Keksalari eʼzoz topgan yurt

16:51 09 Oktyabr 2019 Jamiyat
120 0

Xalqimizning yaxshi odatlari juda koʻp. Masalan, oila, mahalla-koʻyda, korxona va tashkilotlarda yoshi ulugʻ insonlarga oʻzgacha mehr-eʼtibor bilan munoYakorsabatda boʻlishdan tashqari, biron ezgu ishni boshlashdan oldin keksa avlod vakillarining maslahati va duosini olishga odatlanganmiz. Ularni eʼzozlash bobidagi ezgu amallar qatoriga yana biri qoʻshildi. Gap shundaki, Vazirlar Mahkamasining “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi oʻrni va ijtimoiy faolligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan joriy yildan eʼtiboran oktyabr oyining boshi “Keksalar haftaligi” etib belgindi.

Shundan kelib chiqib, mamlakatimiz tarixida ilk bor barcha shahar va qishloqlarda ushbu haftalik keng miqyosda nishonlandi.

Haftalik davomida Prezidentimiz tashabbusi bilan 600 nafar ijtimoiy faol keksa va nuroniylarga “Yangiyoʻl” sanatoriysida bepul dam olish imkoniyati berilgani, 5-6-oktyabr kunlari barcha teatrlar, 7-8-oktyabr kunlari muzeylar keksalarga bepul xizmat qilganligini alohida aytish joiz.

(Infografika)

Haftalik doirasida

* 28 357 nafar keksalarga turli sovgʻalar,

* 11 929nafariga oziq-ovqat mahsulotlari,

* 3 343 nafariga dori-darmonlar ulashildi.

* 5586 nafar nuroniyga 270 million,

“Saxovat” va “Muruvvat” uylariga esa 222,844 million soʻmlik moddiy yordamlar koʻrsatildi.

* 21 891 nafari sayyor “Tibbiyot brigadalari” tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

* 55 nafar keksalarga nogironlik aravachalari taqdim etildi.

Bu hali hammasi emas. Yoshi ulugʻ insonlar salomatligini mustahkamlash maqsadida “Har kuni 5 ming qadam” shiori ostida tashkil etilgan piyoda yurish marafonlarida 80 mingdan ortiq otaxon va onaxonlarimiz qatnashdi. Ayni chogʻda 16 590 nafar keksalarimiz teatr va muzeylarga, 29 500 nafari esa mamlakatimizning tarixiy shaharlariga sayohat qilishdi.

— Keksalarni boshiga koʻtaradigan xalqimiz, nima yaxshiliklar boʻlsa, otaxon va onaxonlarimizga boʻlsin, deb yugurib-yelayotgan Yurtboshimiz bor, — deydi Yashnobod tumanidagi “Qoʻyliqobod” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Fazilat Xojiqulova. — Haftalik davomida bu yanayam yaqqol koʻrindi. Gʻamxoʻrlikdan bahramand boʻlmagan bironta ham yoshi ulugʻ inson qolmadi. Buni bizning mahalla misolida ham koʻrish mumkin. Keksalarning barchasi ushbu ezgu ishlar boshida turgan insonlarni duo qilishdi.

Eʼtiborli jihati shundaki, bu ezgu ishda nafaqat mahalliy hokimlik,mahallalar va “Nuroniy” jamgʻarmasi, balki koʻplab tadbirkor-u savobtalab insonlar ham qatnashdi.

Haftalik Madaniyat va Sogʻliqni saqlash vazirliklari, “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamkorligida oʻtkazildi.

Zokir XUDOYSHUKUROV

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?