Maktabning oʻquvchilarni qabul qilish quvvatiga nisbatan 1,5 - 2 barobar oshib ketgan. Masala qanday hal etiladi?

17:01 24 Aprel 2019 Jamiyat
541 0

Sir emas, poytaxtimizning Sergeli tumanida har yili yuzlab koʻp qavatli uylar qurilyapti. Tabiiyki, turarjoylar qurib bitkazilgach, fuqarolar oʻz oila aʼzolari, farzandlari bilan koʻchib kelishadi.

Mazkur jarayonda fuqarolarni bir jihat qiziqtirishi tayin. Yaʼni bunyod etilayotgan uylar atrofida ijtimoiy obyektlarning boʻlishi!

Fuqarolarda oʻquvchi-yoshlarni maktablarga joylashtirish ishlari qanday hal etiladi? Yangi massivlarda maktablar barpo qilinadimi? degan savollar tugʻilmoqda.

Ha. Bu boradagi ishlar tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda bosqichma-bosqich hal etilyapti. 2019 yilda tumanimizda 172 ta koʻp qavatli uylarning qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu turarjoylar 7702 ta xonadondan iborat boʻlib, ularga 31580 nafardan ortiq fuqarolarning koʻchib kelishi kutilmoqda.

Bundan avvallari, misol uchun, 2017 yilda tumanning 6-A massivida jami 66 ta koʻp qavatli uylar qurilgan boʻlsa, unga parallel ravishda 630 quvvatga ega boʻlgan zamonaviy 55-sonli umumtaʼlim maktabi ham qurilgan edi. Hozirgi kunda ushbu maktabda jami 841 nafar oʻquvchi taʼlim olmoqda.

Oʻtgan yilda esa tumandagi 5-A va 7-A mavzelarida qurilgan koʻp qavatli uylarga koʻchib kelgan fuqarolarning maktab yoshidagi farzandlari 8, 284, 285, 300, 301, 304, 317-maktablarga joylashtirildi.

Ammo tumandagi 300-maktabda taʼlim olayotgan oʻquvchilar soni quvvatiga nisbatan 1,5 barobar oshib ketishi kuzatildi. Shu sababli oʻtgan yili tumanimizdagi Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litsey binosi 300-maktabning balansiga oʻtkazib berildi.

Bu yil esa, Choshtepa mahallasi hududida 66 ta koʻp qavatli uylar qurilib, foydalanishga topshiriladi. Bu 4032 ta xonadonga 16 mingdan ortiq fuqarolarning koʻchib keladi, degani. Qolaversa, 10, 11-sinflar tashkil etilganligi munosabati bilan 267, 303-maktablarda quvvatiga nisbatan oʻquvchilar soni keskin (267-maktabda 1,5 koeffitsient, 303-maktabda 2,2 koeffitsient) ortib ketgan. Shu bois joriy yilda mazkur maktablarda Investitsiya dasturi asosida 360 oʻrinli qoʻshimcha bino qurib beriladi.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda tumanda qurilayotgan koʻp qavatli uylarning 2-uchastkasida 2 ta hamda 8 va 9-uchastkasida 1 tadan quvvati 1500 oʻquvchiga moʻljallangan yangi maktablar qurish ishlariga start berildi.

Gap shundaki, kecha Xalq taʼlimi vaziri Sh. Shermatov, Sergeli tumani hokimi N. Husanov va Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi boshligʻi A. Mamadjonovlar yangi maktablarning qurilishiga tamal toshini qoʻyib berdilar.

Bu yangi uylarga koʻchib kelayotgan ota-onalarning xavotirlariga javob boʻladi va oʻquvchi-yoshlarni maktablarga joylashtirish masalasi ijobiy hal etilishidan dalolat beradi.

Jamshid AKBAROV, Sergeli tumani hokimligi matbuot xizmati xodimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?