Markaziy bank tomonidan bir qator banklarga jarima sanksiyalari qoʻllanildi

16:16 27 Avgust 2019 Iqtisodiyot
234 0

Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar doirasida joriy yilning iyun-iyul oylarida ayrim banklarda oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida ular tomonidan bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari buzilishi holatlari aniqlandi.

Xususan, “Ipoteka-bank” ATIB va “Xalq banki” ATBlarning tariflarida qonun hujjatlari bilan mijozlardan undirilishi taqiqlangan komissiya toʻlovlari mavjud boʻlsa, “Davr-bank” XATB oʻz faoliyatida mijozlarga bank xizmatlarini koʻrsatish jarayonida qonun hujjatlari talablariga rioya qilmaslik holatlariga yoʻl qoʻyilgan. Jumladan, Davrbank tomonidan mijozlarga koʻrsatiladigan bank xizmat turlarining tarkibiga asosiy xizmat bilan bogʻliq boʻlmagan qoʻshimcha xizmatlar kiritilgan hamda bankning veb-sayti va axborot stendlarida haqqoniy boʻlmagan maʼlumotlar joylashtirilgan.

Shu munosabat bilan, ushbu banklar faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berish bilan bir qatorda, ularga nisbatan belgilangan tartibda jarima sanksiyalari qoʻllanildi.

“Asaka bank” ATB tomonidan oʻz mijoziga nisbatan shartnomaga muvofiq komissiya toʻlovlarini hisoblash tartibi qayta koʻrib chiqilib, notoʻgʻri hisoblangan 84 mln. soʻm miqdoridagi mablagʻning mijozga qaytarilishi taʼminlandi.

Markaziy bank bundan buyon ham bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish borasida qonun hujjatlari talablarining buzilishiga yoʻl qoʻygan kredit tashkilotlariga nisbatan qonuniy taʼsir choralarini qoʻllab boradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?