“Le Figaro”, “Agence France-Presse”, “France24”, “La Croix”... Fransiya matbuotida bosh mavzu — Oʻzbekiston!

13:48 11 Oktyabr 2018 Siyosat
316 0

Prezidentimizning Fransiya Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifiga jahonning nufuzli ommaviy axborot vositalari katta eʼtibor qaratdi.

Jumladan, ushbu mamlakatdagi mashhur, 1826 yildan beri chop etiladigan yirik nashr — “Le Figaro” gazetasida yozilishicha, Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga ilk tashrifi samarali boʻldi. “Tashrif arafasida umumiy qiymati 5 milliard yevroga yaqin investitsiya loyihalari boʻyicha kelishuvlar imzolandi. Ular orasida “Total”, “Vinci”, “Suez”, “Thales Alenia Space”, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Fransiya taraqqiyot agentligi kabi yetakchi kompaniyalar, moliyaviy tuzilmalar borligi diqqatga molik”, deya qayd etiladi “Le Figaro”da.

“Agence France-Presse” axborot agentligi muhim voqeaga tayyorgarlik jarayoni, uning ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi ahamiyati, Oʻzbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, mamlakatimizning savdo-iqtisodiy salohiyati, yurtimiz iqtisodiyotiga sarmoya kiritish imkoniyatlari haqida hikoya qiluvchi koʻplab maqola, reportaj, yangiliklar va intervyular taqdim etdi. Ulardan birida Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kirishganidan buyon Yevropa qitʼasiga birinchi rasmiy tashrifini amalga oshirgani alohida taʼkidlanadi. Mamlakat tashqi siyosatidagi bunday ochiqlik Markaziy Osiyo uchun ham oldinga tashlanayotgan qadam sifatida baholanmoqda, deydi jurnalist.

“32 milliondan ziyod aholiga ega respublika Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Gʻarb bilan aloqalarini yaxshilashga, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilishga intilmoqda”, deyiladi agentlik xabarida.

Fransuz, ingliz, ispan va arab tillarida efirga uzatiladigan “France24” telekanali davlatimiz rahbarining “koʻhna qitʼa”ga ilk rasmiy tashrifi bilan bogʻliq lavhalarni havola qildi. “Oʻzbekiston fransiyaliklarga vizasiz kirish imkoniyatini taqdim etdi” — yangiliklardan birida shunga alohida urgʻu berildi. Unda yurtimizning boy madaniy merosi, bugungi kundagi islohotlar haqida soʻz yuritilib, fransiyaliklar mazkur jihatlarga qiziqishi aytiladi.

“Fransiya fuqarolari Yevropa ittifoqi tarkibidagi mamlakatlar orasida birinchi boʻlib Oʻzbekistonga vizasiz borish imkonini qoʻlga kiritdi. Endilikda ular 30 kun davomida bu yerda emin-erkin yurishlari mumkin. Turizmni rivojlantirish Oʻzbekistonda davlat tomonidan ustuvor vazifa sifatida belgilangan va bu taraqqiyotga xizmat qiladigan sohadir”, deyiladi axborotda.

Yuz mingdan ziyod nusxada chop etiladigan “La Croix” gazetasida esa Oʻzbekistondagi yangilanishlarga “toza havo kirib keldi”, deya taʼrif berildi.

“Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida faoliyatini boshlaganidan soʻng keyingi ikki yilda jiddiy islohotlarni amalga oshirdi.

U oʻz maʼmuriyatini qayta tashkil etdi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatini tartibga keltirdi, majburiy mehnatga barham berdi, eng muhimi, tashqi siyosatda ochiqlikni taʼminlab, qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshiladi. Natijada bu mamlakatdagi koʻplab sohalar qatori turizmni rivojlantirishga ham turtki bermoqda. Bu kabi islohotlar Gʻarbda qoʻllab-quvvatlangani uchun ham Parijga tashrif muhim ahamiyatga ega boʻldi”, deyiladi gazetada.

“LʻEnergeek” jurnalida “Oʻzbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalariga eʼtibor qaratmoqda” sarlavhali material eʼlon qilindi. “Mamlakatda yilning 320 kunida quyosh charaqlab turadi. Jahon banki hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbekistonning qayta tiklanadigan energiya manbalaridagi salohiyati 98,5 foizni tashkil etadi. Bu juda yuqori koʻrsatkichdir”, deydi mutaxassislar.

Iqtisodiy yoʻnalishdagi yirik nashrlardan biri — “abcbourse” portali ikki davlat rahbarlarining uchrashuviga atroflicha toʻxtalib, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning soʻzlaridan iqtibos keltiradi: “Biz Oʻzbekiston bilan har tomonlama hamkorlikdan manfaatdormiz. Suv resurslarini boshqarishda “Veolia” va “Suez”, turizm sohasida “Bouygues”, quyosh energiyasi yoʻnalishida “Total” kabi kompaniyalar bilan imzolangan kelishuvlar shundan darak beradi”.

Fransuz tilidagi yana bir yirik nashr — “LʻOpinion” gazetasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi munosabati bilan Yevropada istiqbolli tahlil va xavfsizlik instituti prezidenti Emmanuel Dyupyui bilan suhbat uyushtirildi. Unda Oʻzbekistonning afgʻon muammosini hal etish boʻyicha tashabbuslari alohida eʼtirof qilingan.

AQSHning “The State” gazetasidagi “Oʻzbekiston yetakchisi ilk bor Yevropa ittifoqi mamlakatiga tashrif buyurdi” sarlavhali maqola ham tahlilga boy. Unda aytilishicha, Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari Markaziy Osiyo mintaqasida yangi ijobiy muhitga asos boʻlmoqda.

Ispaniyaning nomdor “Lavanguardia” gazetasida ham Oʻzbekiston yetakchisining Fransiyaga tashrifiga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, unda shunday deyiladi: “Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makron bilan muzokaralarga qadar bir qancha samarali uchrashuvlar oʻtkazdi. Parij shahridagi YUNЕSKO bosh qarorgohida ushbu tashkilot Bosh direktori Odri Azule bilan muloqot qildi. Uning yakunida Oʻzbekiston bilan YUNЕSKO oʻrtasida2018 — 2021 yillarga moʻljallangan qoʻshma Harakatlar rejasi qabul qilindi. Mazkur hujjat munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan. Davlat rahbari, shuningdek, Fransiya Senati Raisi Jerar Larshe bilan uchrashdi. Fransiya Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 60 yilligi munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev parlament rahbariga oʻzbek va fransuz tillarida chop etilgan Fransiya Konstitutsiyasining ilk nusxasini sovgʻa qildi”.

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga rasmiy tashrifi, shuningdek, “La diplomatie”, “The Telegraph”“Washington Post” va boshqa nomdor nashrlarda ham keng yoritildi.

Anvar MIRZAYEV, (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?