Kamqonlik asab tizimiga taʼsir qiladi — Mutaxassis

11:05 23 Oktyabr 2020 Jamiyat
247 0

Bola organizmida temir moddasining yetishmovchiligi oqibatida yuzga keladigan kamqonlik boshqa kasalliklarga ham yoʻl ochishi bilan xavflidir. Sababi anemiyadan shikoyat qilayotgan bemorlarning boshqa infeksion xastaliklarga chalinish ehtimoli ham yuqori boʻladi. Ushbu kasallik borasidagi savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim mudiri, oliy toifali shifokor Nazokat Oripova javob beradi.

— Bolalarda uchraydigan kamqonlik haqida maʼlumot bersangiz...

— Bolalardagi anemiyani pediatr, qiyin holatlarda esa gematolog davolaydi. Bolalar anemiyasi butun dunyo pediatrlarining muammosi sanaladi. Qon tarkibidagi gemoglobin miqdorining pasayib ketishi kamqonlik kasalligiga sabab boʻladi. Miyaga kislorod yetkazib berish esa aynan qondagi gemoglobinning asosiy vazifasidir. Bu kasallik bilan ogʻrigan va immuniteti past bemorlarda turli infeksion xastaliklarga chalinish xavfi yuqori boʻladi. Qon tarkibida organizmning oʻsib rivojlanishi uchun muhim boʻlgan oziq moddalar mavjud.

Eritrotsitlarning asosiy vazifasi kislorod molekulalarini tashishdir. Kislorod organlar va toʻqimalarga gemoglobin – temir tarkibidagi maxsus oqsil orqali yetkaziladi. Oʻrtacha gemoglobin darajasini quyidagi raqamlarda koʻrishingiz mumkin:
G/L dagi normal gemoglobin darajasi (litr uchun gramm) yoshga bogʻliq:
• yangi tugʻilgan chaqaloqlarda - 180 dan 240 gacha;
• 1 oydan 5 yoshgacha - 110 dan 115 gacha;
• 5 yoshdan 12 yoshgacha - 110 dan 120 gacha;
• 12 yoshdan 15 yoshgacha - 120 dan 140 gacha.

— Anemiya kelib chiqishining asosiy sabablari nimada?

— Bolalardagi kamqonlik turli sabablarga koʻra rivojlanadi. Ota-ona sinchkovlik bilan ushbu kasallikka nima turtki boʻlganini aniqlashi kerak. Anemiya – tashqi va ichki, nasliy va orttirilgan, homiladorlik va tugʻilgandan keyingi, patologik va asosiy omillar asosida yuzaga keladi. Ayolning homiladorlik davridagi kamqonligi bolaga oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmaydi. Achinarlisi, homilador ayollarning temir moddasiga boʻlgan talabining ikki karra ortishi oqibatida kelib chiqadigan anemiya soni katta koʻrsatgichlarni koʻrsatadi. Bolalar uchun anemiya xavfli kasallik sirasiga kiradi. Sababi bola kun sayin oʻsadi va maʼlumki oʻzining «zaxiralari» kam boʻlsa, rivojlanishdan orqada qolishi mumkin. Toʻyib ovqatlanmaslik, vitaminga boy mahsulotlarni isteʼmol qilmaslik ham anemiyaga sababchi boʻladi. Organizmda gemoglobin darajasining uzoq vaqt past boʻlishi bolada gipoksiya yaʼni kislorod yetishmovchiligiga olib keladi. Natijada aʼzolar va toʻqimalar ziyon koʻradi. Anemiya tufayli bolalar jismoniy va intellektual rivojlanishdan orqada qolishlari mumkin. Qolaversa, surunkali va yuqumli kasalliklarga moyil boʻladi.

— Kasallikning belgilari va oʻz vaqtida davolanmasa, qanday asoratlarga olib kelishi haqida maʼlumot bering.

— Anemiya koʻplab aʼzolar va tizimlarga taʼsir qiladi. Ilk belgilar terida paydo boʻlib, oqarib mayinlashadi. Tirnoq va sochlar moʻrtlashib, yorqinligini yoʻqotadi. Tez-tez til yalligʻlanishi, yuzaki yaralar paydo boʻlishi mumkin. Kamqonlik, asab tizimiga ham taʼsir qiladi. Sababi kamqonlikda quloqda shovqin paydo boʻladi va bosh aylanishi kuzatiladi. Anemiyaning eng yorqin belgisi– doimiy charchoqlik va behollikdir. Eng yomoni 1 yoshgacha boʻlgan bolalarning rivojlanishi tengdoshlarinikidan ancha orqada qoladi. Ogʻirroq koʻrinishlarida hatto hushdan ketishi va yuragi tez-tez urishi mumkin. Sababi kamqonlik qon bosimining pasayishiga ham sabab boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?