Mamlakat poytaxti boshqa shaharga koʻchiriladi

17:31 26 Avgust 2019 Dunyo
266 0

Indoneziya poytaxti Jakarta shahridan Kalimantan orolining janubi-sharqiy qismiga koʻchiriladi. Bu haqda ushbu davlat prezidenti Joko Vidodo maʼlum qildi, deb xabar berdi TASS.

Mazkur maqsadni amalga oshirish uchun 32 mlrd. dollar ajratiladi. Asosiy ishlar 2021-yildan boshlanadi.

Mamlakat rejalashtirish va milliy rivojlanish vaziri Bambang Brojonegoroning qayd etishicha, hukumat tuzilmalarini 2024-yilgacha yangi poytaxtga koʻchirib oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Kalimantan seysmik jihatdan xavfsiz hududda joylashgan. Bu 18 ming oroldan tashkil topgan dunyodagi eng yirik Indoneziya arxipelagi uchun oʻta dolzarbdir.

Hozirgi poytaxt shahar infratuzilmasi sust rivojlanganligi tufayli jiddiy muammolarni boshdan kechirmoqda.

Uber kompaniyasi tadqiqotlariga koʻra, Jakartadagi haydovchilar yilning 22 kunini “probkalar”da oʻtkazar ekan. Bu Osiyodagi eng katta “koʻrsatkich”dir. Qolaversa, Inrix kompaniyasi hisobotida ushbu shahar dunyodagi eng tigʻiz megapolislar reytingida 12-oʻrinni egallagan.

Bloomberg esa Jakarta deyarli choʻkib ketayotgani, sababi uning beshdan ikki qismi dengiz sathidan pastda joylashganini qoʻshimcha qilgan. Koʻp sonli tirbandliklar tufayli bir yilda mehnat unumdorligiga qariyb 7 mlrd. dollar zarar yetkazilyapti.

Vidodo poytaxtning koʻchirilishi arxipelagda daromadlar notengligini bartaraf etishga koʻmak beradi deb oʻylaydi. Yava oroli aholisi Indoneziya aholisining 60 foizini tashkil etadi va mamlakat YAIMning 58 foizga yaqinini taʼminlaydi.

Kalimant aholisi esa umumiy nufusning 5,8 foizini tashkil etadi va yalpi ichki mahsulotning 8,2 foizini yetkazib beradi. orolda zamonaviy aeroportlar va yaxshi yoʻllar, toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyat mavjud. Rasmiylar zamonaviy, aqlli va yashil shahar qurishmoqchi. U yuz yillar davomida mamlakatga poytaxt sifatida xizmat qiladi.

Jakartaga keladigan boʻlsak, u yashash va rivojlanishda davom etadi. Uning aholisi 2030-yilga kelib 35,6 mln. kishiga yetishi kutilyapti. Natijada u dunyoning eng tigʻiz aholiga ega shahriga aylanishi mumkin. Shahar mamlakatning asosiy savdo markazi boʻladi. Suv masalasi haqida gap ketganda, rasmiylar katta toʻlqinlar yoʻlini toʻsish uchun bahaybat devor qurishmoqchi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?