Maqsad – tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash

13:24 20 May 2020 Iqtisodiyot
110 0

Koronavirus pandemiyasi davrida davlatimiz rahbari rahnamoligida aholi salomatligini muhofaza qilish, global iqtisodiy inqirozni bartaraf etish borasida tezkor chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, bu borada muhim Farmon va qarorlar qabul qilindi.

Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni hozirgi pandemiya bilan bogʻliq jarayonlarda olib borilayotgan ishlarning uzviy davomi boʻldi, desak mubolagʻa emas.

Mikrofirma, kichik korxona, fermer xoʻjaligi, hunarmandlar, yakka tartibdagi tadbirkorlarga imtiyozlar berilishi bilan aholi ish bilan taʼminlanadi va oʻzining daromad manbaiga ega boʻladi.

Shu jihatdan Farmon bilan kichik biznes subyektlari, fermer xoʻjaliklari uchun ijtimoiy soliq stavkasi joriy yil 1-mayidan 1-iyulgacha boʻlgan davrda 12 foizdan 1 foizgacha kamaytiriladi. Buning natijasida 260 mingdan ziyod korxona 650 milliard soʻm mablagʻni tejashga erishadi. Kichik biznes vakillari, yakka tartibdagi tadbirkorlar uch oy davomida yer va mol-mulk soligʻidan ozod etilyapti. Bu esa 50 mingdan ortiq tadbirkorning 300 milliard soʻmni tejab qolishida muhim omil boʻladi. Maqsad bir, u ham boʻlsa, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashdir.

Bundan tashqari, tadbirkorlarga bojxona toʻlovlarini 120 kun muddatgacha kechiktirib toʻlash imkoniyati berilyapti. Bu ham import qilayotgan ishbilarmonlarga katta yordam boʻladi.

Shu bilan birga, 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar soni 2020-yil 1-iyundan boshlab qoʻshimcha 10 foizga oshiriladi. Natijada byudjetdan 200 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilyapti.

Shuningdek, Farmonda mahsulotga nisbatan ichki talabni oshirish ilgari surilgan. Yaʼni fuqarolarimizni qoʻllab-quvvatlash uchun byudjetdan qoʻshimcha 2 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirish nazarda tutilgan. Bularning barchasini Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan barcha hududlarda berilishini taʼminlanishi qayd etilgan.

Bu orqali aholiga oʻz uyida ishlab chiqarishga sharoit yaratib berish, qolaversa, fuqarolarni ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish, oʻzining ish oʻrnini tashkil qilishga erishiladi.

Muxtasar qilib aytganda, mazkur Farmon kichik biznes subyektlari, mikrofirmalar, fermer xoʻjaliklarini rivojlantirishda muhim dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

Odiljon IMINOV,
Oliy Majlis Senati
Byudjet va iqtisodiy islohotlar
masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?