Matbuotga “qon” kerak

10:56 12 Oktyabr 2018 Jamiyat
751 0
Illyustrativ foto

Bugun ommaviy axborot vositalari nafaqat ijod mahsuli, balki qarama-qarshi dunyoqarashlar va fikrlar kurashi maydoniga ham aylanib ulgurdi. Bu jarayonda bugungi matbuotning ahvolini ogʻir yuk koʻtarib ketayotgan karvonga oʻxshatish mumkin. Uning yuki shu qadar zalvorliki, masʼuliyatini boshqa birov koʻtarolmaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarning hayotimizga chuqur kirib kelgani elektron OAV imkoniyatlarini kengaytirgani bor gap. Ammo na axborot saytlari, na ijtimoiy tarmoqlarning birortasi matbuotning vazifasini bajarishga qodir emas. Axborot tarqatishda kim oʻzarga bahs boylayotgan turli saytlar qaytaga odamlarni toqatsiz, loqayd qilib qoʻyayotgandek. Soʻnggi paytlarda bu haqda juda koʻp gapirilyapti. Haqiqat shuki, jarayon shu zaylda davom etsa, sof oʻzbek tilimizni butunlay yoʻqotamiz. Xalqimiz turli jargonlar va shevalarda gapiradigan, yozadigan boʻladi. Bu meni, sizni, umuman, millat kelajagiga befarq boʻlmagan har birimizni xavotirga solishi lozim.

Xoʻsh, buning oldini olish uchun nima qilish kerak, dersiz. Eski gap. Odamlarni gazeta-jurnal oʻqishga qaytarish zarur. Internet yordamida xabar va yangiliklarni tez, oson oʻqish imkoniga ega boʻldik, bunga hojat qolmadi, deguvchilar xato oʻylaydi. U sizni faqat axborotga boʻlgan kunlik ehtiyojingizni qondiradi, xolos. Tafakkuringizni oʻstirmaydi, mushohada qilishga undamaydi, savodxonlikni oshirmaydi. Matbuotda esa ana shunday kuch, imkoniyat mavjud.

Gazeta-jurnallarda oʻqiladigan narsaning oʻzi yoʻq-ku, deb fikr bildiruvchilarning ham gaplari asossiz. Chunki soʻnggi ikki yilda matbuotimizda tahliliy-tanqidiy materiallar salmogʻi oshdi. Jamiyatda urchiy boshlagan illatlar jamoatchilik muhokamasiga olib chiqilyapti. Eʼtiborli jihati, chop etilgan maqolada koʻtarilgan masala vaqt oʻtib, shunchaki unutilmayapti. Uning yechimi yuzasidan mutasaddilardan izoh soʻralyapti. Alal-oqibat yillar davomida aholini qiynab kelgan muammolar imkon qadar hal etilishiga erishilyapti. Matbuot bundan-da katta imkoniyatlarga ega, aslida. Biroq bugun uning oʻzi ham koʻmakka, qoʻllab-quvvatlashga muhtoj.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 30 dekabrdagi “Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qoʻshimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish toʻgʻrisida”gi qarori asosida 2012 yilning 1 yanvaridan boshlab ommaviy axborot vositalari tahririyatlari va nashriyotlar foyda soligʻini hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soligʻini toʻlashdan ozod etildi. Bundan tashqari, tahririyatlar, nashriyot va bosmaxonalar ommaviy axborot vositalarining mahsulotlari, kitob mahsulotlarini sotishdan va ularning nusxalarini koʻpaytirish boʻyicha xizmatlardan olinadigan daromadlar qismida Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga hamda taʼlim, sogʻliqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasiga majburiy ajratmalarni toʻlashdan besh yil muddatga ozod etilgan.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 27 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2017 yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, mazkur imtiyozlar muhlati yana ikki yilga – 2019 yilgacha uzaytirildi. Bu kabi imtiyozlar samarasi ayniqsa, bosma nashrlar faoliyatida yaqqol sezildi. Gazeta va jurnallar oʻzlarida saqlab qolgan mablagʻni tahririyatning moddiy texnik bazasini mustahkamlash, jurnalist-xodimlarni ragʻbatlantirishga sarfladi.

Birgina misol. “Jamiyat” gazetasi 2017 yilda xodimlarning daromad soligʻidan tashqari, soliq organlariga bor-yoʻgʻi 5 million soʻm atrofida soliq toʻlagan. Vaholanki, yuqoridagi imtiyozlar boʻlmaganda tahririyat 42 million soʻmdan ziyod mablagʻini qoʻshimcha soliq toʻlovlariga oʻtkazishga majbur boʻlardi. Shu singari bugun mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan 800 dan ortiq bosma nashrlar ham yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, moliyaviy ahvolini bir qadar yaxshilashga erishdi.

Keyingi yildan boshlab mazkur imtiyozlar toʻxtatilsa, shundoq ham zoʻrgʻa kun koʻrayotgan matbuotning ahvoli yanada ogʻirlashadi. Chunki gazeta va jurnallarni chop etish xarajatlari oshdi, qogʻoz narxi oʻtgan yilning boshiga nisbatan qariyb 3,2 foizga koʻtarilib ketdi. Yaʼni, 2017 yilning yanvar oyida bir tonna qogʻoz narxi 2 million 250 ming soʻm boʻlgan boʻlsa, yil oxiriga borib 5 million 728 ming soʻmga qimmatlagan. 2018 yilning ayni shu davrida esa bir tonna qogʻoz narxi 7 million soʻm atrofida boʻlib turibdi. Narx-navoning bunday keskin oʻzgarishi tahririyatlar byudjetiga juda katta zarba boʻldi. Hozirgi kunda sanoqli bosma nashrlardan tashqari deyarli barcha gazeta-jurnallar qarzdorlik hisobiga ishlamoqda. Ishchi-xodimlariga gonorar tugul oylik ish haqi berishga ham qurbi yetmayapti.

Masalan, ayni kunda 10 ming nusxada chop etiladigan A3 formatdagi, 16 sahifadan iborat gazetaning bir oylik bosmaxona xarajatining oʻzi 28 million 680 ming soʻmni tashkil etadi. Bu joriy yilning sentyabr oyi uchungina, xolos. Keyingi oylarda xorijiy valyutaning bozordagi narxiga mutanosib xarajatlar yanada oshib borishi mumkin. Bularning bari tahririyatlarning iqtisodiy tanazzuliga sabab boʻlyapti. Ayrimlari mablagʻ topolmaganidan yo yopilib ketyapti yoki faoliyatini vaqtincha toʻxtatishga majbur boʻlmoqda.

Bosma nashrlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrilmasa, vaziyat bundan-da ogʻirlashishi mumkin. Majoziy aytganda, matbuotga yangi “qon” kerak boʻlyapti. Bunda, birinchi galda, ommaviy axborot vositalariga berilgan imtiyozlar davrini uzaytirishdan tashqari, obuna bilan bogʻliq masalada ham bir toʻxtamga kelish darkor. Bu markaziy va hududiy nashrlar obunasini uyushtirishdan tortib, uni mushtariyga vaqtida yetkazib berishgacha boʻlgan jarayonni qamrab olishi lozim.

Bundan tashqari OAVda ishlovchi ishchi-xodimlarning moliyaviy barqarorligini taʼminlash ham kechiktirib boʻlmaydigan masalalardan biri. Hozirgi kunda mamlakatimizda jurnalistika ijtimoiy himoyalanganlik darajasi boʻyicha boshqa kasblarga qaraganda ancha ortda. Davlat tomonidan oylik-ish haqi miqdorining oshirilgani soha xodimlariga deyarli taʼsir qilmaydi. Negaki, aksariyat jurnalistlar nodavlat OAVda faoliyat olib borgani uchun tahririyatlar oʻz moliyaviy imkoniyatiga qarab ish haqi toʻlaydi. Ragʻbatlantirish yaxshi boʻlmagach, turmush tashvishidan boshqa narsani oʻylamaydigan ijodkordan sifatli material kutish mushkul.

Shunday boʻlsa-da, gazeta-jurnallar aholining umumiy maʼnodagi maʼnaviy-axloqiy, savodxonlik darajasini bir maromda ushlab turishga harakat qilmoqda.

Biroq soha xodimlarining bunday fidoyiligi koʻp jihatdan turli darajadagi rahbarlarning gazeta-jurnal mutolaasiga eʼtiborni kuchaytirishiga bogʻliq boʻlib qolmoqda. Axborot oqimidagi bugungi befarqlik ertangi tanazzulning boshlanishidan darak.

Albatta, vaqt oʻtib umumjamiyat bu bosqichdan oʻtadi, odamlar yana sof adabiyotga, haqiqiy publitsistikaga qaytadi. Matbuot OAVning klassik koʻrinishi boʻlib qolaveradi. Shugina umid koʻngilga taskin beradi. Yangi ijod, yangi asarlar tugʻilishiga turtki boʻladi.

Qahramon SAYDALIYEV.

“Jamiyat” gazetasining 2018 yil 12 oktyabr, 41 (625) sonidan olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?