʼmuriy sudiga yuborildi va Joʻrabek Murodovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasiga asosan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi belgilandi.

Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasidan olingan maʼlumotga koʻra, hozirda 16 mingdan ziyod aliment ijro hujjatlari mavjud. 2 oy va undan ortiq muddatda aliment qarzini toʻlamaganligi sababli sud hukmiga binoan 412 nafar fuqaroga nisbatan maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanilgan.

Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?