Xitoyda banknotalar koronavirus sababli dezinfeksiya qilinadi

22:12 16 Fevral 2020 Siyosat
184 0

Foto: РИА Новости

 

Xitoy xalq banki koronavirus epidemiyasi ortida naqd puldan foydalanuvchilar xavfsizligini oshirish maqsadida bir qator choralar koʻrdi. Bu haqda bank rahbari oʻrinbosari Fan Ifey maʼlum qildi.

“Kasallik avj olgandan keyin biz aholining naqd puldan foydalanishi vaqtida xavfsizligi va salomatligiga alohida eʼtibor qarata boshladik va bir qator choralar koʻrdik. 17-yanvargacha Xitoy Xalq banki butun mamlakat boʻylab yangi banknotalarda 600 mlrd yuan (85,8 mlrd dollar) taqsimlanishini tashkillashtirdi”, deb aytgan mutaxassis.

Uning aytishicha, Xitoy yangi yili (24-yanvar) oldidan virus oʻchogʻi hisoblangan Uxan shahriga tezkorlik bilan yangi banknotalarda 4 mlrd yuan joʻnatilgan.

Fan Ifeyning taʼkidlashicha, provinsiyalar oʻrtasida hamda eng ogʻir epidemiologik vaziyat kuzatilayotgan provinsiyalar ichida naqd pullar aylanmasi toʻxtatilgan.

Shuningdek, vaziyat ogʻir boʻlgan provinsiyalarda banknotalar ultrabinafsha va yuqori haroratli dezinfeksiyadan oʻtkazilib, bankda 14 kun saqlanishi lozim. Shundan keyin ularni yana muomalaga chiqarish mumkin boʻladi. Vaziyat uncha ogʻir boʻlmagan hududlarda naqd pullar uchun “karantin” 7 kun bilan chegaralanadi.

Shu bilan birga, banklarga shifoxona va fermer bozorlaridan kelib tushuvchi pullar maxsus qayta ishlovdan oʻtkazilib, alohidalangan holda saqlanishi lozim. Bu pullar dezinfeksiya qilingach Xalq bankida qoladi va berilmaydi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?