“Kitob sehri“ ruknidan: “Alkimyogar” muallifidan sovgʻa

19:00 01 Avgust 2019 Madaniyat
391 0

Siz ham hayotda biroz gʻalatiroq odamlarni koʻrgansiz-a, koʻzi porlab turadigan, koʻrganingizda xuddi qadrdonlardek tuyuladiganlarni “fayzli odam ekan”, deysiz. Faqat savollari koʻp, biroz notabiiy gaplari sizga erish tuyulsa-da, ichingizda unga tan berasiz.

“Portabello jodugari” Afina bolaligidanoq sirli qizcha edi, uning hamma narsasi yurishi, savollari, oʻzini tutishi ham allaqanday boshqacha edi.

Qizcha tushida “doʻzaxni koʻrdim”, deganida onasi qizining gapidan dahshatga tushib uni psixologga olib boradi, ammo ertasiga haqiqatan ularning yurtida notinchliklar boshlanadi.

Qizcha ulgʻaygani sari uning oldiga qoʻyayotgan savollar va u izlayotgani hamma qatori emasligi maʼlum boʻlib boradi. Jamiyat, insonlar uning toʻgʻri soʻzlariga tan berishsa-da uni qabul qilishni istashmaydi. U bankda ishlarkan avvaliga u bilan salomlashishniyam istamaydiganlar keyinchalik usiz jamoada fayz yoʻqligini bilishadi.

Afina jamoa aʼzolarini ruhan tinchlanishga undarkan ish insonlar uchun gʻiybatxonamas haqiqiy bayramga aylanadi...

Afsuski Afinani tushunishga oddiy inson aqli ojizlik qiladi, oʻzini oʻzi poklab borayotgan qizda intuitsiya kuchli edi, bu esa uni jodugar deyilishiga sabab boʻldi.

Kitobdagi bugunimizga xos holat - halovatning yoʻqligi oʻquvchini oʻziga ipsiz bogʻlab qoʻyadi. “Oʻn yil yotib yeyishga mablagʻim bor, ammo xotirjam emasman”, deb zorlangan Afinada oʻzini, oʻzligini anglashga chuqur intilishni kuzatamiz. Kitob yakunigacha “Afina jodugarmi?” degan savolga javob izlaysiz. Bu kitobni bir varaqlab shunchaki qoʻyib qoʻyadigan emas, balki bir nafasda oʻqiladigan kitoblar sirasiga kiritish mumkin.

“Portabello jodugari”dan iqtiboslar: Yer bizga emas, biz yerga tegishlimiz. Agar adashdim deb oʻylayotgan boʻlsang, ustingdan kul. Ishchi jamoani orkestr deb olsak yaxshi menejer bu har bir sanʼatkorning holidan xabardor shaxsdir, unga kim musiqadan chiqib ketayapti, kim butun vujudi bilan kuylayapti, kim shunchaki joʻr boʻlayapti hammasi ayon. Eng ilojsiz qolganingda ham oʻzing haqingda yaxshi fikrda boʻl.

Zuhra ROʻZIYEVA, kitobxon.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?