Maqsadimiz bitta – korrupsiyaning tub ildizini qir­qish, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligiga erishish

14:16 30 Iyun 2020 Siyosat
308 0

Prezidentimiz Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida jamiyatimizda korrupsiya illati oʻzining turli koʻrinishlari bilan taraqqiyotimizga gʻov boʻlayotganligini alohida taʼkidlab, parlament va Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul boʻladigan alohida organ tashkil etishni taklif etgan edi.

Mana oradan qisqa vaqt oʻtib, davlatimiz rahbari “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi muhim farmonni imzoladi. 

Unga muvofiq, 2020-yilgi Davlat dasturini izchil roʻyobga chiqarish, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, davlat organlari, OAV, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini taʼminlash, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun masʼul boʻlgan maxsus vakolatli davlat organi hisoblanib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi va Oliy Majlis palatalari oldida hisobdor boʻladi.

Farmonda belgilab qoʻyilganidek, Agentlik korrupsiyaga oid, birinchi navbatda, Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga va xalqaro imijiga zarar yetkazuvchi jinoyatlarni tergov qilish natijalarini kompleks tahlil qiladi hamda natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga axborot beradi.

Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul boʻlgan qoʻmitalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining tegishli qoʻmitasi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlarining korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalari bilan hamkorlik qiladi.

Mazkur farmon bilan shuningdek, Agentlikka bir qator huquqlar ham berildi. Xususan;

– jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya masalalari boʻyicha murojaatlarini koʻrib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish;

– davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida korrupsiya holatini oʻrganish;

– korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tizimli korrupsiyaning rivojlanish tendensiyalarini tahlil qilish maqsadida qonunchilik, shu jumladan, jinoyat-protsessual qonunchiligiga muvofiq jinoyat ishlari materiallarini oʻrganish;

–korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar boʻyicha maʼmuriy surishtiruvlar oʻtkazish va boshqa shu kabilar shular jumlasidandir.

Bular hali hammasi emas. Ushbu farmonga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy idoralararo komissiyalari Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi (keyingi oʻrinlarda – Milliy kengash) va uning hududiy kengashlari etib qayta tashkil etilmoqda. Negaki, mavjud idoralararo komissiya ishi oʻz natijadorligini koʻrsata olmadi. Korrupsiyaga qarshi tuzilmalarning bir nechta davlat idoralarida faoliyat koʻrsatishi bir-birining faoliyat va vakolatlarini takrorlasa, ikkinchi jihatdan bitta idorada ham ushbu tuzilma va tergov organining faoliyat yuritishi oʻz-oʻzidan shu organga sudlar faoliyatiga taʼsir etish mexanizmini taqdim etadi, sudlar mustaqilligiga putur yetadi, pirovardida esa odil sudlovni toʻla taʼminlash qiyinlashadi.

Bu esa, aholining odil sudlovga, adolatga ishonchiga taʼsir koʻrsatmay qolmaydi. Shu nuqtayi nazardan korrupsiyaga qarshi kurashuvchi yaxlit davlat idorasi nafaqat korrupsiyaga qarshi kurash, balki, uning oqibatlari, kelib chiqish omillarini bartaraf etish borasida ham amaliy, ham nazariy jihatlarni muvofiqlashtirib boradigan, bu illatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va maʼnaviy tomonlarini ilmga tayangan holda yechim izlaydigan tashkilot sifatida tuzilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi jamiyatda ijtimoiy tengsizlikni yuzaga keltiruvchi, aholini, xalqni olib borilayotgan islohotlarga boʻlgan ishonchini yoʻq qiluvchi, jamiyatda mavjud ijtimoiy munosabatlarda adolatsizlikni vujudga keltiruvchi, aholi oʻrtasida turli xil noroziliklarni keltirib chiqaruvchi korrupsiya ustidan gʻalaba qozonish, mamlakatimizning korrupsiyani rad etadigan va bu borada “nol toqatlilik”ka erishgan davlatlar qatoriga kirishiga erishishga qatʼiy bel bogʻlagan.

Shu boisdan OʻzLiDeP saylovoldi dasturida rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan, parlamentga hisobdor, Prokuratura, IIV, DXXdan mustaqil faoliyat yuritadigan alohida davlat organlari – Korrupsiyaga qarshi kurash va Tergov departamentlarini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Ushbu taklif va mulohazalarning Farmonda oʻz aksini topgani OʻzLiDeP faollari hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi uchun muhim voqelik boʻldi. Sababi korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi. U bilan esa hech qachon koʻzlangan maqsadimizga erisha olmaymiz. Boshqacha aytganda, jamiyatning birorta tarmogʻi rivojlanmaydi.

Xulosa oʻrnida aytganda, korrupsiya davlatning konstitutsiyaviy asoslarini, qonun ustuvorligini zaiflashtiradi, pirovardida, inson huquq va erkinliklarining poymol boʻlishiga olib keladi. Mazkur farmondan koʻzlangan maqsad bitta – korrupsiyaning tub ildizini qir­qish barobarida jamiyatda qonun va adolat ustuvorligiga erishishdir.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?