Kerolin Lemmga davlatimizning yuksak mukofoti topshirildi

19:07 12 Oktyabr 2018 Siyosat
339 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 22 avgustdagi Farmoniga muvofiq, Amerika — Oʻzbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlangan edi. Yaqinda Vashington shahrida mazkur yuksak mukofotni Lemm xonimga tantanali topshirish marosimi oʻtkazildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Amerika jamoatchiligi vakillari, ekspertlar, mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi xodimlari qatnashdi.

Taʼkidlanganidek, ikki tomonlama munosabatlar bugun oʻzaro ishonch va mustahkam doʻstlik tamoyillari asosida rivojlanib bormoqda. Shu yil may oyida Prezidentimizning AQSHga amalga oshirgan tarixiy tashrifi davlatlarimiz hamkorligida yangi sahifa ochdi.

Tadbirda Amerika — Oʻzbekiston savdo palatasi raisiga “Doʻstlik” ordeni topshirildi.

— Prezident Shavkat Mirziyoyevga meni mana shunday yuksak mukofotga loyiq koʻrib, yuksak darajada eʼtirof etgani uchun cheksiz minnatdorlik bildiraman, — deydi Kerolin Lemm. — Bugun Oʻzbekistonda biznes va tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, aholini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida koʻplab saʼy-harakatlar olib borilyapti. Ayni shu jihatlar mamlakatga chet el investitsiyasini jalb etishda muhim oʻrin tutadi. Biz, Amerika — Oʻzbekiston savdo palatasi vakillari AQSH kompaniyalarini shu yil 23 oktyabrda Toshkentda oʻtkaziladigan AQSH — Oʻzbekiston yillik biznes forumida ishtirok etishga taklif etamiz. Maqsadimiz — AQSH tadbirkorlari bilan hamkorlikda muvaffaqiyatga erishish uchun oʻz bilim, tajriba va resurslarimizni Oʻzbekiston hukumati bilan baham koʻrish.

O. LUTFULLAYEV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?