Xayrli niyatning oqibati ham xayrlidir

11:50 21 Aprel 2020 Iqtisodiyot
324 0

Arxiv foto

Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan joriy qilingan klaster tizimi paxtachilik va gʻallachilikda yerdan unumli foydalanish, dehqonchilik madaniyatini yuksaltirish hamda hosildorlikni oshirish hisobiga daromad miqdorini muttasil oʻsib borishini taʼminlamoqda.

Toshkent viloyatida 2019-yilda har bir gektar maydondan 30 sentnergacha paxta xomashyosi yigʻishtirib olishga erishgan paxta-toʻqimachilik klasterlari ish tajribasini boshoqli don yetishtirish sohasida ham ommalashtirish maqsadida Ohangaron, Chinoz, Yangiyoʻl va Oʻrta Chirchiq, Boʻka tumanlarida 5ta gʻallachilik klasterlari tashkil etildi. Ular tasarrufida 1 ming 498 gektar gʻalla maydoni mavjud. Bunga qoʻshimcha ravishda viloyatdagi 267 ta fermer xoʻjaliklarining 14 ming 45 gektar gʻallazorlari fyuchers shartnomasi asosida ularga biriktirib berildi. Gʻallachilik klasterlarining imkoniyat doirasi shu tariqa yana-da kengaydi. Endi hamma gap rejani uddalashda qoldi. Shu tufayli hozir dalalarda ish qizgʻin. Dehqon peshonasi terlab, rizqini koʻpaytirish payiga tushgan...

Sababi, ayni kunlarda gʻallazorda amalga oshirilgan har bir agrotexnik tadbir — ekinni talab darajasida oziqlantirishi, sharbat suviga qondirishi ertangi xirmonda tosh bosadi. Shu bois, gʻallakorlar koronavirus pandemiyasi davrida joriy etilgan sanitariya-epidemiologiya talablariga qatʼiy rioya etgan holda ish yuritishmoqda. Har bir dala shiyponida zaruriy yuz niqoblari, qoʻlqoplar, birlamchi tibbiyot vositalari shay qilib qoʻyilgan. Klaster ham, fermer ham, gʻallakor ham bir maqsad — oʻzi va atrofidagilar salomatligini qatʼiy muhofaza qilgan holda, mavjud 116 ming gektardan oshiqroq maydondan 76,3 sentnerdan jami 885 ming 520 tonna sara don oʻrib-yanchib olish ilinjida mehnat qilmoqda. Hosilning 348 ming 928 tonnasi davlat omborlariga topshiriladi. Qolgani esa, dehqonning peshona terisi haqqi.

Dala ishlarini tashkil etish, maysalarni oziqlantirish va sugʻorish borasida klasterlar jamoalari alohida oʻrnak koʻrsatayotir. Gʻallachilik klasterlari tomonidan umumiy qiymati 83 milliard 480 million soʻmlik 10ta investitsion loyihalar ishlab chiqildi. Ular ijrosi tufayli viloyatda 272 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

—Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 10-aprel kuni “Paxtachilik va gʻallachilikda klaster tizimini rivojlantirish, bahorgi agrotexnik ishlarni samarali tashkil qilish, hosildorlikni oshirish masalalari boʻyicha” oʻtkazgan selektor yigʻilishida klasterlar faoliyatiga alohida eʼtibor qaratdilar,-deydi Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Real agro tex” UK rahbari Siddiqjon Abdurahmonov. — Unda taʼkidlangan barcha masalalar ijrosi yuzasidan tegishli yoʻl-yoʻriqlar ishlab chiqdik. Gʻalladan moʻl hosil yetishtirish uchun besh bosqichli oziqlantirish dasturi amalga oshirilmoqda. Unga koʻra, maysalarni fosforli va azotli oʻgʻitlarga toʻyintirish, zang kasalligi, trips, shira singari zararkunandalar va keng bargli begona oʻtlarga qarshi kimyoviy preparatlardan samarali foydalanish jarayoni yoʻlga qoʻyilgan. Tasarrufimizda qariyb 10.000 gektar gʻallazor mavjud. Uning 311 gektari bevosita klasterimizga tegishli. Qolgan maydonlar esa 156 ta fermer xoʻjaliklari bilan fyuchers shartnomasi asosida bizga biriktirilgan. Bu yil har gektar maydondan 70-75 sentnerdan hosil olish uchun mehnat qilyapmiz. Buning uchun barcha sharoit va imkoniyatlar mavjud. Hosildorlik bu bilan chegaralanmaydi albatta. Yildan yilga yangi imkoniyatlar qidirib topamiz. Har gektar yerdan olinadigan xirmon salmogʻini 80-100 sentnergacha koʻtarish niyatidamiz.

Turkiyaning “Alapros Dis Tigaret Limited Sirketi” bilan hamkorlikda kuniga 300 tonna boshoqli don mahsulotlarini qayta ishlovchi (tozalash, maydalash va h.k.) tegirmon majmuasi va 20 000 tonna don mahsulotlarini saqlash imkoniyatiga ega boʻlgan metall bunkerlarni (omborxonalarni) qurish loyihasini amalga oshiryapmiz. Umumiy qiymati 4 million AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu tegirmon toʻliq quvvat bilan ishga tushgach, ichki va tashqi bozorga un mahsulotlari yetkazib beramiz.

Boʻka tumanidagi “Melek don agro” gʻallachilik klasteri viloyatdagi nufuzli jamoalardan biri. Jamoaning fermerlar bilan uzviy hamkorligi tufayli yutuqlar koʻlami kengaymoqda. Bu borada klaster rahbari Mirhomid Ismoilovnin fikrlari quyidagicha:

— Davlatimiz rahbarining koronavirus pandemiyasi davrida mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, dalalardagi boshoqli don ekinlari parvarishini toʻgʻri yoʻlga qoʻyib, hosildorlikni oshirish, shaxsiy tomorqa yer egalari, dehqonlar, fermerlar va chorvadorlarning meva-sabzavot, poliz hamda goʻsht-sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirishi orqali bozorlardagi narx-navoni yana-da arzonlashtirish borasidagi tavsiya va vazifalari har bir tadbirkorga yangi kuch-gʻayrat bagʻishladi.

Yigʻilishda klasterlar faoliyatiga yuksak baho berilib, ular qishloq xoʻjaligida innovatsion gʻoyalar va tejamkor texnologiyalarni joriy etish hisobiga iqtisodiy samaradorlikka erishayotganligi alohida uqtirildi.. Ushbu imkoniyatlardan toʻliq foydalangan holda bu yilgi gʻalla hosildorligini 20 sentnerga koʻpaytirish, gektaridan 70 sentnerdan xirmon koʻtarish chora-tadbirlarini koʻrish zarurligi taʼkidlandi.

Prezidentimizning ushbu ishonchi va zimmamizga yuklatilgan yuksak masʼuliyatni uddalash uchun klasterimiz jamoasi bugungi kunda barcha kuch va imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda. Tasarrufimizda 1250 gektar gʻalla maydoni mavjud boʻlib, tumandagi 165 ta fermer xoʻjaliklari bilan ham boshoqli don yetishtirish yuzasidan qoʻshimcha fyuchers shartnomalari imzolaganmiz. Bugungacha barcha maydonlar, har bir gektar hisobiga 700 kg.dan fosfor, azot va kaliyli oʻgʻitlar bilan oziqlantirildi. Dalalar boshiga zaruriy miqdordagi mahalliy oʻgʻit ham jamgʻarilmoqda. Yaqin orada ekinlarni sharbatli sugʻorishni yoʻlga qoʻyamiz.

Bundan bor yoʻgʻi 5-10 yil muqaddam paxta va gʻallani bunday yetarli meʼyorda oziqlantirish dehqon uchun shirin tush boʻlgan edi. Buni muhtaram Prezidentimizning oʻzlari ham bir necha bor takrorladilar. Chunki, yerga eʼtibor yaxshi emasdi. Qolaversa, dehqonni kerakli miqdordagi texnika va mineral oʻgʻit bilan muttasil taʼminlash mezoni buzilgandi.

Buguni klasterlar ana shu boʻshliqni toʻldirib, hosildorlikni bir necha barobar oshirish hisobiga dehqonning moddiy manfaatdorligi yuksalish sari yoʻl ochib berdi.

Klasterning asl mohiyati “daladan peshtaxtagacha” degan qoidaga boʻysundirilgan. Shu bois, tasarrufimizdagi barcha maydonlardan olingan gʻalla hosili qayta ishlanib, tayyor mahsulot sifatida mamlakatimiz ichki bozorini toʻkin-sochin qilishga yoʻnaltiriladi. Jamoamiz bu bilan chegaralanib qolmasdan, ishlab chiqarish jarayonlarini yil sayin kengaytirishga erishmoqda. Sutkasiga 450 tonnadan 900 tonnagacha gʻallani qayta ishlovchi tegirmondan ichki va tashqi bozorga “Melek” brendi bilan sifatli un taqdim etyapmiz.

Germaniyadan 1200 bosh golshteyn zotli sogʻin sigirlar xarid qildik. Har biri 48 talik 96 boshga moʻljallangan 2 ta sogʻish sexi ishga tushirildi. Turkiya texnologiyasi asosida soatiga 10 tonna, bir kecha-kunduzda esa, 200 tonna sutni qayta ishlovchi zavodni foydalanishga topshirdik. Shuningdek, ukrainalik hamkorlarimiz taqdim etgan kichik korxonamizda bir ish kuni davomida 50 tonna sariyogʻ va margarin mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Xitoydan xarid qilingan liniyamizda esa, sutkasiga 80 tonna xomsashyoni qayta ishlab, 1,2,3 litrlik idishlarda kungaboqar yogʻini qadoqlayapmiz. Bularning barchasi mamlakatimiz ichki bozorni arzon narxda “Melek” brendi ostidagi mahalliy mahsulotlar bilan taʼminlashga yoʻnaltirilgan.

Xudo xohlasa, har gektar yerdan 70 sentnerdan oshiq gʻalla oʻrib-yanchib olishga bel bogʻlaganmiz. Mamlakatimiz aholisiga sifatli un, goʻsht va sut mahsulotlari yetkazib berish bilan bir qatorda, “Melek” brendi qayd etilgan unlarni Afgʻoniston va Tojikiston davlatlariga ham eksport qilish rejamiz bor.

“Melek don agro” gʻallachilik klasteri mutasaddilarining taʼkidlashicha hosildorlikni 100-120 sentnergacha koʻtarish mumkin. Buning uchun klaster jamoasida barcha imkoniyatlar mavjud. Bundagi asosiy omil — serhosil nav, mukammal agrotadbir va kam mablagʻ sarflab samarali foyda koʻrishga qaratilgan.

Klasterning un ishlab chiqarish korxonasi imkoniyatlari yil sayin kengayib bormoqda. Shunga koʻra, mavjud gʻallazorlardan olinadigan don tegirmonning yillik ishlab chiqarish quvvatini uzluksiz taʼminlashga kamlik qilmoqda. Shu tufayli, viloyatdagi barcha fermerlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda ekin maydonlari hajmini muttasil oshirish ustida ish olib borilyapti. “Xayrli niyatning oqibati ham xayrlidir”-deydi xalqimiz. Bu boradagi mavjud muammolar tezda bartaraf etilishiga aminmiz.

Shodiyor MUTAHAROV,

(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?