KXDR sanksiyalar olib tashlanishini xohladi, AQSH buni istamadi

15:24 28 Fevral 2019 Dunyo
491 0

Xabaringiz bor, Vyetnamda KXDR-AQSH davlatlari rahbarlarining navbatdagi sammiti boʻlib oʻtdi.

Unda Shimoliy Koreya tomoni oʻzining Yonben hududidagi yadro obyektini yoʻq qilish evaziga sanksiyalar olib tashlanishiga erishmoqchi boʻldi, biroq AQSHni bunday holat qoniqtirmadi. Bugun Xanoyda sammit yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan matbuot anjumanida AQSH prezidenti shu haqda toʻxtalib oʻtdi, deb yozadi TASS.

“Ular barcha sanksiyalar olib tashlanishini xohladi, biz rad etdik. Ular Yonbendagi obyektni yoʻq qilish evaziga biz barcha sanksiyalarni olib tashlashimizni xohlashdi, bu bizni qoniqtirmaydi”, - deya qayd etib oʻtdi Tramp. U oʻz navbatida KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan yaxshi doʻst ekanligini ishonch bilan taʼkidladi.

Qoʻshma shtatlar prezidenti AQSH va Shimoliy Koreya oʻrtasidagi boʻshliqni yengib oʻtish uchun vaqt kerakligini ham qoʻshimcha qildi hamda 2018 yil iyun oyida Kim Chen In bilan uchrashuvdan soʻng ularning qarashlari jiddiy yaqinlashganiga urgʻu berdi.

Tramp KXDRga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirmaslik rejalashtirilayotgani va hozirgilarining oʻzi yetarli ekanligini ham qayd etgan.

AQSH prezidenti soʻzlariga koʻra, Kim Chen In yangi raketa va yadro sinovlarini oʻtkazmaslikka vaʼda bergan. “Kecha kechqurun u menga yangi uchirishlar va sinovlarni oʻtkazmaslikka vaʼda berdi. Men unga ishonaman”, - dedi Tramp.

Oq uy rahbari yaqin kunlar ichida KXDRdagi yadro obyektlari inspeksiyadan oʻtkazilishini ham maʼlum qildi. “Biz buni tartibga soldik. Shuning uchun buni oson bajarishga qodirmiz. KXDRda inspeksiya oʻtkaziladi. Biz jadvalni belgilab oldik”, - dedi u.

AQSH prezidenti sammit yakunlari boʻyicha KXDR bilan kelishuvni imzolashdan bosh tortish faqatgina uning “yakdil qarori” emasligini tan oldi. “Biroq bu yerda imzolanish ehtimoli yuz foiz boʻlgan bitimdan baʼzan voz kechishingga ham toʻgʻri keladi. Bizda imzolash uchun hujjatlar shu paytgacha bor edi. Ammo biz ularni imzolamaslikka qaror qildik”, - deya aytib oʻtdi Tramp.

U garchi KXDR bilan aniq kelishuvlarga erishilmagan boʻlsa-da, sammit juda doʻstona ruhda nihoyasiga yetganini bildirdi.

Oq uy rahbari KXDR muammosini hal qilishda Rossiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Yaponiya bilan hamkorlikni juda muhim deb hisoblaydi.

“Biz KXDR muammosi boʻyicha Rossiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Yaponiya bilan hamkorlikni juda muhim deb hisoblaymiz”, -degan u.

U sammitdan soʻng darrov samolyotdan Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In, Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abegaga qoʻngʻiroq qilib, Xanoydagi uchrashuv tafsilotlari haqida maʼlumot berishini aytgan.

Tramp Xitoy Pxenyanga taʼsir kuchiga ega boʻlsa-da, KXDR boshqa mamlakatlar, jumladan, Xitoyning buyruqlariga boʻysunmasligini ham qayd etib oʻtgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?