Xorijiy investor vakilining respublika ishchi guruhidan nega yordam soʻradi?

17:41 01 Iyun 2019 Iqtisodiyot
486 0

Ayni damda mamlakatimiz rahbarining “Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab – quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora – tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida tuzilgan respublika ishchi guruhi Buxoro viloyatida tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazyapti.

Ishchi guruhining Kogon tuman hokimligi binosida Buxoro, Kogon shaharlari va tumanlari hamda Qorovulbozorda faoliyat yuritayotgan ishbilarmonlar bilan dastlabki muloqotida taʼkidlanganidek, joylarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari tashkil topmoqda. Asosiy maqsad chet ellik investorlarning murojaatlari bilan ishlashni yuqori darajaga koʻtarish, ularning qonuniy talablarini roʻyobga chiqarish, mahalliy tadbirkorlarning muammolarini hal etish, hududlarning ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanishiga real hissani koʻpaytirish, aholining ish bilan bandligini oshirishdir.

Endi bevosita murojaatlarga toʻxtalsak.Janubiy Koreyaning Inchon shahri “Korea medical fund Sangwon Clinik Himchan” klinikasi maʼmuriyati boʻlim boshligʻi Kim Kyu Yong ishchi guruhiga murojaat qilganlarning dastlabkisi boʻldi.Gap shundaki, Buxoro shahrida mazkur klinikaning filiali barpo etildi.Eʼtiborlisi, koreyalik investorlar bu loyiha roʻyobi uchun 6 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan – toʻgʻri sarmoya kiritishyapti. Shuning 3 million AQSH dollarini zamonaviy tibbiy asbob – uskunalar tashkil etadi.

-Biz bu uskunalarni Oʻzbekiston bozorida sotish emas, balki aholiga jahon andazalari darajasida tibbiy xizmat koʻrsatish uchun olib kelyapmiz, - deydi Kim Kyu Yong. - Ammo bizdan buning uchun koʻplab hujjatlar talab qilishyapti, ortiqcha sarf – xarajatlarga qolyapmiz. Shu masala yechimida amaliy yordam berishlaringni soʻraymiz.

Surishtiruv shuni koʻrsatdiki, bu masalada bojxona tizimida hech qanday muammo yoʻq. Faqat mazkur tibbiy asbob – uskunalar tegishli tartibga koʻra, respublika Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan olti oy muddat ichida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim ekan. Shu “olti oy muddatda” degan yozuv xorijiy investorning qoʻlini bogʻlab turibdi. Qiziq, nega uch yoki bir oy emas , olti oy muddat ekan? Ularni roʻyxatdan oʻtkazish uchun nega oʻn yoki yigirma kun kifoya qilmaydi? Qolaversa, respublikamizda noyob sanalgan bu tibbiy jihozlar qancha tez olib kirilsa shuncha yaxshi emasmi? Axir, klinika tezroq oʻz ishini boshlasa, oʻnlab, balki yuzlab bemorlar uchun najot vazifasini oʻtashi mumkin. Ishchi guruhi masalaga shu nuqtai nazardan yondashib, masalani respublika darajasida hal etishga kirishdi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?