Xorazmda Latviya bilan hamkorlikda qora ikra ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishi mumkin

15:35 17 May 2020 Iqtisodiyot
168 0

Oʻzbekistonning Latviyadagi elchixonasi baliq va ikra yetishtirishda yuqori samarali texnologiyalardan foydalanib keladigan Mottra kompaniyalar guruhi bosh eksperti, shuningdek, ushbu sohadagi Hibitech va HydroBioTech yetakchi kompaniyalari boshqaruv kengashi aʼzosi Sergey Trachuk bilan onlayn-muzokaralar tashkil etdi. Bu haqda “Dunyo“ AA xabar berdi.

Ushbu kompaniyalar koʻp sonli patentlar va sifat sertifikatlariga ega. Bular baliqchilik sohasida eng zamonaviy va ilgʻor texnologiyalarni yaratish natijasida qoʻlga kiritilgan.

Mazkur brendlar mahsulotlari Yevropa, Amerika va Osiyoga eksport qilinadi.

Tadbirda mamlakatimiz Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakillari ishtirok etdi.

Unda Latviya bilan oʻzaro hamkorlik istiqbollari va Xorazm viloyatida baliqchilik xoʻjaligi kompleksini yaratish boʻyicha investitsion loyihani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Binobarin, Latviya tomoniga viloyatning sarmoyaviy salohiyati haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Vakillarimiz mazkur sohaga investitsiya loyihalarini tatbiq etish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
 

Oʻz navbatida S.Trachuk ham Oʻzbekistonda baliqchilik sohasini jadal rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion usullarni joriy etgan holda baliq ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish boʻyicha maqsadli ishlar amalga oshirilayotganini eʼtirof etdi. Bu yoʻlda qisqa vaqt ichida zarur qarorlar qabul qilinganini taʼkidladi.

U Oʻzbekistonda baliqlarni intensiv yoʻl bilan yetishtirishning ilgʻor usullari, koʻp tarmoqli ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishda innovatsion gʻoyalar hamda resurstejamkor texnologiyalarni tatbiq etish, fermer xoʻjaliklari suv havzalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini yuqori baholadi.

Latviyalik ishbilarmon Xorazmda “Qora ikra ishlab chiqarishni oʻz ichiga olgan koʻp tarmoqli xoʻjalikni yaratish“ loyihasini amalga oshirish boʻyicha takliflarini bildirib oʻtdi.

Tomonlar koʻrsatib oʻtilgan yoʻnalishlarda loyiha takliflarini oʻzaro hamkorlikda ishlab chiqish va kelgusida shu boʻyicha amali harakatlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?