Koʻp bolali oilalarning huquqiy maqomi aniq belgilanyapti

04:29 23 May 2020 Siyosat
109 0

Davlat rahbari va hukumat tomonidan bugungi pandemiya sharoitida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga eng muhim masalalardan biri sifatida qaralmoqda. Birgina misol, soʻnggi ikki oyda 12 ta Prezident Farmon va Qarorlar qabul qilindi. Ularning har birida qaysidir maʼnoda aholini har tomonlama ijtimoiy himoyasiga eʼtibor qaratilayotganligini koʻrishimiz mumkin.

Bizning xalqimiz ayniqsa, oʻzbeklar azaldan bolajon va serfarzand millat sifatida namoyon boʻlib kelgan. Oʻzbek oilalarida farzandlar soni toʻrt-besh nafardan kam boʻlmagan, hatto oʻn nafargacha farzandlari bor oilalar boʻlgan. Albatta, bugungi sharoit koʻp bolali oilalarning ijtimoiy himoyasiga oid qonunchilikda belgilangan normalarni qayta koʻrib chiqishni talab etmoqda.

Oʻtkazilgan tahlil natijalari, qonun hujjatlarida “koʻp bolali oila” tushunchasiga turlicha mezonlar belgilanganligi (yosh mezoni – maksimal yosh chegarasi 16 va 18 yoshgacha, bola soni – uchtadan yettitagacha) sababli, davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan haqiqatda muhtoj boʻlgan oilalarning teng huquqli ravishda foydalanish imkoniyati mavjud emasligini, amaliyotda huquq normalarini qoʻllashda ijtimoiy adolat prinsipining buzilishiga shart-sharoit yaratib berayotganligini koʻrsatmoqda. 

“Koʻp bolali oila” tushunchasi 21 ta qonun hujjatida, jumladan, 5 ta qonunda qoʻllanilgan va turlicha mezonlar belgilangan. Shu sababli, qonun hujjatlarida koʻp bolali oilalarning huquqiy maqomini aniq belgilash zarurati vujudga kelmoqda.

Koʻp bolali oilalarning huquqiy maqomini aniq belgilash, qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotida ushbu tushunchaning bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqilgan va Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilgan.

Hozirda qonun loyihasi quyi palataning Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan oʻrganib chiqilmoqda. Yaqin kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisiga kiritilishi rejalashtirilmoqda.

Bugun loyiha muhokamasiga bagʻishlangan Ishchi guruhi yigʻilishida qoʻmita aʼzolari tomonidan qonun loyihasi muhokama etildi.

Loyihada Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga “koʻp bolali oila” tushunchasi va uning huquqiy maqomini belgilovchi qoʻshimcha kiritilmoqda. Unga koʻra, ota-ona yoki ulardan biri bilan birga yashayotgan toʻrt va undan ortiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, shuningdek kunduzgi taʼlim shaklida taʼlim olayotgan yigirma ikki yoshga toʻlmagan bolalari boʻlgan oilalar koʻp bolali oilalar hisoblanishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 436-moddasi, Mehnat kodeksining 68-moddasi va “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunning 7-moddasi Oila kodeksiga kiritilishi taklif etilayotgan qoʻshimchaga muvofiqlashtirilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotidagi turli xil yondashuvlar bartaraf etilishiga, davlat himoyasiga muhtoj boʻlgan koʻp bolali oilalarga ijtimoiy adolat prinsipi asosida imtiyozlar berilishiga, xususan turar joy, yer ajratish, soliq toʻlovlari va boshqa bir qator imtiyozlardan keng foydalanishga huquqiy asos yaratadi hamda ularni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?