Loyiha boshqaruvi milliy agentligi hamda Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi

18:49 19 Mart 2019 Jamiyat
308 0

Foto: LBMAning matbuot xizmati.

Koreya Respublikasining Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vaziri oʻrinbosari janob Yun Jong In boshchiligidagi delegatsiya 18-19 mart kunlari Oʻzbekistonda rasmiy tashrif bilan boʻldi. Bu haqda “Xalq soʻzi ONLINE”ga LBMAning matbuot xizmati xabar berdi.

Delegatsiya vakillari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Moliya vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasida uchrashuvlarda ishtirok etdilar.

Agentlikdagi uchrashuvda mehmonlar Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar darajasini yuqori baholadilar hamda mamlakatlar oʻrtasida har tomonlama strategik hamkorlikni rivojlantirish oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashini alohida taʼkidladilar, Oʻzbekistonda elektron hukumatni rivojlantirish doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning miqyosi hamda sifatiga, axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda 195 turdagi xizmatlar taqdim etilayotganiga toʻxtalib oʻtdilar. Uchrashuv qatnashchilari elektron hukumatni rivojlantirish sohasidagi Oʻzbekiston — Janubiy Koreya munosabatlarining holati, ushbu sohadagi yangi qoʻshma loyihalar va dasturlarni amalga oshirish boʻyicha fikr almashdilar.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi hamda Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligi oʻrtasida oʻzaro ilgʻor tajribalarni almashish, qoʻshma tadqiqotlar, korporativ hamkorlikni olib borish hamda Oʻzbekistonda Maʼlumotlar markazini tashkil etishda texnik koʻmak koʻrsatishni oʻz ichiga olgan oʻzaro anglashuv memorandum imzolandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi rahbariyati bilan oʻtkazilgan uchrashuvda tomonlar Oʻzbekiston va Janubiy Koreyada pensiya taʼminoti hamda davlat xaridlari sohasida toʻplangan tajribani muhokama qilib, mavjud institutsional mexanizmlarga eng ilgʻor yechimlarni joriy qilish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasida Janubiy Koreya delegatsiyasi ekspertlari eksportni oshirish va kichik hamda oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan soliq siyosati boʻyicha oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.

Bundan tashqari, 19 mart kuni Koreya Respublikasi delegatsiyasi tashrifi doirasida “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish Markazi hamda Koreya Respublikasi Davlat boshqaruvi va xavfsizligi vazirligi tomonidan birgalikda tashkillashtirilgan “Elektron hukumat: taraqqiyot istiqbollari” oʻzbek — koreys forumi boʻlib oʻtdi.

Forum ishida koreys delegatsiyasi vakillari, Agentlik, tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari, taʼlim muassasalari, “Mirzo Ulugbek Innovation Center” (MUIC) axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etishni qoʻllab-quvvatlash Innovatsion markazining 100 ortiq vakillari qatnashdilar.

Tadbir doirasida seksiya majlisi ham boʻlib oʻtdi.

Maʼlumot uchun: Janubiy Koreya elektron hukumatning rivojlanish darajasi boʻyicha dunyo mamlakatlari xalqaro reytingida yetakchi oʻrinni (3-oʻrin) egallaydi. Mazkur reyting Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan dunyodagi 193 davlatda fuqarolarga davlat xizmatlarini taqdim etishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT)dan foydalanish boʻyicha milliy davlat tuzilmalarining tayyorligi va ularning imkoniyatlarini baholash natijalariga koʻra eʼlon qilinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?