Xarobaga aylanayotgan masjidlar

17:32 28 Oktyabr 2019 Madaniyat
175 0

Samarqand – “Yer yuzining sayqali, sharqning gavhari” - degan yuksak eʼtirofga sazovor boʻlgan muazzam shahar. Albatta, qutlugʻ maskanga bejiz bunday taʼrif berilmagan. Chunki uning bagʻrida xalqimizning uzoq oʻtmishi, boy tarixi, ulkan maʼnaviy xazinasi haqida guvohlik beruvchi va unsiz soʻzlovchi 490 ta madaniy meros obyektlari joylashgan.

Soʻnggi yillarda ushbu obyektlardan asosan diqqatga sazovor joylar va muqaddas qadamjolarga alohida eʼtibor qaratilib, ularda keng koʻlamli taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari olib borildi hamda bugun nihoyatda yaxshi holatda saqlanib kelinmoqda. Ammo, arxitektura yodgorliklarning ajralmas qismi boʻlgan masjidlarga qaratilayotgan eʼtiborni hamma joyda ham yaxshi deb boʻlmaydi. Madaniy meros obyektlarini inventarizatsiyadan oʻtkazish va ularning holati bilan yaqindan tanishish maqsadida joylarda boʻlgan OʻzMTDP viloyat kengashi ishchi guruhi oʻrganish davomida shunday xulosaga kelishdi.

Masalan, XIX asrda bunyod etilgan shahardagi Mulla Qalandar masjidi shu yerda yashovchi aholining mablagʻi hisobidan bir necha yil muqaddam taʼmirdan chiqarilgan. Maʼnan eskirgan eshik va derazalar zamonaviylari bilan almashtirilgan. Masjidning ustunlari, devorlari va shifti boʻyalgan kishi eʼtiborini tortadigan koʻrinish kasb etgan. Namozxonlar uchun qisman boʻlsa-da sharoitlar yaratilgan. Ammo bugun bu masjidda namoz oʻqilmaydi, undan mahalla ahli u-bu narsalarni saqlaydigan ombor sifatida foydalanib kelmoqda. Ushbu obyekt devorlarining poydevor qismi biroz zaxlagan. Bu holatni esa fuqarolar tabiat omillari taʼsiri bilan izohlamoqda.

photo5309985952468413473.jpg

Samarqand shahar Abdurasulov koʻchasida joylashgan XIX asrga tegishli boʻlgan “Koʻk masjid” majmuasi ham aholining va mutasaddi tashkilotlarning eʼtiboridan ancha chetda qolgan. Natijada masjid koʻrinishiga jiddiy putur yetib, taʼmirtalab holga kelib qolgan. Ustunlari va devorlari ancha yillardan buyon buyoq koʻrmagan. Tom qismi va tarnovlari eskirib, yaroqsiz holga kelib qolgani bois yomgʻir, qor suvlari masjid devorlarini yuvib oʻtadi. Oqibatda uning devorlari zaxlab gʻishtlarning joyidan koʻchish holatlari kuzatilmoqda. Bugun namoz oʻqilmaydigan ushbu masjid ham ancha xarob ahvolda.

Samarqand shahri Shoxruh koʻchasida joylashgan Yusuf Xarrot masjidi taxminan XIX asrning oxirlarida XX asrning boshlarida barpo etilgan boʻlib, madaniy meros obyektlari roʻyxatiga kiritilgan. Afsuski, partiya ishchi guruhi ushbu obyektni oʻrganish uchun koʻrsatilgan manzilga borganida vayronaning ustidan chiqdi. Masjiddan nom-nishon ham qolmagani har qanday kishini taajjubga solishi, tabiiy.

Mahalliy aholining taʼkidlashicha, ushbu masjid devorlari yomgʻir va qor suvlari taʼsirida yillar davomida nurab, yiqilib tushgan. Bugun bu yerda qurilish chiqindilaridan boshqa narsani uchratmaysiz. Hududning tozaligi, ozodaligi ham ushbu manzaraga mos. Holi xarob bunday masjidlarni koʻrib, nima deyishni ham bilmaysan kishi.

photo5312458994637450049.jpg

Soʻngsoʻz oʻrnida bitta haqiqatni aytishni lozim topdikki, mavjud madaniy yodgorliklarga bunday munosabatda boʻlish aslo yaramaydi. Barcha davlat va jamoat tashkilotlari ularni asrab-avaylash, taʼmirlash va kelajak avlodga bus-butun yetkazishga masʼul ekanligini unutmasliklari lozim. Zero, tarixga eʼtiborsiz boʻlish, kelajakka eʼtiborsiz boqish bilan barobardir.

OʻzMTDP Samarqand viloyat kengashi
matbuot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?