Klasterlar va “Ekobozor”lar tizimi boʻyicha Ekopartiya fraksiyasi nima demoqchi?

04:11 23 May 2020 Siyosat
900 0

Yaqinda Oʻzbekiston Ekologik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi Oʻzbekistonda klasterlar va “Ekobozor”lar tizimini rivojlantirish boʻyicha chuqur tahlillarga asoslangan oʻrganishlar oʻtkazdi. Shulardan kelib chiqib, fraksiya oʻz takliflarini ishlab chiqdi.

Bu jarayonlar mamlakat iqtisodiyotiga nima beradi, ekologik barqarorlikni taʼminlashda qanday ahamiyat kasb etadi? Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Boriy ALIXONOV shular haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi.

— Bugungi pandemiya sharoitida aholini oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy turlari bilan barqaror narxlarda kafolatli taʼminlash har qachongidan ham dolzarbdir. Zero, hozirgi kunda dunyo bozorida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oʻsishi kuzatilyapti. Boz ustiga, qator davlatlar un, bugʻdoy, guruch, yogʻ, kartoshka va boshqa mahsulotlar eksportini cheklamoqda. Masalan, joriy yilda Oʻzbekistonga un importi hajmi oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan qariyb 50 foiz, gʻalla 31 foizga kamaygan.

Gap shundaki, joriy etilgan karantin hamda xalqimiz boshiga tushgan sinovlar oqibatlari ham bir qator obyektiv cheklashlarni keltirib chiqardi.

Binobarin, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni koʻpaytirish, narxlar barqarorligini taʼminlash va ularni aholiga yetkazib berish mexanizmlari samaradorligini oshirishni talab etadi.

Bu borada Prezidentimizning 2019-yil 23-oktyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi muhim dasturilamaldir. Unga muvofiq, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida agroklasterlar tashkil etilayotgani eʼtiborga loyiq.

Nega aynan klasterlar?

Masalan, paxtachilik sohasini olib koʻraylik. Aynan mana shunday yangicha tizimda oʻrtacha hosildorlik klaster boʻlmagan yerlarga nisbatan har bir gektar yerdan 4,1 sentnerga yuqori boʻlib, qoʻshimcha 428 ming tonna “oq oltin” olinganini koʻrsatmoqda. Bunday samara xorijlik sarmoyadorlarni ham oʻziga jalb etadi, yangiliklarga keng yoʻl ochadi.

Innovatsion gʻoyalarni amalga oshirishning muhim jihati shundan iboratki, qishloq xoʻjaligidagi klaster usuli yerni shudgorlash, ekinlarni ekish va parvarish qilish, yetishtirilgan xom ashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish kabi jarayonlarni oʻz ichiga oladi. Ushbu yagona texnologik zanjir korxonalar majmuasini birlashtiradi va ilm-fan, taʼlim hamda ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirishga, yangi texnologiyalarni amaliyotga joriy qilishga imkon beradi.

Masalan, paxta toʻqimachilik klasterlari nafaqat yengil sanoatni, balki oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, farmatsevtika, qurilish materiallari va boshqa koʻplab sohalarni qamrab oladi. Ushbu tizimning pirovard maqsadi “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” brend ostida yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarish, aholini ish bilan taʼminlash orqali ularning ijtimoiy himoyasini taʼminlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, eksport hajmini oshirish, valyuta tushumini koʻpaytirish va boshqa muhim muammolarni hal etishdan iborat.

Bunday tamoyillar meva va sabzavotlarni yetishtirishga ixtisoslashtirilgan klasterlar yaratishga ham taalluqlidir. Shu sababli mamlakatimizda ushbu yoʻnalishni rivojlantirishga ham alohida ahamiyat berilyapti. Prezidentimizning 2019-yil 11-dekabrdagi “Bogʻdorchilik va uzumchilikni yana-da rivojlantirish, sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga binoan bozor iqtisodiyoti tamoyillariga oʻtish jarayonlari, qayta ishlash hajmini oshirish, eksport qilish va qoʻshimcha qiymat yaratish borasida olib borilayotgan ishlar shundan dalolat beradi.

Eng asosiysi, mazkur chora-tadbirlar muhim ijtimoiy mazmun-mohiyatga ham ega. Masalan, Oʻzbekistonda 26 ming gektar maydonda bogʻlar, uzumzorlar va issiqxonalar qurish orqali 52 ming, ipakchilik sanoatida 785 ming yangi ish oʻrni, qurilish sohasi va infratuzilmada 75 ming ish oʻrni yaratish mumkin.

Bugungi kunda mamlakatimizda 80 dan ortiq turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilib, ular dunyoning 65 dan ziyod mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Jabhada yutuqlar qatori kamchiliklar uchrayotganidan ham koʻz yumib boʻlmaydi.

Olib borilgan tanqidiy tahlillar shuni koʻrsatadiki, yiliga oʻrtacha yetishtirilgan 21 million tonna meva va sabzavotning 10 foizidan ortigʻi eksport qilinmay qolmoqda. Mahsulotlarni saralash, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilish uchun 30 dan ortiq agrologistik markazlar tashkil etilib, faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa-da, aylanma mablagʻlarning yetishmasligi tufayli ular mavjud ishlab chiqarish quvvatining atigi 15 foizidan foydalangan holda faqatgina mavsumiy ishlamoqda.

Ushbu markazlarning toʻliq quvvat bilan ishlamasligi natijasida, sut mahsulotlari importi hajmi 70 million AQSH dollaridan oshdi. Hatto tomat pastasi, makkajoʻxori va yashil noʻxat konservalari ham import qilinayotir. Vaholonki, ularni mamlakatimizda toʻliq sikl bilan ishlab chiqarish orqali mamlakat ehtiyojini toʻliq qoplash, hatto eksport qilish imkoniyati mavjud.

Yurtimizning barcha hududlarida hamkorlik tamoyillariga asoslangan ishlab chiqarish korxonalarini qayta ishlash va eksport qiluvchi korxonalarga birlashtirish orqali meva-sabzavot klasterlarini yaratish, ularning eksport salohiyatini oshirish uchun zarur salohiyat bor. Oʻylaymizki, klasterlar yaroqsiz boʻlgan bogʻlar oʻrniga intensiv bogʻlar yaratish orqali yuqori hosil olish imkoniyatini beradi.

Biroq joylarda klasterlar faoliyati bir tomonlama, asosan, ishlab chiqarishni koʻpaytirishga qaratilgan holda amalga oshirilmoqda. Qolaversa, mahsulotni sotishning butun logistika zanjirini tashkil etishga yetarli eʼtibor berilmayapti. Klasterlar “raqamlar ortidan quvish”dan voz kechgan holda, asosiy eʼtiborni qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish va yakuniy isteʼmolchiga yetkazib berishga qaratishi lozim.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi oʻz saylovoldi dasturida “aqlli qishloq xoʻjaligi”ni rivojlantirish mexanizmlarini ilgari surish vazifasini qoʻygan. Bunday mexanizmlardan biri klasterlarning ekologik marketing (yashil marketing) tamoyillari bilan chambarchas bogʻliqligi hisoblanadi. Zotan, ekologik marketing isteʼmol bozorida ekologik toza muhitni yaratish istagi bilan uygʻunlashgan biznes faoliyatini takomillashtirish tizimini oʻylab topish va ishlab chiqishga imkon beradi. Bu tabiiy resurslar, birinchi navbatda, suv yetishmovchiligi sharoitida atrof-muhitni muhofaza qilish bilan birga isteʼmolchilar oʻrtasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va xizmatlarini ommalashtirishga zamin yaratadi. Ekologik marketing tabiatga zarar keltirmaydigan bozorni rivojlantirish, atrof-muhitni saqlash va yaxshilashga yoʻnaltirilgan, ishlab chiqarish, sotish, isteʼmol qilish, qayta ishlash va keyinchalik tasarruf etishda bozor ehtiyojlarini qondiradi.

Bugungi kunda aynan tozaligi va ekologik sofligi tufayli mamlakatimiz mahsulotlari butun dunyoda qadrlanadi. Masalan, “Oʻzbek pomidorlari”, “Toʻgʻridan-toʻgʻri Toshkentdan kelgan shirin giloslar”, “Samarqand qovunlari”, “Qoraqalpoq dudlangan baliqlari” kabi va boshqa mahsulotlar sobiq ittifoqning barcha mamlakatlari bozorlarida eng yaxshi xaridorlarga ega.

Ekologik marketingning joriy qilinishi esa bozorlar ehtiyojlarini aniqlashga imkon beradi, jahon oziq-ovqat bozorlari uchun kurash samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Bunga ekologik standartlar va isteʼmolchilar, umuman jamiyatning talablariga rioya qilish sharti bilan raqobatchilardan farqli ravishda yaxshiroq usulda erishish mumkinligiga aminmiz. Mamlakatimizda atrof-muhitga taʼsir etuvchi omillar ortib borayotgan sharoitda ekologik marketingni joriy etish bozor faoliyatini yana-da samarali amalga oshirish uchun muhim vositadir.

Ekologik marketingning yana bir yoʻnalishi mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi muammosini hal qilish va aholini sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash hamda fermerlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish uchun qulay sharoit yaratishdir. Shu munosabat bilan ekobozorlar tarmogʻini yaratish gʻoyasi muhimdir. Uning konsepsiyasi, birinchi navbatda, ekologik toza mahsulotlarni sotishni oʻz ichiga oladi. Bugungi kunda bu mamlakat iqtisodiyotining innovatsion yoʻnalishlaridan biriga aylanishi lozim. Ekobozorlarning anʼanaviy bozorlardan farqi shundaki, ular zamonaviy isitish va havoni tozalash tizimlari, xonalar qulay haroratni saqlash uchun avtomatik tizim bilan jihozlangan boʻladi. Ekobozorlar oʻzlarining sanitariya va veterinariya laboratoriyalariga ega boʻlishi lozim. Barcha mahsulotlar peshtaxtaga qoʻyilishdan oldin eng yangi laboratoriya jihozlarida sinchkovlik bilan tekshiruvdan oʻtkaziladi.

Ekobozorlar mahalliy fermerlar bilan ishlashga eʼtibor qaratishlari kerak. Taʼminotchilar uchun imtiyozlar va chegirmalarning maxsus tizimini ishlab chiqilishi lozim. Ulgurji savdoga, mahalliy mahsulotlarni birlamchi qayta ishlash va saqlash uchun sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ekologik marketing orqali, yetishtirilgan mahsulotni eksport qilish uchun klasterlarni Oʻzbekiston ichidagi oxirgi isteʼmolchi bilan, shuningdek, logistika tashkiloti bilan bogʻlash mumkin, deb hisoblaymiz.

Umuman olganda, klasterlar qishloq xoʻjaligini jadal rivojlantirishning lokomotivi boʻlishi kerak. Maqsad esa ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirish, qoʻshimcha qiymat va yangi ish oʻrinlarini yaratish, eng muhimi, odamlarning daromadlari va manfaatdorliklarini oshirishdir. Fikrimizcha, bu amaldagi standartlarni qayta koʻrib chiqishni, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari faoliyatida davlat ishtiroki talablarini bekor qilishni va xususiy sektor ishtirokida zamonaviy bozorlarni tashkil qilishni talab qiladi.

Tizimli tahlil qilish, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni baholash va klaster usulini tatbiq etishni takomillashtirish boʻyicha tegishli strategik tavsiyalarni ishlab chiqish uchun ixtisoslashtirilgan “Zakovat fabrikasi” (“Think Tanks”) yoki ilmiy-tadqiqot institutlarini tashkil etish zarur. Xususan, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish uchun bir vaqtning oʻzida izlanishlar va dizaynni oʻz ichiga olgan mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun Oʻzbekiston Ekologik partiyasi qoshida “Ekologik innovatsion texnologiyalar” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifni amalga oshirishni tezlashtirish muhim, deb hisoblaymiz.

Ushbu tuzilma:

— qishloq xoʻjaligida iqtisodiy samarador, innovatsion gʻoyalar va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish;

— klasterlarning hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qoʻshadigan hissasini asoslash;

— mahalliy ijroiya hokimiyati va fermerlarning mahsulot sotib olish va sotish hajmini oshirishga qaratilgan ijtimoiy sheriklikning yangi shakllarini yaratish; 

— ilgʻor xorijiy va milliy klasterlarning tajribalarini oʻrganish va joriy etish;

— qishloq xoʻjaligini tashkil etish boʻyicha har bir viloyat va tumanning oʻziga xos sharoitlarini hisobga oladigan tavsiyalar ishlab chiqish;

— ekologik marketing doirasida oziq-ovqat mahsulotlarining assortimentini kengaytirish va koʻpaytirish boʻyicha ishlar olib borish;

— yangi chiqindisiz va ekologik xavfsiz texnologiyalarni ishlab chiqish, yashil mahsulot isteʼmolchilari bilan barqaror va samarali aloqani yaratish, innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash kabi masalalar boʻyicha asosli tavsiyalar berishi mumkin.

Qishloq xoʻjaligi Oʻzbekiston iqtisodiyotini taraqqiy ettirish, oziq-ovqat xavfsizligi va aholi bandligini taʼminlash hamda daromadlarini oshirish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan soha boʻlgani sababli uni zamonaviy talablarga muvofiq va strategik yondashuv asosida rivojlantirishni taqozo etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?