Xalqimizning hamjihatligi, birdamligi, bunyodkorligi ifodasi (Foto)

13:19 26 Mart 2020 Jamiyat
347 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Dunyoga nazar tashlaydigan boʻlsak, koronavirusga qarshi kurashishda kasalxonalarni tezlik bilan qurish tajribasi koʻpchilik davlatlar misolida oʻzini oqladi. Prezidentimizning topshirigʻiga binoan, koronavirusning tarqalib ketishining oldini olish, xorijdan olib kelinayotgan yurtdoshlarimizning karantin muddatida qulayroq sharoitlarda yashashi, mabodo virus aniqlangudek boʻlsa, davolanishlari uchun qulay va zamonaviy sharoit yaratish maqsadida tez fursatda shifoxona qurish ishlari jadallik bilan boshlab yuborildi.

Ulardan birining manzili sifatida poytaxtimizdan 25 kilometr uzoqlikdagi Toshkent viloyatining soʻlim goʻshalaridan biri, Yuqori Chirchiqdagi 50 gektardan ziyodroq maydon tanlandiki, bu yerning manzarasi, iqlimining oʻzi ham kishi qalbiga har qanday dardni yenggudek ishonch beradi. Bu yerda karantin hududi tashkil etilib, shifoxona qurish ishlari olib borilmoqda. Buning uchun hayot uchun zarur boʻlgan kommunikatsiya tarmoqlarini tortish ishlari ham parallel olib borilyapti. Gaz, suv, elektr energiyasi yetkazuvchi liniyalar tortilyapti. Mutaxassislar har bir ishni bamaslahat olib bormoqda. Vazifa aniq, masala jiddiy. Charter reyslar orqali xorijdan yuritimizga yetib kelgan yurtdoshlarimizning navbatdagi guruhi tez orada mana shu yerga joylashtiriladi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

— Karantinga moʻljallangan ishoot yonida, maxsus shifoxona quriladi, — deydi Qurilish vazirining birinchi oʻrinbosari Sherzod Hidoyatov. — Mabodo kelganlar orasida oʻn toʻrt kunlik karantin muddati ichida kasallik belgilari topilsa, ular shu yerda yonma-yon qad koʻtaradigan shifoxonaga oʻtkaziladi hamda bemor shu yerda davolanadi. Inshootlar oraligʻida maxsus sanitar zona tashkil etilib, ular orasidagi masofa 150 metrni tashkil etadi.

Karantin inshootlarida mazmunli dam olish imkoniyatlari ham yaratiladi, xonalarga televizorlar joylashtiriladi, issiq va sovuq suv, isitish hamda sovitish moslamalari va boshqa zarur infratuzilma yaratiladi. Oshxona, oziq-ovqat taʼminoti yoʻlga qoʻyiladi. Xitoy bunday shifoxonani oʻn kun ichida qurgan boʻlsa, bizning quruvchilarimiz besh kunda barpo etishni rejalashtirgan.

Ishchilar vaqti-vaqti bilan niqoblarini almashtirib turibdi, issiq ovqat bilan taʼminlangan.

— Savobli ishga oʻz hissamizni qoʻshayotganimizdan judayam xursandmiz, — deydi quruvchi Oxunjon Bekniyozov. — Hozirgi paytda yer ishlari amalga oshirilyapti. Bir ming olti yuzta kanteyner bu yerga joylashtiriladi. Meni brigadamda hozir yuz kishidan ortiq odam ishlayapti. Biz quruvchilar uchun bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida ham yangi shifoxona qurilishi jadallik bilan boshlab yuborildi. Fursat kam, vazifani esa uddalash kerak. Loyihalash singari murakkab jarayon ham koʻp choʻzilgani yoʻq.

— Ikkita bloklan iborat shifoxona loyihasi uch kun ichida ishlab chiqildi, — deydi “ToshuyjoyLITI” AJ Bosh direktori Nuriddin Normatov. — Shifokorlar yashash boʻlimlari, unga xizmat qiladigan yordamchi binolar, jonlantirish boʻlimlari, karantinda saqlanadigan bemorlar boʻlimi loyihada eʼtiborga olingan.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Loyiha smetasi sogʻliqni saqlash tizimi mutaxassislari takliflari inobatga olingan holda ishlab chiqildi, endi uni qisqa vaqt ichida yengil konstruksiyalar asosida barpo etish maqsadida qurilish jarayoni boshlandi.

— Prezidentimiz topshiriqlari asosida qurilish ishlari boshlab yuborildi, — deydi Qurilish vaziri Botir Zokirov. — Bu yerda ikkita klinikani bosqichma-bosqich qurish ishlari rejalashtirilgan. Buning uchun Xitoy tajribasi oʻrganildi. Qurilish materiallarini yetkazib beruvchilar aniqlanib, ular bilan kerakli shartnomalar tuzilyapti. Har bir ishchi xavfsizlik moslamalari bilan taʼminlangan. Klinikada eng kichik medpersonaldan tortib, shifokor, professorlar uchun alohida shart-sharoitlar yaratiladi. Oldimizga qoʻyilgan vazifani oʻz vaqtida, sifatli qilib bajarishga bel bogʻlaganmiz.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Tunu kun davom etayotgan bunyodkorlik ishlarida quruvchilar, payvandchi-montajchilar belgilangan navbat asosida zimmalaridagi mashaqqatli, oʻz navbatida sharafli vazifani bajarish uchun astoydil mehnat qilyaptilar. Ogʻir yumushlar, qurilish mahsulotlarini tashish va boshqa murakkab jarayonlarga koʻplab texnikalar jalb qilingan. Ayni paytda quruvchilar xavfsizligi, salomatligi ham doimiy nazoratda.

Poytaxtimizning Chilonzor tumanida koʻp tarmoqli maxsus tibbiyot majmuasi qurilmoqda.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

— Prezidentimiz topshiriqlari asosida bir oy ichida koʻp tarmoqli maxsus tibbiyot majmuasi qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda, — deydi “White City” MCHJ rahbari oʻrinbosari Alisher Yoʻldoshev. — Shu kunga qadar qurilish ishlariga ikki mingdan ziyod qishchi jalb qilindi. Bunyodkorlik ishlariga nafaqat mahalliy, balki chet eldan kelgan mutaxassislar ham hissa qoʻshmoqda. Biz hamjihatlik bilan oldimizga qoʻyilgan yuksak vazifani sidqidildan bajarishga intilyapmiz.

Koʻp funksiyali shifoxona uchun aholi turar joylaridan belgilangan uzoqlikdagi hudud tanlandi. Ayni damda qurilish ishlari bilan bir qatorda xonalarni eng zamonaviy tibbiyot jihozlari bilan taʼminlash, shuningdek, binoning atrofini oʻrab olish hamda unda kanalizatsiya, dezinfeksiyatizimlarini yoʻlga qoʻyish harakatlari ham boshlab yuborilgan.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

— Bugungi kunda loyihalar ustida jadal ishlar olib borilmoqda, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligining “Tibbiyot qurilish injiniring” DUK rahbari Jamshid Sohibov. —Har bir loyihamiz, har bir koykamiz, har bir oʻrinlarimiz SanPin meʼyor hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilishi jiddiy nazoratga olingan. Pudrat tashkilotlari ham loyiha-smeta hujjatlari boʻyicha qurilish ishlarini olib bormoqda. Ishlar tunu kun olib borilmoqda, shu yilning 20-apreligacha inshootni qurib, topshirish rejalashtirilgan.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Xulosa oʻrnida shuni aytish lozimki, koʻpga kelgan sinov xalqimizning azaliy insoniy qadriyatlarini yana bir bor yuzaga chiqardi. Yangi shifoxonalar qurilishining jadallik bilan boshlab yuborilgani, xalqimizning boshiga biroz tashvishli kunlar kelganda qoʻlni-qoʻlga berib, ezgu tashabbuslarga ergashishga kuch topayotgani xalqimizning hamjihatligi, birdamligi, bunyodkorligini yana bir bor namoyon qilmoqda.

Shahzod GʻAFFOROV

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?