Koʻp yillik noqonuniy qurilgan inshootlari olib tashlangan Qorakoʻl yangi qiyofada barpo etilmoqda

11:46 29 Aprel 2019 Jamiyat
332 0

Foto: "Xalq so'zi"

Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh Qorakoʻl - Buxoro viloyat markazidan 70 kilometr uzoqlikda joylashgan tuman. Tumanning yogʻingarchilik kunlarda ish va oʻqishga tizza barobarida loyga botib borib keladigan, ichimlik suvini bir necha kilometr naridan tashib ichadigan, madaniy istirohat bogʻi, sport inshootlari eʼtiborga muhtoj, malakali tibbiy xizmatdan foydalana olmayotgan bir qancha hududlari mavjud edi. Ayni kunlarda tumanda “Obod qishloq” dasturi boʻyicha boshlangan keng miqyosdagi obodonlashtirish ishlari davomida noqonuniy va betartib qurilgan inshootlar buzilib, yangicha qiyofaga keltirilmoqda.

- Nafaqat, qishloqlar, balki tumanning ayrim markaziy koʻchalari ham betartib qurilganidan koʻchalar va yoʻllarni izlab topish mushkul edi. Hatto, gʻishtin poydevorlar va sim toʻsiqlar oʻrab olingan xonadonlar ham yoʻq emasdi. Ayni paytda yillar davomida qishloqlar va tuman markazi koʻrkini buzib turgan tuproq va chiqindilarga koʻmilib ketgan, yaroqsiz beton ariqlar ham olib tashlandi. Katta koʻchalarning ikki tomonida odamlar yurishi uchun moʻljallangan yoʻlaklar barpo etilmoqda. Olib borilayotgan ishlardan barchamiz mamnunmiz. Jarayonlardan zavqlanib, oʻzimiz ham qurilish-taʼmir ishlariga sidqidildan koʻmaklashayapmiz,-dedi qorakoʻllik 65 yoshli otaxon Samad Mamatov.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yilning 29-30 mart kunlari Buxoroda boʻlib, viloyatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishib, mutasaddilarga qator topshiriqlar bergan edi. Shunga muvofiq, avtomobil va odamlar qatnov yoʻllarini taʼmirlash, kommunal sohadagi ishlarni jadallashtirish, aholini ichimlik suvi bilan toʻliq taʼminlash maqsadida 1,3 milliard AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan. Jumladan, 600 million AQSH dollari ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tarmoqlariga, 700 million AQSH dollari xalqaro va ichki yoʻllarni qurishga sarflanadi. Bunday imkoniyatlardan qorakoʻlliklar ham bebahra qolishmadi.

Kelajakda sanoat shaharchasiga aylanish koʻzda tutilgan tumanda ayni paytda 33 ta pudrat-qurilish tashkilotlari birkitilgan. Madaniyat markazi binosi, Mahalla markazi majmuasi, tuman davlat xizmatlari markazi, tuman IIB binosi, Yoshlar markazi va yoshlar bogʻini qurish, 864 oʻrinli 15-umumiy oʻrta taʼlim maktabini qayta taʼmirlash, 18- umumiy oʻrta taʼlim maktabiga 300 oʻrinli bino qurish, 1-sonli 140 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasini qayta qurish, Kitob olami savdo majmuasini va boshqa yirik obyektlarni davlat idora va tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda viloyat mahalliy byudjetining orttirib bajarilgan qismi hisobidan barpo etish ishlari bajariladi. “Buxoroobodqurilish montaj-servis” MCHJ, “Rus aymer” MCHJ, “Qorakoʻl montaj Dekar”, “Poykent industirial qurilish servis” MCHJ va boshqa qurilish tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ayniqsa, eʼtiborga molik.

Qisqa fursatda tumandagi Eski qalʼa, Zarafshon, Chekirchi qishloqlari obod manzillarga aylantirilgan. Minglab quruvchi va ishchilar jalb qilingan. Gʻoyatda mukammal ishlangan loyihalar asosida bajarilgan ishlar tumanning yangi qiyofasini yaratgan. “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan Qoraun, Dehqonobod, Doʻrmon qishloqlarida kechayotgan obodonlashtirish va qayta qurish ishlariga 100dan ortiq texnika vositalari jalb qilingan. Mazkur mahallalardagi qishda loy, yozda chang boʻladigan koʻchalardagi chiqindilar maxsus texnikalar yordamida tozalanib, shagʻal yotqizish ishlari jadal kechmoqda.

- Prezidentimizning PF-5386 sonli “Obod qishloq dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni chekka tumanimiz hududida yashaydigan yurtdoshlarimiz qatori, hatto oʻzimni ham quvontirdi. Istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlagan xalqimiz oʻz xohish-istagi bilan davlatimiz rahbarining eʼtiboridan ruhlanib,har tong hasharga oshiqishyapti. Kim ketmon, kim belkurak, kim texnika olib kelmoqda. Oddiy koʻrinishga aylanib qolgan ayrimkoʻp qavatli uylar, kottejlarning bugun pardozlash ishlari yanada koʻrkamlik kasb etayotgani ortida aholining ham sidqidildan berayotgan zahmati, mehnati yotibdi,-deydi tuman hokimi oʻrinbosari Oʻtkir Sharipov,- ayni paytda yiqitilgan inshootlar garchi noqonuniy, tartibsiz qurilgan boʻlsa-da, zaruriyat, odamlarning kundalik ehtiyojini qondirib kelayotgan edi. Shuning uchun ularning oʻrniga davr talabiga mos yangilarini barpo etish uchun tez va sifatli qurilish ishlari kechmoqda. Turar joylar bilan bir vaqtda hududdagi koʻcha va yoʻllar ham tartibga keltirilmoqda. 36, 80 kilometrli davlat va mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yoʻllari taʼmirlanib, qum-shagʻal yotqizilib, 6 metr kenglikda asfaltlanmoqda.

Taʼmirlash ishlari tugatilgan koʻchalarda obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish tadbirlari qizgʻin bormoqda. Tuman bandlikka koʻmaklashish markazi tomonidan yoshlar haq toʻlanadigan jamoatchilik ishi sifatida rasmiylashtirilgan. Xotin-qizlar ham pardozlash va suvoq ishlarini bajarishadi.

- Qorakoʻl tumani misolida yurtimiz qishloqlarida ham sharoit shaharlardagidek boʻlishi mumkinligiga ishona boshladik. Tumanimizdagi oʻzgarishlardan nihoyatda xursandmiz, – deydi Qoraun qishlogʻilik Lobar Bekmuratova,- Amalga oshirilayotgan obodlik koʻnglimizga koʻchmoqda. Bugungi mamnuniyatimiz - ertangi kunimizga ishonch uygʻotyapti. Hatto, keksalarimizning hashar bahona qoʻllariga belkurak va ketmonlar bilan jilla qursa, bir tosh koʻtarishga hissa qoʻshish uchun bel bogʻlab chiqqanlari biz, yoshlarga gʻayrat bagʻishladi. Suvoq va boʻyoq ishlarida sidqidildan koʻmaklashyapmiz.

Koʻp yillik eʼtiborsizlik, oʻzboshimchalik oqibatida nursiz koʻrinishga kelib qolgan noqonuniy qurilgan inshootlari olib tashlangan Qorakoʻlning asl qiyofasi bugun koʻzga tashlanmoqda. Keng qamrovli ishlar aholining turmush darajasini yanada yaxshilaydi, odamlarning oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashlari uchun mustahkam poydevor vazifasini oʻtaydi. Qurilish va obodonlashtirish ishlari joriy yilning sentyabr oyiga qadar davom etadi.

Laylo Hayitova


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?