Koronavirusdan vafot etgan bemor haqida maʼlumotlar oshkor etildi

15:24 28 Mart 2020 Jamiyat
582 0

Illyustrativ foto

Avvalroq, Oʻzbekistonda koronavirus yuqtirgan bemor vafot etgani haqida xabar bergan edik. Sogʻliqni saqlash vazirligi qurbon haqda maʼlumot berdi.
Maʼlum qilinishicha, 39 yoshli erkak kasallikni Fransiyadan Oʻzbekistonga birinchi boʻlib kasallikni olib kelgan bemor bilan muloqotda boʻlgan. U oʻz kasalligini dastlab bilgan boʻlsa-da, oʻzi vrach boʻla turib, Oʻzbekistonda olib borilayotgan shuncha targʻibot ishlariga qaramay, shifokorlarga murojaat etmay, uyida yashirincha oʻzicha davolanishga uringani maʼlum boʻlgan.

U kasallikning ogʻir davri boshlangandan soʻnggina 26-mart kuni Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga tez yordam xizmati orqali yotqizilgan. 27-mart kuni esa Virusologiya ilmiy tekshirish institutiga oʻtkazilgan.

“Shu oʻrinda barchani tashvishga soladigan bir jihat bor: bu bemor uyida boʻlgan paytda qancha odamlar u bilan muloqot qilgan, muloqotda boʻlib kasallikni yuqtirib olganlar oʻz navbatida yana qancha insonlarga tarqatgan. Nahotki, kishi oʻz sogʻligʻi va yaqinlari xavfsizligi uchun shunchalik sovuqqon, befarq, xudbin boʻlsa. Axir bu oʻz ota-onasiga, farzandlari, nevaralari, qoʻni-qoʻshnilari, qarindosh-urugʻlari, xalqi, umuman Vataniga xiyonat emasmi? Nega haligacha odamlarimiz bu kasallik qanday dahshatli oqibatlarga olib kelishini anglab yetmayaptilar?!
Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha Prezidentimiz rahbarligida barcha resurslar ishga solinib, zaruriy va qatʼiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Buning zamirida eng avvalo xalqimiz, yurtdoshlarimiz, har bir fuqaromiz nobud boʻlishining oldini olishdek muhim maqsad yotganligini bugun barchamiz qalbdan tushunib, oʻzimiz, oilamiz, yaqinlarimiz hayotini oʻylab ish tutmogʻimiz kerak emasmi?”, deyiladi vazirlik xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?