Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali ishtirokchilari Termiz xalqaro aeroportida kutib olindi

15:27 05 Aprel 2019 Madaniyat
856 0

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

Maftunkor Surxon vohasida oʻtkazilayotgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali ishtirokchilarining dastlabki guruhi Termiz xalqaro aeroportida tantanli kutib olindi.

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

Maʼlumotlarga koʻra, festival arafasida 80 davlatdan 300 nafarga yaqin ishtirokchilar saralash komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilgan. Shunga koʻra, 20 davlatdan 58 nafar ijrochi nufuzli sanʼat bayramining ijodiy tanlovida ishtirok etadi. Festival munosabati bilan oʻtkazilajak xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada 18 davlatdan 45 nafar xorijiy olim va tadqiqotchilar qatnashish istagini bildirgan. Shuningdek, 42 davlatdan 45 nafar mehmon, 18 davlatdan 25 nafar ommaviy axborot vositlari xodimi jarayonlarni bevosita kuzatishadi.

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

— Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan xalqaro baxshichilik festivalida qatnashish shaxsan menda katta ishtiyoq uygʻotdi, — deydi eronlik Ali Rizo — Chunki, yurtingiz tarixi, madaniyati har qanday kishini oʻziga rom etmay qoʻymaydi. Oʻzbek xalqining mehmondoʻstlik fazilati yurtingiz ostonasida, aeroportdayoq yaqqol koʻzga tashlandi. Koʻrsatilgan hurmat-ehtiromdan mamnunman. Festival koʻrik-tanlovida qatnashish barobarida mahalliy baxshilar bilan doʻstona hamkorlikni yoʻlga qoʻyish niyatidamiz.

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

Festivalda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Xitoy, Janubiy Koreya, Eron, Serbiya, Turkiya, Ozarbayjon, Bolgariya, Belgiya, Rosssiya va boshqa koʻplab xorijiy davlatlardandan xalq ogʻzaki ijodi ijrochilari ishtirok etadi.

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?