Xans Klyuge – JSST Yevropa mintaqaviy byurosining yangi direktori

17:12 17 Sentyabr 2019 Jamiyat
113 0

Avval xabar berganimizdek, Daniya poytaxti Kopengagen shahrida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy qoʻmitasining 69-sessiyasi boʻlib oʻtmoqda. Unda JSST Yevropa mintaqaviy byurosiga aʼzo 53 ta davlat sogʻliqni saqlash vazirlari, hamkor tashkilotlar va fuqarolik jamiyatlari vakillari qatori Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Maʼlumki, JSST Yevropa mintaqaviy byurosini mintaqaviy qoʻmita tomonidan saylanadigan direktor boshqaradi. Ushbu lavozimga aʼzo davlatlar tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar orasidan besh yil muddatga saylanadi. Mazkur nufuzli sessiyaning ikkinchi kuni, aynan, JSST Yevropa mintaqaviy byurosining yangi direktorini saylashdan boshlandi. Shunga koʻra, belgiyalik 50 yoshli mutaxassis Xans Klyuge olti nafar nomzod orasidan Yevropa mintaqaviy byurosining yangi direktori etib saylandi. Ayni paytga qadar u JSST Yevropa mintaqaviy byurosining sogʻliqni saqlash tizimlari va jamoat salomatligini muhofaza qilish boʻlimi direktori hamda ushbu byuro mintaqaviy direktorining maxsus vakili lavozimida faoliyat koʻrsatgan.

Sessiya doirasida Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Xans Klyuge bilan uchrashdi va uni masʼuliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, mintaqaviy byuroning qiyin, ammo muhim vazifalarini bajarishda ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Yevropa mintaqaviy byurosining yangi direktori, oʻz navbatida, Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlarni diqqat bilan kuzatayotganini taʼkidladi. Tibbiy yordam sifati va ulardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, onalar va bolalarga tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish, sohada xususiy sektorni rivojlantirish, mamlakatda elektron sogʻliqni saqlash tizimini keng joriy etish kabi koʻplab ustuvor yoʻnalishlarni qamrab olgan – 2019 - 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish jarayoni bilan qiziqib, bu borada qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

Sessiya ishtirokchilari tomonidan “Salomatlik – 2020” dasturi qabul qilingandan soʻng ulkan yutuqlarga erishilgani taʼkidlandi. “Salomatlik – 2020” siyosatiga muvofiq, milliy sogʻliqni saqlash dasturlariga ega mintaqadagi mamlakatlarning ulushi 2010-yildagi 36,4 foizdan ayni paytda 62,7 foizga oʻsdi. Natijada umr koʻrish davomiyligining oʻsishi va erta oʻlimning kamayishi kuzatildi. Shu bilan birga, baʼzi mamlakatlarda chekish, spirtli ichimliklar isteʼmol qilish, ortiqcha vazn va semirish, shuningdek, emlashning yetarli darajada emasligi kabi jihatlar hamon koʻzlangan maqsadga erishishga toʻsqinlik qilayotganligi qayd etildi.

Sessiyada, shuningdek, sogʻliqni saqlash boʻyicha tenglik, savodxonlik, tashkiliy va texnologik innovatsiyalar orqali tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini kuchaytirish kabi ustuvor masalalarga ham eʼtibor qaratilmoqda. Ikki tomonlama uchrashuv va amaliy brifinglarda sogʻliqni saqlash diplomatiyasi va migratsiyasi, bolalar va oʻsmirlar salomatligi, Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishni qoʻllab-quvvatlash manbalari, tibbiyot tizimlarini raqamlashtirish, kadrlar masalasi kabi koʻplab mavzular atroflicha muhokama qilinmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?