Mahmud Muradovning UFCdagi ikkinchi jangi muddati va raqibi aniq boʻldi

12:31 08 Noyabr 2019 Sport
256 0

Aralash jang sanʼati (MMA) boʻyicha oʻrta (-84 kg) vazn toifasida oktagonga chiqib kelayotgan oʻzbekistonlik Mahmud Muradov (23-6, 14 KO) UFCdagi ikkinchi jangini AQSHda oʻtkazadigan boʻldi. Bu haqda GoSport.uz xabar bermoqda.

Maʼlum boʻlishicha, Mahmud Muradov MMAning eng nufuzli turniri boʻlgan UFCdagi ikkinchi jangida amerikalik Trevor Smitga (15-9, 10 KO) qarshi ringga chiqadi. Jang 7 dekbar kuni AQSH poytaxti Vashington shahridagi “Capital One” arenasida boʻlib oʻtadi. Mazkur jang UFC on ESPN 7 turniri doirasida tashkil etiladigan MMA kechasida boʻlib oʻtadi.

Aslida Trevor Smit yarim ogʻir (-93 kg) vazn toifasi vakili Alonso Menfildga (9-0, 9 KO) qarshi ringga chiqishi lozim edi, ammo bu jang bekor qilingan va Menfild oʻrniga Mahmud Muradov Smitga raqiblik qilish boʻyicha kelishuvga erishgan.

Maʼlumot uchun, 38 yoshli Smit jiu-jitsu sporti ustasi sanaladi. U MMAda oʻtkazgan 24ta jangining faqat bittasida raqibini nokaut evaziga magʻlubiyatga uchratgan. Yana 8ta jangida usul yordamida muddatidan oldin gʻalaba qozongan. UFC musobaqalarida 11-marta oktagonga koʻtarilib, 5ta gʻalaba va 6ta magʻlubiyatni oʻz hisobiga yozib qoʻygan.

Eslatib oʻtamiz, Mahmud Muradov UFCdagi debyut jangini 28-sentyabr kuni oʻtkazgandi. Daniya poytaxti Kopenhagenda UFC Fight Night 160 turniri doirasida u italiyalik Alessio di Kirikoga (12-4, 9 KO) qarshi oktagonga chiqib, uch raund yakunlariga koʻra, ochkolar hisobida gʻalaba qozongandi.

Taʼkidlab oʻtish joiz, Mahmud Muradov UFC bilan toʻrtta jangga shartnoma imzolagan. Jangdagi natijalarga qarab bu muddat yana uzaytirilishi mumkin boʻladi. U mazkur nufuzli turnirda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritgan ilk oʻzbekistonlik sportchi sifatida tarixda qoldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?