“La Repubblica”: Dunyodagi eng qadimgi guruch Oʻzbekistonda yetishtirilganmi?

19:22 26 May 2020 Dunyo
611 0

Italiyaning eng koʻp oʻqiladigan gazetalaridan biri “La Repubblica”da ana shunday sarlavha ostida maqola chop etildi. Unda Oʻzbekiston hududida olib borilgan arxeologik qazishma ishlari natijalariga koʻra qadimgi davrda mintaqada turli va murakkab qishloq xoʻjaligi tizimi mavjud boʻlgani haqida soʻz yuritiladi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Xitoy Fanlar akademiyasining paleontologiya va umurtqali hayvonlarning paleoantropologiyasi instituti, Madaniy meros kolleji va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti mutaxassislari Amudaryoning shimoliy qirgʻogʻida bronza asridan boshlab arab istilosi davriga oid 11 ta obyektda qazishma ishlarini oʻrganish paytida guruch qoldiqlarini topishgan, deb yozadi maqola mualliflari “Science China: Earth Science” jurnaliga tayanib.

Olimlarning taxmin qilishicha, radiouglerod ilmiy tekshiruvlar tahliliga koʻra topilma eramizdan avvalgi 236-194-yillarga toʻgʻri kelmoqda va bu sana yer yuzida guruch yetishtirishning ilk boshlangʻich davriga toʻgʻri keladi.

“Arxeobotanika, mahalliy arxeologik hujjatlar va qazilma yodgorliklarning sanalarini aniqlash usullari bilan solishtirish orqali biz Gʻarbiy Osiyoda guruchning tarqalishi va Buyuk Ipak yoʻli boʻyidagi Sharqiy va Gʻarbiy sivilizatsiyalar oʻrtasidagi oʻzaro almashinuvga oid isbot-dalillar taqdim eta oldik. Shu tariqa uzoq vaqtdan buyon arxeologlar, biologlar va qishloq xoʻjaligi xodimlari uchun jumboq boʻlib kelayotgan global savollarga javob topildi”, deya Xitoy Fanlar akademiyasi olimi Li Syaosyandan iqtibos keltiradi mualliflar.

Mutaxassislarning fikricha, arxeologik topilmalar ushbu zaminda turli va murakkab qishloq xoʻjaligi tizimi shakllanganidan darak beradi. Bu yerda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari butun Osiyo boʻylab keng tarqalgan.

“Masalan, Xolchayon guruchi “yapon” guruchi nomi bilan tanilgan navga mos keladi va arxeologik qazilmalar paytida topilgan oʻsha davrdagi sholi ekini qoldiqlariga oʻxshaydi. Ushbu guruchning tarqalish miqyosi Janubiy Xitoy va Shimoli-gʻarbiy Hindistonda kuzatiladi. Ushbu taxminlar Markaziy Osiyo guruchlari Janubiy Osiyodan tarqalganidan darak beradi“, davom ettiradi L.Syaosyan.

Maqolada ushbu kashfiyot katta ahamiyatga ega ekani taʼkidlanadi. Shuningdek, Janubiy Himolay togʻlari boʻylab yoʻnalishlarda ilk qishloq xoʻjaligi ekinlarini almashinuv jarayoni, gʻallaning Gʻarbga tomon tarqalishi va Sharq aholisining taomnomasidagi ushbu asosiy oziq-ovqat mahsuloti xususiyatlari haqida bilimimizni yana-da chuqurlashtirishga imkon beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?