Manti zoʻrmi yo xinkali? Gruziyada Oʻzbekistonning gastronomik turizm taqdimoti oʻtkazildi

09:52 15 Avgust 2019 Jamiyat
54 0

Yaqinda Gruziyaning Tblisi shahrida Oʻzbekistonning gastronomik taqdimoti boʻlib oʻtdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

Tadbirda 1000 nafarga yaqin kishi ishtirok etdi. Taqdimot marosimiga turli millat vakillari tashrif buyurib, ularning orasida gruzin, ozarboyjon, turk, arman, qozoq, rus va arab millatiga mansub kishilarni qayd etish mumkin. Gastronmik taqdimot davomida yigʻilganlarga 1000 ta manti, 500 ta xinkali va 500 kg. palov tayyorlab tarqatildi. Qatnashchilar Oʻzbekistondan olib borilgan shirinliklardan ham bahramand boʻlishdi.

Ayniqsa, Gruziya xinkalisi va oʻzbek mantisi oʻrtasidagi “bellashuv” Tblisi mahalliy aholisi va mehmonlari yodida saqlanib qoladigan boʻldi. Unda bizning manti taomimiz gʻolib boʻldi. Shu bilan birga, tblisiliklar Oʻzbekistonning mashhur milliy taomlaridan tortib to sharqona shirinliklar mazasigacha tatib koʻrishga muvaffaq boʻlishdi. Bundan tashqari, oʻzbek va gruzin xalqining musiqiy chiqishlari yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishlab, barchani raqsga chorladi. Eslatib oʻtamiz, ushbu tadbirlar Toshkent-Tblisi-Toshkent toʻgʻridan toʻgʻri muntazam aviareysining ochilishi sharafiga oʻtkazilmoqda. Mazkur taqdimotni oʻtkazishda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qoʻllab-quvvatlashi barobarida Gruziyadagi oʻzbek diasporasi hamdaOʻzbekistonning Gruziyadagi elchixonasining hissasi katta boʻldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?