Maqtov uxlatar, tanqid uygʻotar yoxud Tepaqoʻrgʻondagi muammolarni kim hal qiladi?

08:08 16 Fevral 2019 Jamiyat
484 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi ONLINE”

“Hurmatli tahririyat jamoasi. Uchtepa tumani, 11-mavzedagi koʻp qavatli uylar atrofidagi mavjud muammo va kamchiliklarni hal etishda yordam berishingizni iltimos qilamiz...”

Toshkent shahri, Uchtepa tumani, Tepaqoʻrgʻon mahallasi fuqarolaridan kelgan shikoyat xati ana shunday boshlanadi. Tahririyatdan umid qilib yoʻllangan ushbu maktubda turarjoylar atrofi chiqindilarga toʻlgani, avtoturargohlar, ichki koʻchalar, bolalar maydonchalari taʼmirtalab ekanligi kabi bir qator muammolar bayon etilgan.

Arznomada koʻtarilgan masalalarga oydinlik kiritish maqsadida “Tepaqoʻrgʻon” mahalla fuqarolar yigʻini tomon yoʻl oldik.

Mahalla hududiga qadam tashlar ekanmiz, aholi bilan gaplashmasdan turiboq, xatdagi “ajib manzara” koʻz oldimizda namoyon boʻldi. Rosti, bu yerdagi holatni koʻrib, “eh, attang”, deb yuborishingiz tabiiy.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi ONLINE”

 

Negaki, ozodalik, poklik, yashab turgan uy-joy atrofini toza tutish, degan azaliy qadriyatlarimiz bu yerda unutib qoʻyilganini tushunib yetasiz. Haqiqatan ham, atrof-muhit chiqindilarga toʻlgan. Bu hududda obodonlashtirish ishlari anchadan buyon eʼtibordan chetda qolganligini yaqqol koʻrsatadi.

— Besh qoʻl baravar boʻlmaganidek, hamma ham obodonlashtirish ishlariga bir xil qaramaydi, — deydi 60-uy boshligʻi Feruza Doniyorova. — Kimlardir “dom” oldini tartibga keltirib, supurib-sidirishdan, yerda yotgan chiqindilarni maxsus qutilarga solishdan ham or qiladi. Odamlar uy atrofida yotgan chiqindilarni tozalamas ekan, hech boʻlmasa, uni tashlamaslikka ham oʻrganishi kerak-da. Aholi bilan gaplashsak, “Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati, mahalla qarasin”, deya iddao qilishadi. Buni ham inkor etolmaymiz. Chunki shirkatlar faoliyatidan rozi emasmiz, ular oʻz zimmasidagi ishni yaxshi bajarishmaydi.

Vaholonki, shirkatlar mahallani obodonlashtirish ishlariga masʼul. Mana, bolalar maydonchalaridagi “kachela”larni ham oʻz hisobimizdan oʻrnatdik. Bu borada tegishli tashkilotlarga bir necha marta murojaat qildik. Ammo natijasi boʻlmadi. “Oʻzing uchun oʻl yetim” deganlaridek, shundan soʻng oʻzaro kelishgan holda xonadonlardan pul yigʻib, bolalar maydonchasini har tugul yaxshilashga harakat qildik. Ayrim rahbarlarga arzimagan boʻlib koʻringan bolalar maydonchalari biz uchun, jajji farzandlarimiz, ularning salomatligi uchun juda zarur-da!

Eʼtiborimizni 56-uyga qaratamiz. Uning oldida bolalar maydonchasi bor. Bu quvonarli. Biroq maydoncha atrofi chiqindilarga toʻla, ichkarisi esa botib qolishingiz mumkin boʻlgan darajada loy. Masalaga eʼtibor berilmasa, bu holat qishdan chiqib, yozga yetganda chang-toʻzon, tashlandiq “kichik maydon”ga aylanishi turgan gap.

— Bizni qiynayotgan muammolar koʻp, — deydi 34-uyda yashovchi Natalya Otmetyanova. — Mana, masalan, kvartiram balkoniga daraxt shoxlari tegib turadi, ustiga-ustak, u qurigan daraxt. Bu boʻyicha tegishli tashkilotlarga murojaat qildim. Ammo hali-hamon natija boʻlgani yoʻq. Bundan tashqari, atrofimiz turli ichimliklardan boʻshagan idishlaru chiqindilarga toʻla.

Fuqarolarning aytishicha, koʻp qavatli turarjoylarga oʻrnatilgan kuzatuv kameralarining aksariyati nosoz. Shaxtadan oʻtgan yaroqsiz quvurlarni almashtirish, yertoʻlalarni tartibga keltirish, bir nechta noqonuniy obyektlarni buzib, oʻrniga zamonaviy bolalar oʻyingohlari hamda yashil maydonlarni tashkil etish darkor.

— Qonunchilikda fuqarolar yigʻini atrof-muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, uni obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish masalalari yuzasidan oʻz vakolati doirasida tegishli hududda joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitishi belgilangan, — deydi “Tepaqoʻrgʻon” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Bahodir Abdurahmonov. — Afsuski, bu amaliyot bizning mahallamizda yoʻlga qoʻyilmagan. Oʻz faoliyati boʻyicha profilaktika inspektorlari, shirkat raislari va boshqa idoralar rahbarlari ham fuqarolar yigʻini oldida hisob berishmaydi. Oʻzaro hamkorlikda ish yuritmas ekanmiz, natija kutilganidek boʻlmaydi.

Yana bir gapni aytishim kerak. Maxsus chiqindi punktlari uylardan unchalik uzoqda joylashmagan. Lekin shunda ham ayrim fuqarolar axlatni belgilangan joyga olib bormasdan, uyning shundoqqina yoniga, yoʻlaklaru koʻchalarga tashlab ketishadi. Ularga qayta-qayta tushuntiramiz, ozodalikning ahamiyati haqida gapiramiz. Afsuski, bu zoye ketyapti.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi ONLINE”

Nazarimizda, hududlarni obodonlashtirishda qatʼiy choralarni qoʻllash lozim. Misol uchun, fuqaro belgilanmagan joyga chiqindi tashlasa, albatta, uni ogohlantirish kerak. Agar shunga qaramay, ikkinchi marta tashlaydigan boʻlsa, unga jarima solish zarur. Shunda oʻsha odam bu ishni boshqa takrorlamaydi.

Bolalar maydonchalarini obodonlashtirishda ham muammolar bor. Hozirgi kunda mahallamizdagi 6 ta bolalar maydonchasi taʼmirtalab. Bilasizmi, nega?

Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 22 dekabrdagi qarorida mavjud bolalar maydonchalarini, sport va oʻyin qurilmalarini yalpi xatlovdan oʻtkazish hamda ularni tegishli ravishda uy-joy mulkdorlari shirkatlari yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tasarrufiga berish belgilangan edi. Lekin ushbu vazifa bajarilmay qoldi. Agar mazkur obyektlar maydonlari fuqarolar yigʻinlari tasarrufiga oʻtkazib berilganida edi, vaziyat boshqacha boʻlardi. Yaʼni hududni, albatta, obod qilib qoʻyardik.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi ONLINE”

Yoʻllar haqida ikki ogʻiz soʻz. Koʻchalarning taʼmirtalab ekanligini suv toʻplanib qolgan koʻlmakchalaru loy yoʻllardan ham darrov ilgʻab olish qiyin emas. Mahalla raisining bergan maʼlumotiga koʻra, qariyb 100 kilometr uzunlikdagi ichki yoʻllar taʼmirlanishi kerak. Ularning bugungi holati yoshlarning bogʻcha va maktablarga qatnashlariga, qolaversa, yoshi ulugʻ insonlar uchun ham qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.

Muammo kattami, kichikmi — baribir muammo. Unga oʻz vaqtida yechim topilmasa, u yanada chuqur ildiz otib ketaveradi, odamlarning eʼtirozlari esa ortaveradi.

Bugun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Obod mahalla” dasturini hayotga izchil tatbiq etish maqsadida keng koʻlamli saʼy-harakatlar olib borilayotgan bir paytda, Tepaqoʻrgʻondagi koʻngilni xira qiladigan ana shunday tizimli kamchiliklar, nahotki, tuman mutasaddilari eʼtiborini tortmayotgan boʻlsa?!

Toʻgʻri, mahallada xayrli ishlarga ham qoʻl urilyapti. Buni eʼtirof etish joiz. Lekin biz “Maqtov uxlatar, tanqid uygʻotar” degan naqlga amal qilgan holda, muammolarni ochib berishga, murojaatda keltirilgan masalalarga oydinlik kiritishga urindik. Shunday ekan, tez orada tuman rahbarlari, tegishli tashkilot mutasaddilari uyqudan uygʻonib, maqolamizda koʻtarilgan kamchiliklarga yechim topishiga umid qilamiz. Zero, yaxshisini oshirib, yomonini yashirib yashashdan, “ura-ura” hamda maqtovlar qurshovida qolib, havolanishdan hech qanday maʼno-mantiq yoʻq.

Rahim Sherqulov (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?