Karantin davrida pensiya va nafaqalar aholi uyiga yetkazib beriladi

15:20 27 Mart 2020 Jamiyat
448 0

Arxiv surat

Joriy yil 18-martdan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiy tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni hamda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining COVID-19 koronavirus pandemiyasining tarqalishini oldini olish va undan himoyalanish boʻyicha tavsiyalaridan kelib chiqib, mahalla fuqarolar yigʻini binolarida aholini toʻplab pensiya tarqatmasdan, pensiya va nafaqa pullari aholi uylariga yetkazib berila boshlandi.

2020-yil 26-mart holatiga ko'ra,  2 trillion 103,1 milliard soʻmlik yoki 98 foiz pensiya mablagʻlari naqd pul shaklda tarqatib berildi va 405 mingga yaqin pensionerlarga 252,8 milliard soʻm bank kartalari orqali toʻlandi.

Taʼkidlanishicha, keyingi aprel oyida ham pensiya va nafaqa pullari barcha fuqarolarning yashash uylariga naqd shaklda yetkazib beriladi.

Koronavirus tarqalishining oldini olish uchun Xalq banki quyidagi tadbirlarni amalga oshiradi:

Xalq banki bosh ofisida shtab tashkil qilindi;

Pensiya va nafaqa toʻlovlari uchun Markaziy bankdan sterillangan naqd pullar olinadi;

Har bir pensiya va nafaqa oluvchiga beriladigan naqd pullar sterillangan paketlarda tarqatiladi;

Pensiya va nafaqa pullarini fuqarolar uylariga yetkazib berish uchun sayyor kassalarga qoʻshimcha bank xodimlari jalb qilinadi;

Sayyor kassalar uchun qoʻshimcha maxsus avtomashinalar ajratildi;

Barcha sayyor kassalar xodimlari va avtomashina haydovchilari tibbiy himoya maskasi va qoʻlqop, spirtli antiseptik vositalar bilan taʼminlandi.

Shu paytga qadar, prezident tomonidan 2017-yil 13-martda tasdiqlangan qarorga asosan, 2017-yil 1-iyuldan boshlab respublikamizning barcha hududlaridagi 9 mingga yaqin mahalla, ovul fuqarolar yigʻinlarida belgilangan jadvallarga muvofiq har oyda oʻrtacha 3,0 million nafardan ortiq pensionerlarga 2,0 trillion soʻmdan ziyod pensiya va nafaqa mablagʻlari har oyning 27 sanasiga qadar Xalq banki sayyor kassalari tomonidan amalga oshirib kelinmoqda edi.

Shu bilan birga, I-II guruh nogironlari va mustaqil harakatlanish imkoniyatiga ega boʻlmagan 700 mingga yaqin fuqarolarga 500,0 milliard soʻmdan ortiq pensiya va nafaqa toʻlovlari mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan grafikka asosan birinchi navbatda ular yashaydigan joylarga yetkazib berilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?