Metsenatlik faoliyati u qanday amalga oshiriladi?

11:50 09 Oktyabr 2019 Jamiyat
117 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Muxbirimiz ushbu hujjatning mazmun-mohiyati, maqsadi hamda ahamiyati xususida Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Iqbol MIRZAALIYEV bilan suhbatlashdi.

— Mazkur qonun davlatimiz rahbarining 2018-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida mamlakatimizdagi ilm-fan, madaniyat, maʼnaviyat, sanʼat sohalarga daxldor islohotlarning mantiqiy davomi sifatida tayyorlangan, — deydi qoʻmita raisi. — Bundan tashqari, 6 ta bob va 20 ta moddadan iborat “Metsenatlik toʻgʻrisida”gi qonun madaniyat va sanʼatni, shuningdek, ushbu sohadagi ilm-fanni, taʼlimni, maʼrifatni hamda boshqa faoliyatni rivojlantirish maqsadida homiylik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

— Bilishimizcha, “metsenatlik” tushunchasi keng jamoatchilik oʻrtasida ommalashmagan, bu atama hali yangilik. Shu bois qonunning asosiy tushunchalari haqida toʻxtalib oʻtsangiz.

— Qonundagi “metsenatlik” tushunchasi garchi bizga keyingi yillarda kirib kelgan boʻlsa-da, uning mazmun-mohiyati xalqimizga qadim-qadimdan yaxshi maʼlum. Zero, yurtimiz azaldan ilm-maʼrifat, madaniyat, maʼnaviyat homiylari bilan ham mashhur boʻlgan.

Qonunga koʻra, metsenatlik (metsenatlik faoliyati) deyilganda, madaniyat va sanʼatni, shuningdek, mazkur sohadagi ilm-fanni, taʼlimni, maʼrifatni rivojlantirishga homiylik qilish tushuniladi. Metsenat — metsenatlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxs boʻlishi mumkin. Metsenatlik koʻmagi — homiylar tomonidan begʻaraz yoki imtiyozli shartlar asosida beriladigan mol-mulk, koʻrsatiladigan xizmatlar va qoʻllab-quvvatlashning boshqa turlaridan iborat.

Metsenatlik faoliyati mamlakatimizdagi madaniy meros obyektlarini saqlash, muhofaza qilish va ulardan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish, ushbu sohalarga yoʻnaltirilgan davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni, loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish, madaniyat va sanʼat sohasidagi kasbiy faoliyatni qoʻllab-quvvatlash, madaniy meros obyektlarini saqlash maqsadlarida amalga oshiriladi.

Qonunning muhim jihatlaridan biri shundaki, unda metsenatlik faoliyati ixtiyoriylik, insonparvarlik va hisobotlarning ishonchliligi prinsiplari asosida amalga oshirilishi belgilangan.

Shu bilan birga, metsenatlik faoliyati madaniyat va sanʼat sohasidagi yosh isteʼdodlarni va arboblarni qoʻllab-quvvatlash, jismoniy va yuridik shaxslarning madaniyat va sanʼatni rivojlantirishda ishtirok etishi uchun maʼnaviy ragʻbatlantirish omillarini kengaytirish maqsadlarini ham koʻzda tutadi.

— Metsenatlik faoliyati qanday amalga oshiriladi?

— Hujjatga muvofiq, metsenatlik faoliyati metsenat va koʻmak oluvchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida roʻyobga chiqariladi. Mazkur shartnomada metsenatlik koʻmagini berishning maqsadlari, shakli, shartlari, muddatlari hamda hajmini, shartnomaviy majburiyatlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda taraflarning javobgarligini, nizolarni hal etish tartibini, taraflarning rekvizitlarini, shartnoma tuzilgan sana va joyni, shuningdek, bunday turdagi shartnomalar uchun qonun hujjatlarida belgilangan yoki taraflardan birining arizasiga koʻra kelishuvga erishish lozim boʻlgan boshqa muhim shartlar nazarda tutiladi.

Shartnomada metsenatlik koʻmagidan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qilish mexanizmlari ham belgilanishi mumkin. Qolaversa, metsenatlik faoliyati xususidagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida faqat metsenatning roziligi bilan tarqatiladi. Yaʼni kimgadir begʻaraz homiylik qilgan subyekt oʻz ismini oshkor qilishni istamasa, uning faoliyati haqida keng jamoatchilikka maʼlum qilinmaydi. Lekin bu holat koʻmak oluvchining berilgan yordamdan maqsadli foydalanayotganidan jamoatchilikni xabardor qilib borishiga toʻsqinlik qilmaydi.

Xullas, “Metsenatlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni mamlakatimizdagi ijtimoiy-maʼnaviy, madaniy-maʼrifiy islohotlarni yanada jadallashtirishga, ilm-maʼrifat va madaniyat sohalariga begʻaraz homiylik qiluvchilar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga, bu orqali kelajak avlodni barkamol shaxslar sifatida tarbiyalash, shuningdek, jamiyatda insonning yashash muhitini yaxshilash hamda ijodiy faoliyati rivojini taʼminlashga xizmat qiladi.

Rahim SHERQULOV
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?