Xitoyning “Global Times” gazetasida oʻzbek palovi haqida maqola chop etildi

19:30 18 May 2020 Welcome to uzbekistan
242 0

Xitoyning “Global Times” kundalik gazetasida “Oʻzbek palovi: Buyuk ipak yoʻlining shohona taomidan tatib koʻrish imkoniyatini boy bermang” sarlavhasi ostida maqola chop etildi, deb yozadi “Dunyo” AA.

Maqola muallifi Yang Shu Oʻzbekistonga qilgan safari taassurotlarini quyidagicha bayon qiladi: “Safar oldidan yurtingizda boʻlgan doʻstimdan mamlakatingiz haqida soʻraganimda, u menga Oʻzbekistonda tarixiy osori-atiqalar, goʻzal meʼmoriy binolar, sharqona bozorlar, mehmondoʻst odamlarni koʻrasan, lekin eng muhimi shohona taom palovni tatib koʻrishimni aytdi. Haqiqatdan ham doʻstim adashmagan ekan, osh oʻzbek oshxonasining shohi ekaniga yana bir bor amin boʻldim”.

Maqola muallifi Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Oʻzbekiston oʻzining milliy urf-odatlari, mazali va menyuga boy oshxonasi bilan ajralib turishini aytadi.

“Palov mintaqa mamlakatlarining barchasida uchrasa-da, oʻzbek oshi ular orasida eng zoʻri. Oʻzbekistonga kelgan xorijlik mehmon borki, bir bor boʻlsa-da, palovni tatib koʻrishi kerak”, deya qayd etadi muallif.

Yang Shu oʻz maqolasida Oʻzbekistonda osh tayyorlash va uning tarixi haqidagi maʼlumotlar bilan ham boʻlishadi.

“Tugʻilgan kun, toʻy, turli marosimlar va bayramlar borki, ular osh taomisiz oʻtmaydi. Toshkentda boʻlib oʻtgan anʼanaviy madaniyat festivalida rekord darajadagi osh tayyorlandi. 50 dan ziyod oshpaz diametri 4,2 metr boʻlgan qozonda besh soat ichida 7 ming 360 kilogrammlik palov tayyorlanib, jahon rekordi oʻrnatildi”, deyiladi maqolada.

Xitoy jamoatchiligi ushbu maqola orqali mamlakatimizda osh va uning hududlar kesimida tayyorlanish usullari haqida batafsil maʼlumotga ega boʻladi.

“Oshni yegan inson uzoq vaqt oʻzini tetik va toʻq his qilgani bois u olis safarga chiqqan insonlarning sevimli taomi hisoblangan. Aslida, oʻzbek oshxonasining koʻplab anʼanaviy taomlari yuqori kaloriyali ovqatlardan iborat. Ular asosan goʻsht, mol yogʻi, yongʻoq va pista moyi, don va ziravorlardan tayyorlanadi. Ammo mahalliy aholi kuchli kaloriyaga ega bunday taomlarni yeyishdan xavotirga tushmaydi. Sababi Oʻzbekistonda ovqatlanish madaniyati muvozanat tamoyiliga asoslangan: hoʻl meva va sabzavotlarning koʻpligi yogʻli taomlar hazm boʻlishini yaxshilaydi. Bundan tashqari, mavsumiy taomlar oʻzbek oshxonalarida keng tarqalgan boʻlib, ular iqlimga va vitaminlarga boʻlgan ehtiyojga qarab oʻzgarib turadi. Masalan, xalq tabobatiga koʻra, bahorda koʻproq koʻkatlarni isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Shu sabab bahoriy bayramlarda dasturxonga turli koʻkatlardan tayyorlangan sumalak, somsa va pishiriqlar tortiladi”, deyiladi xabarda.

“Oʻzbekistonga safarim chogʻida mahalliy aholi oʻzbek milliy oshpazlik madaniyati 3 ming yillik tarixga ega ekanini aytib berishdi. Eng muhimi, pazandalik – bu Oʻzbekistonda jiddiy fan sanaladi. XI asrning mashhur mutafakkiri Abu Rayhon Beruniy yashab oʻtgan zamonlarda ovqat tayyorlash inson salomatligi va sogʻlom turmush tarzining mezoni boʻlgan”, deya ilmiy asoslar orqali oʻz maqolasiga xotima yasaydi muallif.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?