Korrupsiyaga qarshi kurashning muhim omili unga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlishdir

19:55 01 Iyul 2020 Siyosat
224 0

Har bir davlat zimmasidagi majburiyatlarini sidqidildan ado etar ekan, avvalo oʻz himoyasida boʻlgan xalqining, har bir insonning Konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash va ularni himoya qilish yoʻlida barcha choralarni koʻradi.

Ayrim davlat organlari tomonidan oʻz zimmasidagi vazifa va funksiyalarini bajarishida hali-hanuz saqlanib qolayotgan byurokratiya holatlari, davlat xizmatlarini koʻrsatishdagi sansalorlik, insonlarning dardu tashvishiga boʻlgan beparvolik va befarqlikning oʻzi korrupsiyaga oid turli omillardan ayrimlari hisoblanadi.

Biz oʻz huquqlarimiz va majburiyatlarimizni bilib-bilmasdan oʻz erkinliklarimiz va qonuniy manfaatlarimizga nisbatan eʼtiborsizligimiz oqibatida shaʼnimiz va qadr-qimmatimizni xavf-xatarga qoʻyamiz… Afsuski, oʻzimizning bunda hissamiz bor, doimo “biron-bir manfaatga” hammadan oldin oʻz toʻgʻri yoʻlimizga ishonib, halollik tuygʻularimizni choʻntagimizda unutib qoldirib erishishni istaymiz, boshqalarni ham shunga undaymiz, essiz - mana shu tushunchalarning barchasi korrupsiyaga oid xavf-xatarlar ekanligini anglamaymiz baʼzida.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qoʻyishga qaratilgan keng koʻlamli va tarixiy islohotlar izchil amalga oshirilayotganiga guvoh boʻlyapmiz.

Yurtimizda byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish va “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirishga qaratilgan keng koʻlamli choralar koʻrilayotgani hamda korrupsiyaga qarshi umumdavlat miqyosidagi kechiktirib boʻlmaydigan ishlar amalga oshirilayotganligi tufayli “korrupsiyasiz soha”, “halollik vaksinasi”, “maqbul ish haqi”, «komplayens-nazorat» kabi yangi tushunchalar har bir insonning ongu shuuriga mustahkam joylashib qoldi.

Ammo, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini tubdan oshirish boʻyicha belgilangan vazifalar korrupsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning taʼsirchan tizimini yaratish zarurati bugun sohada amalga oshirilayotgan ezgu ishlarda fuqarolik jamiyati barcha kuchlarining daxldorlik bilan ishtirokini talab qilmoqda.

Kuni kecha, Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Farmonni imzoladi, unga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha mutlaqo yangi siyosiy formatdagi organi tuzildi.

Bir qarashda, tuzilgan Agentlikning tashkiliy-huquqiy maqomi vazirliklar va davlat qoʻmitalari doirasi kabi belgilangandek. Biroq, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishgandan soʻng imzolagan ilk qonun hujjati “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ekanligini hamda Oliy Majlis palatalariga shu yil yanvardagi Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakolatli organ tuzilishi lozimligi toʻgʻrisidagi tarixiy daʼvatlarini inobatga olsak, bunday Agentlikning tuzilishi jamiyatimizning asrlardan beri kutgan ezgu niyatlari ushalganligidan dalolatdir.

Darhaqiqat, avvalo Agentlikka hech bir davlat organiga yuklatilmagan alohida vazifa – har yili Prezident va Oliy Majlis tomonidan koʻrib chiqiladigan Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida har yillik milliy maʼruzani tayyorlash vazifasi yuklatilmoqda. Bunday maʼruza nazarimda, bir tomondan davlatning Oliy ijroiya va Oliy vakillik organi oldidagi hisoboti boʻlsa, ikkinchi tomondan xalqning oʻz kelajagiga va davlatiga boʻlgan ishonchi darajasidir.

Farmon bilan mazkur organga birinchi navbatda, Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga va xalqaro imijiga zarar yetkazuvchi jinoyatlarni tergov qilish natijalarini kompleks tahlil qilish yuklandi. Bunday tahlil natijalarini tayyorlash va korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida jamiyat va davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning toʻliq qoplanilishiga erishish vazifasi bugungi kungacha hech bir davlat va huquqni muhofaza qilish organiga yuklatilmaganligi esa Agentlik masʼuliyatini yana-da oshiradi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Agentlikka normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish, korrupsiyani qabul qilish milliy indeksini tuzish va ayniqsa, davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida davlat buyurtmachisi ISO 37001 korrupsiyaga qarshi standartini qoʻllashni koʻzda tutuvchi talabni oʻrnatish borasidagi vazifalarning belgilanishini Farmonning yana bir eng muhim siyosiy-huquqiy ahamiyatiga urgʻu deb hisoblash mumkin. Chunonchi, normativ-huquqiy hujjatlar har bir davlatning yaqin istiqboldagi rivojlanishning strategik hujjatlari sifatida muayyan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solib borsa, korrupsiyani qabul qilish milliy indeksini belgilash va davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish - mamlakat iqtisodiyotining ochiqligini va shaffofligini taʼminlashga va shu orqali davlatimizning investitsiyaviy jozibadorligi koʻrsatgichlarini belgilaydi.

Yana bir muhim masalaga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, farmonda har bir davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan korxonalar, shu jumladan, banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi - «komplayens-nazorat» hamda korrupsiyaga qarshi kurashishning boshqa xalqaro vositalarini joriy etish va samarali faoliyat koʻrsatishini tashkillashtirish, zamonaviy usullar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida korrupsiyaga qarshi monitoring olib borilishi har bir davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, davlat korxonalari mansabdor shaxslarining oʻz xizmat vazifalariga boʻlgan halol munosabatining shakllanishiga xizmat qiladi.

Shu maʼnoda, Prezident taʼbiri bilan aytsak, “islohotlarimiz samarasini yurtimizda yashayotgan har bir inson, har bir oila bugun oʻz hayotida his etishi kerak. Buning uchun barcha boʻgʻindagi rahbarlar foizlar, raqamlar, qogʻozning ortidan quvmasdan, har bir fuqaro uchun, uning hayotiy manfaatlarini taʼminlash uchun ishlashi shart”.

Biz, parlament aʼzolari oldidagi eng muhim vazifa – Prezident Farmonining mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamlariga tushuntirib borish, hozirda ishlab chiqilayotgan “Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi toʻgʻrisida”gi, “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar toʻqnashuvini deklaratsiya qilish toʻgʻrisida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari yuzasidan oʻz takliflarimiz bilan faol ishtirok etib, ularning qabul qilinishi boʻyicha barcha choralarni koʻrishimiz lozim.

Xulosa oʻrinda aytish kerakki, rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, mamlakat tarixi, buguni va ertangi kuniga daxldor qonunlar va qarorlar qabul qilingan tarixiy sanalar, tarixiy qonunlar va qarorlar adadi juda kam, ular doimo fundamental ahamiyatga ega hujjatlar boʻlgan. Soʻzsiz, mazkur Farmon mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Adham SHODMONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq

masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?