Mashhur kompaniya mahsulotlari saraton keltirib chiqarganmi?

11:01 19 Mart 2019 Dunyo
517 0

Kaliforniya oliy sudi yaqinda dunyoga mashhur Johnson & Johnson (J&J) kompaniyasiga hukm chiqardi. Unga koʻra ushbu kompaniya Terri Livitt ismli ayolga 29 mln. dollar toʻlashi kerak.

Mazkur mijoz mazkur korporatsiyaning tarkibida asbest(toshpaxta) boʻlgan mahsulotlaridan foydalangani uchun saratonga yoʻliqqanini aytib, J&Jʼni sudga bergandi.

Reuters xabariga koʻra, Terri Livitt Johnson & Johnson tomonidan 1960-1970-yillarda talʼk (texnika va tibbiyotda ishlatiladigan oq yoki koʻkish rangli mineral) asosida ishlab chiqarilgan bolalar badaniga sepiladigan Shower to Shower dorisidan foydalangan, 2017 yilda esa uning organizmida mezotelioma(saraton turlaridan biri) aniqlangan.

J&Jʼga bunday ayblov birinchi marta qoʻyilishi emas. Uning tarkibida asbest mavjud boʻlgan mahsulotlari saraton keltirib chiqargani bilan bogʻliq eng katta ish oʻtgan yilda koʻrilgan edi. Oʻshanda Missuri shtati sudi kompaniya saratonga chalingan 22 ayolga rekord summa - 4,7 mlrd. dollar kompensatsiya toʻlashi toʻgʻrisida hukm chiqargan edi. Bu borada kompaniyaga AQSHda 13 mingdan ziyod daʼvolar yoʻllangan.

Johnson & Johnson esa oʻzi tomonidan ishlab chiqarilgan talk saraton keltirib chiqarishi mumkinligini rad etyapti va bu borada oʻtkazilgan tadqiqot hamda sinovlarda ushbu xom ashyo xavfsiz ekanligi isbotlanganini takrorlab kelayotir. Shuning uchun sud hukmi ustidan shikoyat yoʻllamoqchi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?