Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Oʻzbekiston hukumatidan Markaziy bank mustaqilligini oshirishga chaqirdi

13:57 15 May 2019 Iqtisodiyot
383 0

XVJ Ijrochilar Kengashi 2019 yilning 6 – mayida XVJ toʻgʻrisidagi shartnomaning IV[1] moddasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi bilan maslahatlashuvlarini yakunladi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻzbekistonda 2018 yilda kuzatilgan noqulay ob-havo sharoitlari va suv taʼminoti bilan bogʻliq muammolarning qishloq xoʻjaligi, energetika va boshqa sektorlarga salbiy taʼsir koʻrsatishiga qaramasdan asosiy kapitalga yoʻnaltirilgan investitsiyalar hajmining sezilarli darajada oshishi hisobiga Yalpi ichki mahsulotning (YAIM) oʻsish surʼati 5 foizni tashkil etdi.

2018 yil oxirida isteʼmol sektoridagi inflyatsiya darajasi 14,5% gacha pasaydi. Shu bilan birga, yuqori kreditlash surʼatlari, narxlarni erkinlashtirishning davom ettirilishi, davlat sektorida ish haqilarning qayta koʻrib chiqilishi va yuqori darajadagi inflyatsion kutilmalar kabi omillar taʼsiri hisobiga 2019 yilda ham narxlarga boʻlgan bosim saqlanib qolishi mumkin.

2017 yilda tashqi savdo va almashuv kursining erkinlashtirilishi hamda 2018 yildagi iqtisodiyotni faol kreditlash siyosatining amalga oshirilishi oʻz navbatida, 2018 yilda import hajmining oshishiga va joriy operatsiyalar hisobvaragʻining salbiy saldosining YAIMga nisbatan 7 foizgacha pasayishiga olib keldi (2017 yilda oz miqdorda musbat saldo boʻlgan). Shunga qaramasdan, 2018 yil yakuni boʻyicha Oʻzbekistonda 13 oylik importni qoplashga yetarli boʻlgan sezilarli xalqaro oltin-valyuta zaxiralari mavjud va mamlakatning tashqi qarzi moʻtadil darajada (YAIMga nisbatan 35 foiz) qolmoqda.

2018 yilda soliq-byudjet siyosatini amalga oshirishda ehtiyotkorlik tamoyillariga asoslanilgan boʻlib, davlat byudjeti kamomadi (iqtisodiy dasturlarga ajratilgan kreditlarni hisobga olgan holda) YAIMga nisbatan 2 foizni va davlat qarzi YAIMga nisbatan 20 foizni tashkil etdi. QQS va foydali qazilmalardan tushgan daromadlar oshib, ular muhim ijtimoiy masalalarga va iqtisodiy dasturlarga ajratilgan kreditlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirildi. Hukumat 2019 yilda soliqlarni soddalashtirish, umum eʼtirof etilgan korporativ soliqlar tizimi hamda QQS bazasini kengaytirish bilan birgalikda xususiy korxonalar va jismoniy shaxslarga soliq yukini kamaytirishga qaratilgan keng qamrovli soliq islohotini boshladi.

Markaziy bank 2018 yilda qayta moliyalash stavkasini 14 foizdan 16 foizga koʻtarish orqali pul-kredit siyosatini qatʼiylashtirdi va ishlab chiqaruvchilardan monetar oltinni sotib olish natijasida vujudga kelgan ortiqcha likvidlilikni ichki valyuta bozoriga intervensiya qilish yoʻli bilan sterilizatsiya qilib bordi.

2017 yilda valyuta almashuv kursining nominal qiymati 60 foizgacha qadrsizlangandan soʻng 2018 yilda nisbatan barqarorlikni saqlab qoldi va natijada soʻm real almashuv kursining qadri oshdi. Shu bilan birga, davlat dasturlari doirasida maqsadli kreditlarning oshishi natijasida iqtisodiyotni umumiy kreditlash hajmining oʻsish surʼati 50 foizdan yuqori boʻldi. Bank tizimi aktivlarining 85 foizi davlat ulushi mavjud tijorat banklari hissasiga toʻgʻri keladi va ushbu banklarning asosiy vazifasi davlatning investitsion va rivojlanish dasturlarini qoʻllab-quvvatlashdan iborat. Shunga qaramasdan, tijorat banklarining barqarorlik koʻrsatkichlari ishonchliligicha qolmoqda. Bunda, Markaziy bank oʻzining nazorat salohiyatini takomillashtirish va yangi makroprudensial tartibga solish instrumentlarni joriy qilish orqali kutilayotgan xavf-xatarlarni oldindan baholab oʻz vaqtida zarur choralar koʻrib bormoqda.

Tarkibiy va institutsional islohotlar muvaffaqiyatli davom ettirilishi bilan birga kelgusida keng doiradagi islohotlarni amalga oshirish koʻzda tutilmoqda. Hukumat tomonidan davlat korxonalarini isloh qilish borasidagi chora-tadbirlar davlat aktivlarini boshqarish agentligining tashkil etish, energetika va transport sektorlaridagi majburiyatlarni qayta taqsimlash hamda korxonalarni restrukturizatsiya qilish yoki xususiylashtirishga tayyorlash orqali jadallashtirilmoqda.

Navbatdagi islohotlar narxlarni yanada erkinlashtirish, ishchi kuchi malakasini oshirish, yerga egalik qilish boʻyicha islohotlarni amalga oshirish, tartibga soluvchi normativlarni optimallashtirish va davlat boshqaruvini yaxshilashga qaratilgan. Oʻzbekiston “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ni qabul qildi. Bunda asosiy eʼtibor taʼlim, sogʻliqni saqlash, jinsiy tenglik, infratuzilma va moliyaviy ommaboplik kabi sohalarga qaratiladi.

Ijrochilar Kengashining bahosi

Ijrochilar Kengashining direktorlari iqtisodiy islohotlarning dastlabki toʻlqini, yaʼni, valyuta bozorini erkinlashtirish hamda soliq siyosati sohasidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatladilar. Bu islohotlar, oʻz navbatida, barqaror oʻsish surʼatlarini taʼminlashga va yanada ochiq bozor iqtisodiyotiga oʻtishga xizmat qiladi. Kengash direktorlari kelgusida asosiy eʼtiborni mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, inklyuziv (keng qamrovli) iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish va xususiy sektorda yangi ish oʻrinlarini yaratishga qaratish lozimligini taʼkidlashdi.

Bundan tashqari, direktorlar inflyatsiya darajasini pasaytirish uchun qatʼiy pul-kredit siyosatini davom ettirish va iqtisodiyotni kreditlash hajmlari oʻsishini tashqi va ichki barqarorlik talablariga moslashtirish zarurligini taʼkidladilar. Kreditlar oʻsishini maqbullashtirish va iqtisodiy dasturlarga ajratilgan kreditlarni bosqichma-bosqich kamaytirish inflyatsion bosimni cheklash, tashqi savdo defitsitini qisqartirish hamda iqtisodiyotning oʻsish va pasayish sikllari hisobiga yuzaga kelishi mumkin boʻlgan zararlarini oldini olishga yordam beradi.

Direktorlar valyuta kursining oʻzgaruvchanligini saqlab qolishni maʼqullashdi, bu iqtisodiyotning moslashuvchanligini oshirishga imkon beradi. Shuningdek, ular Hukumatni Markaziy bankning mustaqilligini oshirishga chaqirishdi.

Direktorlar Hukumatning umumiy byudjet defitsiti va davlat qarzini oʻrta darajada saqlab qolishga qaratilgan fiskal siyosatdagi ehtiyotkorona yondashuvni qoʻllab-quvvatladi. Ular Hukumatning 2019 yilda maqsadli kreditlarni kamaytirish va 2020 yilgi byudjetda barcha byudjetdan tashqari operatsiyalarni qamrab olish borasidagi maqsadlarini ijobiy baholadilar. Oʻzbekistonda yuqori investitsion talab mavjud boʻlgan sharoitda, xarajatlar oʻsishini maqbullashtirilishi makroiqtisodiy barqarorlikka ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini taʼkidladilar.

Direktorlar Hukumatning soliq sohasidagi islohotlarini amalga oshirishdagi qarorini yuqori baholadilar hamda ushbu islohotlarni puxta amalga oshirish, zarur hollarda, ayniqsa davlat korxonalaridan soliq tushumlari kamayishi kuzatilgan hollarda qoʻshimcha chora-tadbirlarni qoʻllashga tayyor turishni tavsiya qildilar.

Banklarning barqarorlik koʻrsatkichlari yuqori boʻlishiga qaramay, direktorlar davlat banklarida uzoq vaqtlardan beri yechilmay kelayotgan moliyaviy aktivlar bilan bogʻliq muammolarni hal qilish va ularning boshqaruvini yaxshilash zarur deb hisoblaydilar. Ular bank tizimini restrukturizatsiya qilish strategiyasini ishlab chiqish, ilgʻor xalqaro tajribalarga mos keluvchi nazorat salohiyatini oshirish hamda makroprudensial instrumentlardan yanada faol foydalanish boʻyicha Hukumat saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatladilar.

Tarkibiy islohotlarning murakkabligini hisobga olgan holda, direktorlar mamlakat Hukumatiga yangi ish oʻrinlari yaratishga hamda muammolarni bartaraf etishga qaratilgan islohotlarning ustuvorligidan kelib chiqib, ularning ketma-ketligini belgilab olishni tavsiya qildilar. Ular biznes muhitini yaxshilash, shu jumladan, biznes yuritishda xarajatlarni qisqartirish va davlat boshqaruvini mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarni maʼqulladilar.

Direktorlar korporativ boshqaruvni yaxshilash va xususiylashtirishga ruxsat berish yoki aksiyadorlar sonini koʻpaytirish orqali davlat korxonalarini isloh qilish zarurligini taʼkidladilar. Oldindan aniqlash mumkin boʻlgan tartibga solish va meʼyoriy-huquqiy bazani taʼminlanishi xususiy tadbirkorlik hamda xorijiy investitsiyalar hajmining kengayishini ragʻbatlantiradi. Direktorlar Oʻzbekistonning aholi savodxonligini oshirish, shuningdek, huquqiy, meʼyoriy va institutsional islohotlarni olib borish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishni yanada kuchaytirishni borasidagi ishlarni tamomila qoʻllab-quvvatladilar. Ular Hukumatni iqtisodiy maʼlumotlar sifati va shaffofligini yaxshilash borasidagi ishlarni davom ettirishga chaqirdilar.

Direktorlar Hukumatning “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga asoslangan inklyuziv oʻsish borasidagi chora-tadbirlar dasturini, shu jumladan, kadrlar tayyorlash, mehnat bozorida faol dasturlarni moliyalashtirishni kengaytirish, mehnat muhojirlarini qoʻllab-quvvatlash va mehnat bozorida islohotlar olib borish yoʻli bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga yordam koʻrsatish rejalarini maʼqulladilar.

Odatda har yili XVJ unga aʼzo mamlakatlar bilan XVJ toʻgʻrisidagi shartnomaning IV-moddasiga rioya qilish boʻyicha ikki tomonlama muhokamalarni amalga oshiradi. XVJ ekspertlari mamlakatlarga tashrif buyurib iqtisodiy va moliyaviy koʻrsatkichlar boʻyicha maʼlumotlar yigʻadi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari bilan mamlakatdagi iqtisodiy rivojlanish siyosatini muhokama etadi. Ekspertlar bosh qarorgohga qaytishganidan soʻng Ijrochilar Kengashida muhokama qilish uchun hisobot tayyorlaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?