Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining sakkizinchi sessiyasi onlayn tarzda boʻlib oʻtdi.

23:29 22 May 2020 Siyosat
72 0

Sessiyada Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi aʼzolari, yuqori palata qoʻmitalari raislarining oʻrinbosarlari, Senat devonining tegishli boʻlinmalari xodimlari hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, barcha boʻgʻindagi hokimlar va ularning oʻrinbosarlari, viloyatning soha rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Sessiya ishida dastlab Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi tomonidan viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyat samaradorligini oshirish borasidagi ishlarni oʻrganish yakunlari koʻrib chiqildi.

Oliy Majlis Senati raisi oʻrinbosari Zayniddin Nizomxoʻjayev hamraislik qilgan sessiyada kun tartibidagi masala yuzasidan parlament yuqori palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov maʼruza qildi.

Qayd qilinganidek, Senat ishchi guruhi viloyatda 2-6-mart kunlari oʻrganish oʻtkazgan. Aniqlanganidek, viloyatni kompleks rivojlantirish va bu jarayonda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari salohiyatidan foydalanish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Davlatimiz rahbarining viloyatga 6-marta amalga oshirgan tashriflari davomida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida 450 dan ortiq loyiha tasdiqlanib, ular ijrosi taʼminlanmoqda.

Pirovardida 2019-yilda 40 mingta oʻrniga 45 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan hamda yalpi hududiy mahsulot hajmi 37 trillion 594 milliard soʻmni tashkil etgan. Bugungi kunda viloyat qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi boʻyicha respublikada 2-oʻrinda turadi.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish borasida ham ijobiy natijalarga erishilgan. Jumladan, 2019-yilda tibbiyot muassasalari 10,3 milliard soʻmlik zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlangan, tez tibbiy yordam avtomashinalar soni 115 tadan 260 taga yetkazilgan, oxirgi 3 yilda xususiy tibbiyot muassasalari soni 10 barobarga ortib, 376 taga yetgan.

Viloyatdagi 237 ta maktabni keng polosali (optik tolali) yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash ishlari olib borilgan, 764 ta maktab “Uztelecom” aloqa tizimi orqali internetga ulangan.

Sessiyada viloyatni rivojlantirishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan ayrim muammo va kamchiliklar borligi, mavjud salohiyatdan toʻliq foydalanilmayotganligi ham qayd etildi.

Jumladan, viloyat boʻyicha 156 ta egasiz elektr tarmoqlari obyektini oʻz vaqtida qabul qilinmaganligi natijasida 2017-2019-yillarda 196,9 million soʻmlik elektr energiyasi texnik yoʻqotishlarga olib kelgan.

Hisob palatasi tomonidan viloyatdagi xalq taʼlimi muassasalarida 11 milliard 432 million soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan.

Nurobod va Samarqand tumanlaridagi 2 ta madaniyat va istirohat bogʻi oʻz vaqtida foydalanishga topshirilmagan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-noyabrdagi tegishli qaroriga asosan 2019-yilda viloyatdagi madaniyat markazlarida bajarilishi lozim boʻlgan ishlar toʻliq amalga oshirilmagan. Xususan, 2 ta madaniyat markazida (Bulungʻur, Pastdargʻom) qurilish ishlari yakunlanmagan boʻlsa, 2 tasida (Kattaqoʻrgʻon shahri, Jomboy) qurilish boshlanmagan. Bugungi kunda madaniyat markazlarida 4 turdagi 340 ta musiqa asbobiga ehtiyoj mavjud.

Viloyatda aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy (suyultirilgan) gaz bilan toʻliq va uzluksiz taʼminlash borasida muammolar mavjud. Elektr tarmoqlarining ayrim qismlari foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan. Gaz quvurlarini mukammal taʼmirlash boʻyicha 2019-yilga belgilangan reja bajarilmagan. Viloyatning ichki xoʻjalik yoʻllari taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan.

Sessiya ishi davomida senatorlar va mahalliy Kengash deputatlari qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha kechiktirib boʻlmas chora-tadbirlar koʻrish zarurligini taʼkidlashdi hamda bu yuzasidan mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlarining hisobotlari tinglandi va muhokama etildi. 

Sessiya yakunlariga koʻra, tegishli qaror qabul qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi va ijrosi ustidan deputatlik nazoratini qatʼiy yoʻlga qoʻyish belgilandi.

Abdulaziz Yoʻldoshev

(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?