Xalqaro siyosiy institutlar mutasaddilari: “Oʻzbekistondagi saʼy-harakatlarga xayrixohmiz”

14:08 07 Noyabr 2019 Siyosat
99 0

Prezidentimiz 2019-yilning 15-iyunida Dushanbe shahrida oʻtkazilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning beshinchi sammitidagi soʻzlagan nutqida dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, maʼrifat va madaniyatlarni oʻzaro boyitish masalalari boʻyicha tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyishda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi samarali platforma boʻlishini alohida taʼkidlagan edi.

Ana shu tashabbusning navbatdagi amaliy tasdigʻi sifatida joriy yilning 2-3-noyabr kunlari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida AQSH Tinchlik instituti bilan hamkorlikda xalqaro anjuman oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston, AQSH, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston Turkmaniston va Afgʻonistondan ellikka yaqin xalqaro ekspert hamda ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida mehmonlar Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qilib, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Anjuman ishtirokchilari Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, bu yoʻnalishda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Muxbirimiz xalqaro seminar ishtirokchilarining fikr-mulohazalarini yozib oldi. Quyida ular bilan tanishishingiz mumkin:

Nensi LINDBORG,

AQSH Tinchlik instituti prezidenti:

— “S5+1” doirasida boʻlib oʻtayotgan seminar AQSH Tinchlik instituti va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda tashkil qilinganidan bagʻoyat mamnunmiz. Anjumanda Markaziy Osiyo davlatlarining ilmiy doira vakillari, adashib notoʻgʻri yoʻlga kirib qolganlarni sogʻlom hayotga qaytarish sohasining yetuk ekspertlari qatnashmoqda.

Seminardan koʻzlangan asosiy maqsad terroristik va ekstremistik tashkilotlarga aldov yoʻli bilan kirib qolganlarni toʻgʻri yoʻlga boshlash, notinch oʻlkalarga ketganlarni yurtiga qaytarib, reabilitatsiya qilishga koʻmaklashish masalalarini muhokama qilish, fikr va tajriba almashishdan iborat. Bu ishlarni amalga oshirishda “S5+1” mamlakatlari bilan hamkorlikni tobora kengaytirmoqdamiz. Ishonchim komilki, samara oʻzini uzoq kuttirmaydi.

Biz Oʻzbekistonga tashrif asnosida hukumat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari mutasaddilari bilan koʻplab uchrashuvlar oʻtkazib, shu masalalarni muhokama qildik.

Oʻzbekiston rahbariyatining tashabbusi bilan bir guruh ayol va bolalar yurtga qaytarilgani jasoratli ish boʻldi. Bu ezgu tadbir boshqa davlatlar uchun oʻrnak boʻlib, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham oʻxshash harakatlar boshlanishiga turtki berdi.

Markaz toʻgʻrisidagi taassurotlarim bir olam. U milliy va zamonaviy meʼmorlik anʼanalari asosida barpo etilgan, barcha qulayliklarga ega, texnik jihozlanishi rivojlangan davlatlar vakillarida ham havas uygʻotadi. Ayniqsa, bu yerdagi ilmiy muhit alohida ajralib turadi. Tadqiqotchilar bilan uchrashib bildimki, bu yerda oʻz sohasining yetuk mutaxassislari ishlaydi.

Keneshbek SAYNAZAROV,

Qirgʻiziston Respublikasidagi “Mushtarak manfaatlarni aniqlash” Markaziy Osiyo dasturlari direktori:

— Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi oʻta noyob muassasalardan boʻlib, butun Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy ilmiy va madaniy mulki sanaladi.

Biz markaz bilan may oyidan buyon yaqindan hamkorlik qilib kelyapmiz. Mana, bu yerdagi doʻstlarimiz bilan ushbu seminarni oʻtkazmoqdamiz. Anjumanda Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlardan vakillar qatnashayotgani juda quvonarlidir.

Ishonchim komilki, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi butun mintaqa mamlakatlari diniy-maʼrifiy muassasalari, barcha maʼrifatparvar ilm namoyandalari uchun Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Movarounnahrdan yetishib chiqqan boshqa buyuk allomalarning yoʻlini davom ettirishga xizmat qiladigan muloqot maydoniga, sheriklik markaziga aylanadi.

Markaz rahbariyati bilan suhbatda Markaziy Osiyoning har bir davlatidan 3-4 nafardan yosh tadqiqotchilarni bu yerda tadqiqot olib borishini tashkil qilish masalasini ham muhokama qildik — toki, taʼlim va izlanishlar nihoyasiga yetgach, ular yurtiga qaytib, olgan bilimlarini oʻz tilida yoysin.

Imom Buxoriy yashagan davrdan hozirgi kungacha bitilgan qoʻlyozmalarning qozoq, qirgʻiz, turkman va tojik tillariga tarjima qilinishi buyuk allomalarning boy merosini targʻib qilish yoʻlida muhim dasturilamal, ayni paytda radikalizm va ekstremizm kabi illatlarga qarshi maʼrifat bilan kurashishning kuchli mexanizmi boʻladi.

Markaz ilm ahlini birlashtirish, boy va noyob merosni oʻrganish va targʻib qilish borasida juda katta salohiyatga ega.

Rustam AZIZIY,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Islomiy tadqiqotlar markazi direktorining oʻrinbosari:

— Ushbu anjuman yuksak saviyada tashkil qilingani, markaz faoliyatining mazmunan juda boy ekani, xususan, allomalar merosini tiklash, oʻrganish va targʻib qilish, qaytadan anglash va zamonaviylashtirish borasidagi ishlar tahsinga loyiqligini alohida taʼkidlash joiz. Oʻzbekistonda islomiy merosni, xalqning qadimiy tarixini oʻrganishga qiziqish ortib borayotgani quvonarlidir. Zero, islomiy ilmlar, tarix butun Markaziy Osiyo xalqlari uchun oʻzligini belgilashda muhim omillardan sanaladi.

Imom Buxoriydek buyuk allomaning ilmiy merosini oʻrganish, jamoatchilikni bunga jalb qilish tarixiy ildizlarga qaytish, odamlarning qudrati va salohiyatini oshirish, hayotning barqarorligini taʼminlash, radikalizmni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tarixning mana shu qismiga alohida ahamiyat qaratib kelayotgani yaqin istiqbolda oʻz samarasini beradi, albatta. Bunday tashabbuslar ham mintaqaviy, ham xalqaro miqyosda qoʻllab-quvvatlanayotgani eʼtiborga molik. Bu borada biz ham Oʻzbekiston saʼy-harakatlariga xayrixohmiz.

O. FAYZIYEV (“Xalq soʻzi”) yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?