Labihovuz majmuasi qay tariqa bunyod boʻlgandi?

11:57 04 Oktyabr 2019 Madaniyat
260 0

... Rafiqasining toʻy marosimidan mayus holda qaytishi Nodir Devonbegining koʻnglini choʻktirdi.”Farzandsizlik qursin.Bizdan keyin chirogʻimizni kim yoqadi? Bizdan keyin kim, nima qoladi?”, degan iztirob girdobida qoldi.Unsiz savollar oʻz davrining donishmandi sanalgan bu amaldor insonga tun boʻyi uyqu bermadi.Erta tongda turib, bisotidagi gavhar shamchiroqni sotgani olis safarga joʻnadi...

Buxoroga qaytgach, nomdor usta – meʼmorlarni toʻplab, Koʻkaldosh madrasasi oldida hovuz, xonaqoh va madrasa barpo etishni buyurdi.Shu tariqa 1620-yilda shahardagi eng katta hovuzlardan biri Labihovuz bunyod qilindi.Xonaqoh va madrasa qurilishi ham poyoniga yetgach, bu goʻsha soʻlim Labihovuz majmuasiga aylandi.

-Madrasada oʻz davrida yuzlab ilmi toliblar tahsil olishgan,-deydi BuxDU professori, tarix fanlari doktori Shodmon Hayitov.- U yurtga maʼrifatparvar insonlarni yetishtirib beruvchi maskanga aylangan.Majmuaga kelsak, ajoyib meʼmoriy yechim bu goʻshaga salobat va goʻzallik baxsh etgan.Qadimiy hovuz, asrlarga tengdosh daraxtlar, koʻhna obidalar, odamlar bilan qaynoq hayot- bularning barchasi majmua jozibasiga joziba qoʻshib turibdi.

--- Salkam toʻrt asrdirki, Labihovuz buxoroliklar va shaharga tashrif buyuradigan mehmonlarning suyumli goʻshalari boʻlib kelmoqda,--- deydi yana bir suhbatdoshimiz,Buxoro davlat muzey – qoʻriqxonasi tarix ilmiy boʻlimi mudiri Oʻktamali Ravshanov.- Har yili Buxoroga bir million nafardan ziyod mahalliy va xorijiy sayyoh keladi. Ular qadimiy shahrimizning diqqatga sazovor joylari qatorida soʻlim Labihovuzni ham tomosha qilmasdan ketishmaydi.Bu goʻsha shahrimizning tashrif qogʻoziga aylangan, desak xato qilmaymiz.

Darhaqiqat, Labihovuz barchani oʻziga ohanrabodek tortadi.Ayniqsa, bahor, yoz, kuzda u sayyohlarning suyumli maskaniga aylanadi.Tun yarmiga qadar miriqib sayr qilib yurgan sayyohlarni, ingliz, fransuz, nemis, ispan, yapon, koreys tillarida soʻzlashib yurgan mehmonlarni har qadamda uchratish mumkin.Bu yurtimizdagi tinchlik – osoyishtalik, ajdodlar merosi koʻz qorachigʻidek asrab – avaylanayotgani sharofati,albatta.

Darvoqe, afsonalarga oʻxshab ketadigan voqeaning davomini eshiting. Keyinchalik Samarqandda ham muhtasham inshootlar barpo etgan Nodir Devonbegi farzandsizlikdan iztirob chekkan rafiqasini sokin Labihovuz boʻyiga chorlab, “Bizdan kelajakka mana shu goʻzal majmua qoladi” degan ekan.

Ha, insoniyat aql – zakovatini lol etadigan ezgu ishlar biz uchun otamerosdir.

Istam IBROHIMOV,

(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?