“Kitob sehri” rukniga: Hitopadesha yoxud sehrli kitob haqida

19:00 02 Avgust 2019 Madaniyat
423 0

“Hitopadesha” qadimiy hind xalq eposi boʻlib, u soʻzma-soʻz tarjima qilinganda “Xayrli oʻgitlar” degan maʼnoni bildiradi. Asarning bosh falsafiy oʻzagi uning qahramonlari tilidan quyidagicha ifoda qilinadi: “Barcha ezgu-manfaat va boyliklar ichida bilimdan ziyodasi yoʻqdir: uni hech kim oʻgʻirlay olmaydi, uning bahosi yoʻq va u hech qachon tugamaydi”.

Mazkur kitobdagi maroqli sarguzashtlarga boy hikoya va bir-biriga ulanib ketgan masallar goʻyoki jonivorlar tili bilan bayon etilib, yoshlarga doʻstlik va dushmanlik, samimiylik va munofiqlik, rostgoʻylik va tilyogʻlamalik saxovatpeshalik va makkorlikni bir-biridan farqlay bilish sanʼatidan saboq beradi.

“Hitopadesha” 16-asrda Hindiston shahanshohi, boburiylar sulolasining eng yirik vakili Jaloliddin Muhammad Akbar farmoniga muvofiq zamonaviy hind tiliga tarjima qilingan. Tasodifni qarangki, oradan bir necha asr oʻtib uni mohir tarjimon Hoshimjon Murodov oʻzbek tiliga tarjima qilib keng kitobxonlar ommasiga taqdim qildi va u kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi.

Axloq-odob va hikmatli bilimlar xazinasi hisoblangan mazkur asar hozirgacha dunyo xalqlarining juda koʻp tillariga tarjima qilingan, uning yaratilganiga bir necha asr boʻlganiga qaramay sodda ammo maʼno jihatdan chuqur mantiqqa asoslangan hikoyalari bilan oʻquvchilar eʼtiboridan tushmay kelayotir. Hayvonlarning soʻzlashuvida bir voqeaning ikkinchisiga ustomonlik bilan bogʻlanishi va bunda muallif oʻquvchi eʼtiborini bir emas, bir nechta mavzuga qarata olganligi ham kitobxonni kitob sahifalarini tashlamasdan oʻqishiga sabab boʻladi.

“Bilim, eng avval insonni xushaxloq qiladi. Xushaxloqlik esa unga izzat-ikrom va hurmat qolib keladi. Bilimli inson koʻzidan, istarasidan maʼlum. Agar u maʼnaviy boy boʻlsa, odamlarni oʻziga kulib jalb etishi shart emas. Barcha odam maʼnaviyati boy insonga talpinadi, chunki bilim va maʼnaviyat jozibasi har narsadan qudratliroqdir” deydi asar qahramoni Vishnu Sharma.

Maktab va oʻsmir yoshidagi bolalar tarbiyasi, ularning dunyoqarashini shakllantirishda ayniqsa ushbu kitobning oʻrni beqiyos. “Murgʻak qalb nimani koʻrsa va kimga ergashsa, oʻsha narsalarga tezda koʻnikib qoladi. Shu bois sizlar yaxshilarga qoʻshiling, fozil va bilimdonlar bilan hamsuhbat boʻling, ularning suhbati esa tanangizdagi nafs olovini suv kabi oʻchiradi” kitob qahramonlaridan birining ushbu tilagi oʻylaymizki, farzandlarimiz uchun ham munosib tilak boʻla oladi. Bu kitob haqida hatto omadning sirli yoʻnalishi degan taʼrif ham berilganki, bu asarning qiymatini yanada yuqori baholaydi.

“Hitopadesha” avloddan avlodga sovgʻa qilib berishga arziydigan, oʻqituvchilar, pedagoglar va farzandi bor har bir ota-ona uchun munosib sovgʻa boʻla oladi.

Zuhra ROʻZIYEVA tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?