Koronavirus tufayli Oʻzbekistonda “Ziyorat turizmi haftaligi” tadbirlari kechiktirildi 

23:29 10 Mart 2020 Welcome to uzbekistan
232 0

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan 12-16-mart kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Ziyorat turizmi haftaligi” dunyo boʻylab koronavirus (COVID-19) tarqalib borishi sababli kechiktirildi. Bu haqda qoʻmita xabar berdi.
Sogʻliqni saqlash vazirligida taʼkidlanishicha, bugungi kun holatiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi hududida koronavirus bilan kasallanganlar aniqlanmagan. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti rasmiy saytida koronavirus bilan bogʻliq epidemik xavf jahon miqyosida jiddiy tus olayotgani bildirildi. 
Infeksiyaning mintaqalararo tarqalib borayotgani munosabati bilan dunyoning koʻplab mamlakatlari tomonidan karantin va fuqarolarning harakatlanishi boʻyicha cheklovlar joriy etildi. Shuningdek, infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida dunyo boʻylab yirik tadbirlar kechroq muddatga qoldirilmoqda. “Ziyorat turizmi haftaligi” oʻtkaziladigan sana aniq boʻlgan taqdirda, bu haqidagi maʼlumot uzbektourism.uz saytida taqdim etilishi maʼlum qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?