Kripto-aktivlar aylanmasi sohasini tartibga solish boʻyicha qonunchilikka qoʻshimchalar kiritildi

04:06 23 May 2020 Siyosat
63 0

Bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar hayotimizning barcha jabhalariga jadal kirib kelmoqda. Xususan, moliyaviy xizmatlar sohasida ushbu jarayon ayniqsa yaqqol koʻzga tashlanyapti. Onlayn toʻlovlar, elektron pullar, mobil toʻlov tizimlari bilan bir qatorda kripto-aktivlar sohasi ham kengayib bormoqda.

Taʼkidlash joiz, kripto-aktivlar zamonaviy texnologiyalarga asoslangan toʻlov va hisob-kitob tizimi hisoblanadi. Bunda mablagʻlar banklar yoki boshqa turdagi vositachi tashkilotlar ishtirokisiz bir foydalanuvchidan ikkinchi foydalanuvchiga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazilishi mumkin. Kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish va saqlash, kripto-aktivlarni yaratish bilan bogʻliq jarayonlar toʻliq avtomatlashtirilgan boʻlib, maʼlumotlarning markazlashmagan tartibda blokcheyn tizimida saqlanishi ularning ishonchlilik darajasini himoyalaydi.

Mamlakatimizda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat Prezidentimizning 2018-yil 3-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2018-yil 2-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari bilan huquqiy jihatdan tartibga solinib kelinmoqda.

Mazkur qarorlarga asosan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi vakolatli davlat organi etib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi belgilangan.

Joriy qonunchilikka koʻra, barcha turdagi pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha talablarni bajarishlari lozimligi belgilab berilgan. Biroq, ayni vaqtda mazkur tashkilotlar roʻyxatiga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar kiritilmagan.

Qonunchilik palatasining 2020-yil 19-may kuni boʻlib oʻtgan majlisida deputatlar tomonidan “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasiga qoʻshimcha kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.

Qonunga pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar qatoriga kripto-aktiv aylanmasi sohasida faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni ham kiritishga oid norma kiritildi.

Taʼkidlash lozimki, kripto-aktivlar aylanmasi sohasini tartibga solish turli davlatlarda turlicha amalga oshirilmoqda. Koʻpchilik ilgʻor davlatlarda kripto-aktivlar moliyaviy aktivlar sifatida tan olinib, fuqarolik munosabatlarida keng qoʻllanilishiga ruxsat berilgan.

Mazkur qonunning qabul qilinishi kelgusida mamlakatimizda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi shaxslarga nisbatan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining talablarini bajarish majburiyatini yuklash imkonini beradi.

Shuningdek, kripto-aktivlar aylanmasi sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi shaxslar uchun ichki nazorat qoidalarini qabul qilish va tasdiqlashga huquqiy asos yaratadi hamda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasidagi xalqaro hujjatlarning talablarini toʻliq bajarishga zamin yaratadi.

Hazratqul XOʻJAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?