Kitob va kitobxon Bugun ularning yoʻllari tutashmi?

17:28 20 Sentyabr 2019 Madaniyat
289 0

Rivoyat qilishlaricha, Abu Ali ibn Sinodan bir mamlakat podshohi farzandi — yurt shahzodasiga taʼlim berishini soʻraydi. Ammo ibn Sino buni rad etadi. Aytadiki, ilm kelmaydi, ilmga boriladi, deya javob beradi va agar shahzoda oʻzi kelsagina taʼlim berishini aytadi... Bunda juda chuqur maʼno bor. Insonni ilmga yetaklovchi maskanlardan biri kutubxonadir. Kimdir shaxsiy kutubxonasini boyitish uchun kitob tanlaydi, boshqa birov esa kitob oʻqish uchun joy tanlaydi. Kitob va kitobxonning diydorlashishi uchun eng yaxshi joy ham aslida kutubxona. Bugun elektron kitoblar ommalashgan bir davrda kitob va kitobxon yoʻllari tutashmoqdami? Keling, birgalikda mulohaza qilib koʻramiz.

Tafakkur kemalari

Kitoblar zamon toʻlqinlarida suzuvchi va oʻzining qimmatbaho yukini avlodlardan-avlodlarga avaylab eltuvchi tafakkur kemalaridir, deydi donolar. Bolalarni kichik yoshdan tafakkur kemalariga jalb qilsak, ular mutolaani sevimli mashgʻulotiga, anʼanaga aylantiradi, toʻgʻri emasmi?

Kitobga bolalikdan mehr qoʻygan bolada kitobxonlik madaniyati erta shakllanib boradi, nutqi ravonlashadi, dunyoqarashi kengayadi, — deydi Xoʻjaobod tumanidagi 2-umumtaʼlim maktabi direktor oʻrinbosari Lola Sulaymonova. — Ehtimol ular oʻqishni bilmas, harf tanimas, lekin kitobni tomosha qilish orqali uni oʻqishga, ichidagi sehrdan bahra olishga intiladi. Bola bogʻchadan maktab davriga oʻtayotgan paytda kitob, kutubxona tushunchalaridan boxabar boʻlishi, kitobning taʼsirini sezib maktabga qadam qoʻyishi kerak. Oʻshanda maktab kutubxonachisi ham, oʻqituvchi ham qiynalmaydi. Chunki bola kutubxona ahamiyatidan boxabar. Ehtimol, keyinchalik boʻsh vaqtini kutubxonada oʻtkazishga oʻzi oʻrganib ham qolishi mumkin. Zero, kitob dunyosida ulgʻayayotgan bolada yomon illatlar shakllanmaydi.

Xalqimizda bola boshidan degan gap bor. Bolaga kitobga mehr-muhabbatni murgʻaklikdan boshlash kerak, — deydi el suygan sanʼatkor Rixsi Ibrohimova. — Bola aqlini taniy boshlaganidan kitobni tanib borishi lozim aslida. Lekin bugungi kunda aksariyat ota-onalar farzandlariga kitob oʻrniga turli-tuman oʻyinchoqlar, shirinliklar olib berishni afzal koʻradi. Mahalladagi oʻgʻil-qizlarning toʻplanib yigʻilishi, adabiyot haqida gurung qilishi, mushoiralar oʻtkazishi, ijodiy kechalar, tadbirlar oʻtkazishi uchun bir maskan kerak. Qolaversa, mahallalarda shunday bir maskan boʻlsa, qariyalar ham borib, mutolaa qilishi, adabiy davralarda ishtirok etishi mumkin. Bu maskan oʻrnini, shubhasiz, kutubxona toʻldira oladi...

Tavsiya berishni ham bilish lozim

Mutolaaga boʻlgan qiziqishni kuchaytirishda ehtimol kutubxonachilarning ham oʻrni bordir, degan masala kishini oʻylantiradi. Aslida kutubxonachi qanday boʻlishi kerak? Bu borada OʻzR FA asosiy kutubxonasi rahbari Zuhra Berdiyevaning fikrlariga quloq tutdik.

Men kutubxonachilik sohasida qirq yildan buyon faoliyat yuritib kelaman. Kutubxonachining oʻzi kitobni sevishi, kutubxonani butun vujudi bilan xis qilishi, qaysi kitob qayda joylashganidan tortib, kitobxonlarga tavsiya berishni ham bilishi lozim. Tavsiya bera olishi uchun esa oʻzida bilim yetarli boʻlishi kerak. Aslida kutubxonachilik juda qiziq soha. Kitoblar bilan, turli kitobxonlar bilan ishlash — koʻringani kabi oson emas, oddiy emas. Shunga qaramay, oʻquvchida kitobga, borgan kutubxonasiga bogʻlanishida kutubxonachi katta rol oʻynaydi, degan fikrdaman. Bu esa undan mahorat, ilm talab etadi.

Sir emas, bugun aksariyat kutubxonachilar nomutaxassis, yaʼni boshqa soha boʻyicha tahsil olgan. Uyiga yaqin joyda joylashgani yoki oʻzini mutaxassisligi boʻyicha ish topa olmagani sabab bugun aksariyat yoshlar kutubxonachilikka oʻtib ketmoqda. Vaholonki, bu soha ham mutaxassislikni talab etadi. Shaxsan men bolaligimda bir kutubxonachi opani chin yurakdan yaxshi koʻrganim, ularga havas qilganim uchun shu kasbni tanlaganman. Menga ular turtki berganlar, kitobga qiziqtirganlar. Bugunchi? Kutubxonachilarimizga havas qilib, men ham kutubxonachi boʻlaman deydigan yoshlar bormi? Koʻp emas. Chunki ularni qiziqtira oladigan kutubxonachilar kam. Bu esa eʼtibordan chetdagi dardimiz, desak mubolagʻa boʻlmas.

Mahallada shunday maskan boʻlsa qanday yaxshi

Esimda, men yashaydigan mahallaning boshida, uchta koʻcha kesishgan joyda kichikkina mahalla kutubxonasi boʻlar edi. Kutubxonadan barcha mahalladagilar foydalanardi. Ammo afsuski, keyinchalik kutubxona yopildi. Hanuzgacha bu dargoh eshigida qulf... Bugun elektron kitoblar, elektron kutubxonalar ommalashgan bir davrda mahallalarda kutubxonalar kerakmi degan savolga yoshi ulugʻ insonlardan javob axtardik.

Kitobxonlik oiladagi, mahalladagi muhitga, insonni oʻrab turgan jamiyatga bogʻliq. Kitobga eʼtibor farzandlar tarbiyasida, ayniqsa, qoʻl keladi. Kitobni inson tafakkurining qanotlariga oʻxshatishgan. Zero, tafakkuri, fikr doirasi keng, maʼrifatli kishilar jamiyatning chinakam boyligidir. Aksincha, hayotda roʻy berib turadigan ayrim noxushliklar ildizi esa maʼrifatsizlik, kitob oʻqimaslikning achchiq mevasi sanaladi. Temirni zang kemirganidek, odamni ham maʼnaviyatsizlik moʻrtlashtiradi.

Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?