"XTB mutasaddilari davlat mablagʻlarini oʻzlashtirishda goʻyoki oʻzaro musobaqa uyushtirganga oʻxshaydilar"

10:51 25 May 2020 Jamiyat
331 0

Parlament quyi palatasining fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi yigʻilishida Xalq taʼlimi vazirligi tizimida 192,2 milliard soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani maʼlum qilindi. Garchi Hisob palatasi mutaxassislari tomonidan oʻrganishlar jarayonida 27,1 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ byudjetga qaytarilgani taʼkidlangan boʻlsa-da, ayrim deputatlarning fikricha, tizimdagi aksariyat tashkilotlar deyarli nazoratsiz ahvolga tushib qolgan…

Parlamentni tom maʼnoda “xalq uyi”ga aylantirish gʻoyasi qachon amalga oshadi, degan savolga aniq javob qaytarish qiyin, albatta. Ammo saylovchilarning koʻpchilik ovozi bilan mamlakatning oliy qonun chiqaruvchi organidan joy egallagan ayrim deputatlar faoliyati quyi palatada ushbu maqsad sari dadil qadam tashlanayotganidan dalolat bermoqda.

Tahlilchilarning fikricha, shu kungacha yangi tarkibdagi deputatlar tomonidan 25 ta qonun va bitta muhim qaror qabul qilingan.

Oliy Majlisda, shuningdek, parlament soʻrovi, parlament eshituvi institutlaridan ham samarali foydalanilayotganini aytish mumkin. Xususan, yangi parlamentda shu kungacha 10 ta parlament eshituvi, 2 ta hukumat soati tadbirlari oʻtkazilgan. Parlamentda kuzatilayotgan fraksiyalararo bahs-munozaralar esa chindan ham deputatlarning murosasizlik illatidan tezroq qutulishga harakat qilayotganlarini anglatadi.

Keyingi paytlarda deputatlar Prezident farmoni va qarorlari yoxud davlat dasturlarining soha va tizimlardagi ijrosiga ham alohida eʼtibor qarata boshladilar. Bu esa eng avvalo, fuqarolarimiz koʻrib, bilib turgan muammolarning ijobiy hal etilishiga xizmat qilyapti.

Hisob palatasi tomonidan Xalq taʼlimi vazirligi tizimida 2018-2019-yillarda byudjetdan ajratilgan mablagʻlardan foydalanish samaradorligi hamda 2020-yilgi xarajatlarni maqbullashtirish imkoniyatlarini aniqlash boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganish natijalari muhokamasi ham bunga misol boʻlishi mumkin. Deputatlarning ushbu masalaga munosabatlari va yakuniy xulosalar bilan tanishgan kishi esa beixtiyor Hisob palatasining oʻz nonini halollab yeyayotganiga ishonch hosil qiladi.

Maʼlumotlarga qaraganda, oʻtgan ikki yil davomida ayrim xalq taʼlimi boʻlimi mutasaddilari davlat mablagʻlarini oʻzlashtirishda goʻyoki oʻzaro musobaqa uyushtirganga oʻxshaydilar. Xususan, umumtaʼlim maktablari xodimlariga ish haqi toʻlashda 52,5 mlrd. soʻm miqdorida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilib, ish haqi mablagʻlaridan 40,2 mlrd. soʻm oʻzlashtirib yuborilgan. 12,3 mlrd. soʻm esa kimlargadir notoʻgʻri va ortiqcha toʻlangan.

19,5 mlrd. soʻm naqd pul bankdan ortiqcha olingan boʻlsa, 12 mlrd. soʻm ishlamaydigan xodimlarga ish haqi sifatida berilgan. 8,7 mlrd. soʻm ham ish haqi qoʻshib yozish orqali oʻzlashtirilgan.

Misol uchun, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida 4,1 mlrd. soʻm naqd pul soxta toʻlov vedomostlarini rasmiylashtirish orqali oʻzlashtirilgan. Andijon shahrida 35 holatda 4 444 mln. soʻm, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida 87 holatda 1 814,2 mln. soʻm, Qamashi tumanida 81 holatda 1326,7 mln. soʻm, Samarqand viloyatining Payariq tumanida 51 holatda 884 mln. soʻm hamda Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida 131 holatda 342,2 mln. soʻm miqdoridagi mablagʻlar nomi boru, oʻzi yoʻq oʻqituvchilarga ish haqi sifatida yozilgan.

Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida 175 holatda 1 191,2 mln. soʻm, Andijon viloyatining Andijon shahrida 17 holatda 1314,7 mln. soʻm, Marhamat tumanida 41 holatda 956,4 mln. soʻm miqdoridagi mablagʻ xodimlar nomiga yozilib, keyin oʻzlashtirilgan.

Parlament aʼzolari “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga zid ravishda 8 449 holatda 56,1 mlrd. soʻmlik shartnomalar tuzilganiga ham eʼtibor qaratdilar.

Shu oʻrinda Davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslangan usullarini chetlab oʻtish maqsadida shartnoma qiymatini sunʼiy ravishda bir necha qismlarga boʻlgan holda 27,3 mlrd. soʻmlik shartnomalar tuzilib, 14,9 mlrd. soʻmlik, xaridlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni maxsus-axborot portaliga kiritmasdan 5,4 mlrd. soʻmlik, tanlovni shaffof oʻtkazmasdan 4 mlrd. soʻmlik, eʼlonlarda mahsulot nomi (brend)ni koʻrsatish bilan boshqa ishlab chiqaruvchilar ishtirokini cheklash orqali esa 4,5 mlrd. soʻmlik mahsulotlarni xarid qilganlar.

Misol uchun, Qumqoʻrgʻon tuman Xalq taʼlimi boʻlimi mutasaddilari 2018-yilning 14-noyabrida 210 mln. soʻmlik isitish vositalarini xarid qilish uchun ularni 53 ta qismga ajratib, har birini 4 mln. soʻmdan auksion oʻrniga magazindan sotib olishgan.

“Oʻquv taʼlim-taʼminot” DUK tomonidan Toshkent shahar maktablariga jihozlar sotib olish uchun 4 mlrd. soʻmlik tanlov taʼsischilari oʻzaro yaqin qarindoshlar, bitta yuridik manzilda boʻlgan va ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlmagan tashkilotlar oʻrtasida oʻtkazilgan. Xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish tahlili ham 21 mlrd. soʻmlik notoʻgʻri xarajatlarga yoʻl qoʻyilganini koʻrsatdi.

Jumladan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ekspertiza xulosasi olinmasdan turib, 16,1 mlrd. soʻmlik loyihalar amalga oshirilgan. Tizimda mavjud boʻlgan majmualardan foydalanilmasdan, yangi elektron dastur yaratish uchun 3,2 mlrd. soʻm mablagʻ sarflangan.

Oylik olib ishlayotgan xodimlar bajarishi lozim boʻlgan ishlarga esa boshqalar bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalari tuzilib, 1,4 mlrd. soʻm miqdoridagi mablagʻ toʻlab berilgan. Faoliyat koʻrsatmagan Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasini saqlashga esa 350 mln. soʻm yoʻnaltirilgan.

Quyidagi misollarga eʼtibor bering: xalq taʼlimi tizimida 527,7 mln. soʻmga yaratilgan “Kitob.uz” elektron dasturiy majmuasi mavjud boʻla turib, “Xalq taʼlimi tizimi korporativ elektron kutubxonalar tarmogʻi” loyihasi uchun 1,2 mlrd. soʻm mablagʻ sarflangan.

Yangi maktablar qurish, kapital va joriy taʼmirlash hamda ularni jihozlashga ajratilgan byudjet mablagʻlarining 27,7 mlrd. soʻmi ham notoʻgʻri ishlatilgan. Jumladan, bajarilmagan ishlarni rasmiylashtirish, samarasiz, zarur boʻlmagan ishlarni bajarish, loyiha-smeta hujjatlariga bajarilishi lozim boʻlmagan ishlarni kiritish natijasida 5,7 mlrd. soʻm mablagʻ notoʻgʻri sarflangan.

Masalan, Beruniy tumani hokimi qarori bilan qoʻshimcha manbalar hisobidan 58-maktab filialini qurish uchun 420 mln. soʻm toʻlanib, dalolatnomalar orqali qurilish ishlari qabul qilib olingan. Ushbu maktab joyiga chiqib koʻrilganda, umuman bino qurilmay, maydonning boʻsh turgani aniqlandi.

Parkent tumanidagi 39-sonli maktabni kapital rekonstruksiya qilish uchun qiymati 50,4 mln. soʻmlik 4 ta konditsioner va 1 komplekt “dush kabinasi” oʻrnatilmagan boʻlsa-da, dalolatnoma bilan ushbu jihozlar oʻrnatilgan deb qabul qilingan.

Angren shahridagi 17-sonli maktabni mukammal taʼmirlash uchun binoning qavatlar orasi temir beton plitalar bilan yopilib, 4 367,0 metr kvadrat hajmda koridor va oʻquv xonalarining shifti (potologi) “Shaharsozlik normalari va qoidalari”ga asosan quruq aralashma (shpatlyovka) bilan tekislanib, boʻyoq sepilishi lozim edi. Ammo amalda gipsokarton bilan qoplangan, xolos. Shunga qaramay, bunday “bunyodkor”lik uchun 727,9 mln. soʻm mablagʻ sarflangan.

Shuningdek, dalolatnomalarda rasmiylashtirilgan ishlar oʻrganilganda 197,8 mln. soʻm qiymatdagi 1 200,0 metr kvadrat tom yopish ishlari umuman bajarilmagani maʼlum boʻldi.

Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi 2-sonli umumtaʼlim maktabida 125,7 mln. soʻmlik, Xorazm viloyatining Xazorasp tumanidagi 9-sonli umumtaʼlim maktabida 90,6 mln. soʻmlik ishlar qogʻozlarda “bajarilgan” xolos. 2019-yili maktablarga yetkazib berilgan 13,9 mlrd. soʻmlik jihozlarning belgilangan standart va tasdiqlangan texnik talablarga javob bermasligi ham taʼlim tizimida egasizlik avj olganini koʻrsatadi.

Maktablar omborida 3,8 mlrd. soʻmlik jihozlar foydalanilmasdan saqlanayotganidan ham vazirlik mutasaddilari bexabar boʻlishlari mumkinmidi? 3 mlrd. soʻmlik jihozlar esa shu kungacha maktablarga yetkazib berilmagan. Ularning qimmat narxlarda sotib olingani natijasida 901 mln. soʻm ortiqcha mablagʻ sarflangan.

Misol uchun, Bekobod shahridagi 38-sonli, Quyi Chirchiq tumanidagi 48-sonli maktab filiallarida shunday holatlarga yoʻl qoʻyilgan. Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan oz emas, koʻp emas 12 mlrd. soʻmlik notoʻgʻri va ortiqcha xarajatlarga yoʻl qoʻyilgan. Jamgʻarma hisobidan amalga oshirilishi lozim boʻlsa-da, 10 mlrd. soʻmlik byudjet mablagʻlari chet tili darsliklarini asossiz xarid qilishga yoʻnaltirilgan.

Shu oʻrinda xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga ortiqcha 1,8 mlrd. soʻm, stilistik va orfografik xatolar bilan nashr etilgan 49 ming 600 nusxadagi 10-sinf oʻquvchilarining “Istoriya Uzbekistana” darsligi uchun 198 mln. soʻm samarasiz sarflanganini qanday izohlash mumkin?

Ushbu jamgʻarma vazirlik soʻrovnomalariga asosan darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni xarid qilish va yetkazib berish xarajatlarini moliyalashtirish bilangina cheklanib qolgan.

Ayrim maktablardagi sport zallari va sport maydonchalari xususida ham ana shunday fikr bildirish mumkin. Garchi belgilangan talablarga javob bermay, ularda sport inshooti boʻlmasa-da, barchasiga belgilangan qoidalarga mos kelishi toʻgʻrisida pasport berilgan. Eng yomoni ushbu maqsadlarga 1,1 mlrd. soʻm mablagʻ sarflangan.

Misol uchun, Sport inshooti pasporti berilgan maktablarning 1811 tasida tomoshabinlar uchun umuman oʻrindiqlar mavjud emas, 1435 tasi xavfsizlik va signalizatsiya tizimi bilan taʼminlanmagan, 390 tasiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun dori-darmonlar yetkazib berilmagan.

Chortoq tumanidagi 49-maktabda umuman sport zali mavjud emas. Lekin shunga qaramay, Jismoniy tarbiya va sport vazirligining “Sertifikatlashtirish va kompyuterlashtirish” Markazi tomonidan 669 ming soʻm yigʻim undirilib, ushbu maktabga pasport berilgan. Albatta, bunday xulosalarga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmay qolasan. Ammo haqiqat achchiq boʻladi. Davlatimiz rahbari barcha soha va tizimlarda tub oʻzgarishlarni amalga oshirish, ayniqsa, taʼlim tizimini tubdan oʻzgartirish maqsadida oʻnlab farmon va qarorlar qabul qilayotgan bir paytda ayrim amaldorlarning bunday ishlarga tomoshabin boʻlib turishini qanday izohlash mumkin?

Ha, chindan ham bugunga kelib, parlamentda ana shunday muammolarga murosasiz munosabat bildirilmoqda. Agar xatolardan tegishli xulosa chiqarilavermasa, ertaga biron-bir deputatning “Janob vazir, isteʼfoga chiqmaydilarmi?” deb yuborishi ham hech gap emas.

Umid ARSLONBEKOV,

siyosiy sharhlovchi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?