Madhiya kuylash burchmi yoki majburiyat? Vazir oʻrinbosari munosabat bildirdi 

11:30 29 Oktyabr 2019 Siyosat
985 0

Oʻzbekiston taraqqiyoti hamda barqarorligida Davlat ramzlarining oʻrni beqiyos. Vatanimiz bayrogʻi, gerbi, madhiyasi - katta bir darslik, kuchli tarbiya vositasidir. Insoniyat tarixida Vatan ramzlari doimo gʻurur va iftixor, ulugʻ va muqaddas sanalganki, ular uchun odamlar jonlarini fido qilganlar. Ular fuqarolarni bir maqsad yoʻlida birlashishga undagan. Davlat ramzlari hamisha muqaddas hisoblangan. Chunki ular millatning tarixi, buguni va kelajagini oʻzida aks etgan Vatanning yorqin timsolidir.

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijro etilishi boʻyicha tavsiyasi bugun jamiyatimizda vujudga kelgan maʼnaviy ehtiyojni oʻz vaqtida qondirishga qaratilgandir. Oʻsib kelayotgan yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirishda maʼnaviyat oʻchoqlari, ziyo maskani boʻlmish – maktablarning ahamiyati juda katta ekanligi bu bugungi kun haqiqatidir.

Jamiyatning barcha aʼzolarini yagona bayroq ostiga birlashtiruvchi vositalar bor. Oʻzbekiston madhiyasi ham ana shunday asosiy va birlamchi vositalardan biri sanaladi.

Bugun koʻplab mamlakatlarda davlat madhiyasi aynan maktabdan boshlab oʻrgatiladi va kuylanadi.

Masalan, Turkiya Respublikasida maktablarda mashgʻulotlar davlat madhiyasini kuylash va davlat bayrogʻini koʻtarish bilan boshlanadi, Hindistonda esa har kuni soat 9:00 da oʻquvchilar saf tortishib davlat madhiyasini kuylashadi va davlatga sodiqligi boʻyicha qasamyod qilishadi.

Qoʻshni Qozogʻiston Respublikasining sharqiy va gʻarbiy hududlaridagi davlat maktablarida bir necha yillardan buyon mashgʻulotlar oʻquvchilarning joʻr boʻlib madhiya kuylashidan boshlanadi.

Kanada milliy madhiyasi har kuni barcha davlat maktablarida va koʻplab xususiy maktablarda, shuningdek bolalar bogʻchalarida yangraydi. Bolalar tik turgan holda madhiyani kuylashi yoki tinglashi mumkin.

Xitoy Xalq Respublikasida har dushanba kuni soat 8:00 da oʻquvchilar stadionga davlat bayrogʻini tantanali koʻtarish marosimiga saf tortib, milliy madhiyani kuylashadi.

AQSHda aksariyat maktab va bolalar bogʻchalarida har kuni davlat va shtat bayrogʻini koʻtarish boʻyicha tantanali tadbir boʻlib oʻtadi, tadbir jarayonida davlat madhiyasini aytish majburiy boʻlmasada, oʻquvchilar madhiya kuylashadi, ayrim shtatlarda esa bayroqqa sodiqlik boʻyicha qasamyod ham oʻqishadi. 2005-yilda Musiqiy taʼlim milliy assotsiatsiyasi maktablarda vatanparvarlik qoʻshiqlarini keng tarqatish maqsadida “Milliy madhiya” loyihasini amalga oshira boshladi, ushbu kampaniyani oʻtkazishga asosiy sabab ijtimoiy soʻrovnomalar natijasida 61% amerikalik milliy madhiyaning barcha soʻzlarini bilmasligi aniqlanganligi boʻldi.

Rossiya Federatsiyasining koʻplab regionlarida mashgʻulotlar oldidan oʻquvchilar davlat madhiyasini kuylashadi va bu jarayonni fuqarolar oʻquvchilarning madhiya matnini bilishiga kafolat hamda vatanparvarlik tuygʻusini singdirishning eng goʻzal namunasi deb bilishadi.

Yaponiyada ham garchi madhiya aytish majburiy boʻlmasada ayrim maktablarda mashgʻulotlar boshlanishidan avval davlat bayrogʻi milliy madhiya sadolari ostida koʻtariladi. Albatta, bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin.

Oʻquvchilar ongiga vatanparvarlik tuygʻularini singdirish - Davlat madhiyasini kuylatish bilangina cheklanmaydi, taʼlim-tarbiya jarayonida koʻplab boshqa vositalar va usullar qoʻllaniladi. Ammo, Davlat ramzlariga hurmat vatanparvarlik tarbiyasining poydevori hisoblanadi.

Dilshod Kenjayev, Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?