Yoʻlning egasi bormi? (Fotoreportaj)

23:57 27 Yanvar 2019 Jamiyat
1002 0

Muallif olgan surat.

Siz Oqdaryoning Chapayev qishlogʻida hech boʻlganmisiz? Agar Pastdargʻom tomonlardan mashinada kelayotgan boʻlsangiz, Charxin qishlogʻidan chapga, Chapayevga tutashtiruvchi yaqin yoʻl borligini aslo unutmang. Bu yoʻl atigi toʻqqiz, nari borsa, oʻn ikki kilometrlik masofa.

Tasmadek choʻzilgan gʻadir-budir yoʻl dastlab uncha uzoq emasdek tuyuladi. Loyqa handaqlar ohanrabosi, buldozer tishlaridan qolgan izlar, xaritaga oʻxshash yoʻl yoriqlari qachonlardir “Bu yerlarga asfalt yotqizilgan” degan statistik maʼlumotni savol ostiga qoʻyadi. Yoʻl shu qadar rasvo ekanki, hatto qarshi yoʻnalishda kelayotgan mashina ustingizga chiqib ketay, deydi. Eng qizigʻi, yoʻlda uchratganim — haydovchilar bilan tasodifiy hangomalarda. Biri yoʻl Oqdaryoniki desa, ikkinchisi Samarqand tumaniniki, yana biri Pastdargʻomniki deydi...

Zarurat tufayli shu yoʻldan Oqdaryo tumani markaziga shoshilinch ketayotgandim. Mashinamning shinasi yorildi. “Yetib keldim”, dedim oʻzimga oʻzim. Biyday dala.

Shu payt ortimdan kelayotgan, sariq rangga boʻyalgan “Neksiya” avtomashinasi chetroq joyga toʻxtadi. Haydovchi yigit oqibatli ekan, zapas balonimni alishtirgunimcha, yonimdan jilmay, oʻz dardini gapira ketdi.

— Mehmonmisiz? — kulimsirab soʻraydi u. — Yordam kerakmi?

— Shunaqa, — deyman ishimdan bosh koʻtarmay. — Rahmat, oʻzim bir amallayman. Aytolmaysizmi, markazga qancha qoldi?

— Uch yarim-toʻrt kilometr atrofida.

— Bu yoʻl qaysi tumanga qaraydi? — oʻsmoqchilab soʻrayman.

— Oqdaryo tumaniga.

— Ie, axir bu yoʻlni Samarqand tumaniga qaraydi, deyishardi-ku?

— Yoʻq. Bu yerda roʻyxatda turganlar Samarqand tumaniga kiradi, xolos.

— Qiziq. Manavi qishloqlar qanday nomlanadi?

— Yoʻlning bu tomoni Chaqa qishloq, narigi tomoni esa Nabogʻ...

— Har kuni yurasizmi bu yoʻldan? — qiziqishim ortadi mening.

— 20 yildan beri, akajon.

— Oxirgi marta qachon mashinangizni taʼmirlatgansiz? — sinchkovligim ortadi mening.

— Bir oy avval. Hozir yana remonttalab.

— Har kuni qatnaysizmi shu yoʻldan?

— Har kuni. Ilojim yoʻq, aka. Bola-chaqamni boqishim kerak axir, — suhbatdoshim siniqqina jilmayadi.

— Ismingiz nima?

— Kamol Gʻulomovman.

— Kamoljon, nahotki mahalliy aholi vakillari, haydovchilar yoʻl masalasida hech qayerga murojaat qilmagan boʻlsanglar? Loaqal sektor rahbarlari bordir?! Mutasaddilar degandek...

— Ey, mehmon aka, murojaat qilmagan joyimiz qolmagan, — deydi u behafsala, eng alamlisi, oʻta ishonchsizlik bilan qoʻl siltab. — Oʻtgan yilga vaʼda qilishgandi. Mana, 2018 yil ham oxiri yoʻq vaʼdalar bilan oʻtib ketdi. Endi bu yil qiynalib oʻtiramizmi, deyishdi shekilli, biratoʻla 2020 yilga vaʼda berishyapti.

— Bilishimcha, taksi xizmati koʻrsatasiz, shekilli...

— Shunday. Kuniga davlatga 30 ming soʻmdan putyovka puli toʻlayman. Bu bir oyda qariyb bir million soʻm degani. Oʻzim huv anavi qishloqda yashayman. Shaharda kira qilaman. Ertalab ketaman, kechki payt qaytaman. Mashinam har chuqurga tushganida, yuragim poʻkillab ketadi...

Balonni almashtirib boʻlgach, yoʻlning ahvolini suratga tushira boshladim. Shu payt yuk ortilgan ikkita mashina ketma-ket zarda bilan yonimga toʻxtadi.

— Aka, mening ismim Xaydar, dedi haydovchilardan biri pastga tushib koʻrisharkan. — Muxbir boʻlsangiz, manavi katta-katta yamalarni ham suratga oling. Biz Samarqand tumanidagi fermer xoʻjaligining mashinalarini haydaymiz. Ish yuzasidan bir kunda kamida ikki marta shu yerdan oʻtishimizga toʻgʻri keladi. Mashinamizning hali u yeri sinib, uzilib tushsa, hali bu yeri qiyshaysa, diskalari mayishib ketsa... Axir buning turgan-bitgani zarar-ku. Kimdir javob berarmikin, qoplab berarmikin bu zararlarni?!

— Bu yoʻl qaysi tumanga qaraydi oʻzi? — soʻrayman ulardan ham.

— Aka, bu oʻzi birinchi Samarqand halqa yoʻli. Xalq tilida “kolsevaya” deyiladi. Bu yerdan qozoq, qirgʻiz va butun dunyoning mashinalari oʻtadi. Buxoroga, Xorazmga ketadigan yuk mashinalari ham. Shaharni oʻrab turgan birinchi kolsevoy yoʻl mana shu. Anavi Zarafshon daryosi koʻprigini koʻryapsizmi? Ochilib ketgan. Koʻprik ustidagi plitalarning yorilib yotganini qarang! Xudo asrasin-u, biron kun qulab tushsa... Eh-he...

— Oʻtish xavflimi?

— Koʻprik qimirlab, lapanglab yotibdi, — deydi ular bosh chayqab.

Xullas, bir amallab Chapayevga yetib keldim. Ammo... Oʻsha kuni koʻrganlarim bir kitobga jo boʻlgulik. Keling, yaxshisi, suratlarni koʻrib, oʻzingiz xulosa qiling.

 

 

Umid SORIYEV, “Xalq soʻzi” muxbiri.

Veb-sayt tahririyatidan: Koʻrib turganingizdek, bu yoʻlning qaysi tumanga qarashi ham nomaʼlum. Hozircha. Biz Samarqand viloyatidagi sohaga daxldor va mas’ul mutasaddilarning aniq javobini kutamiz. Tahririyat kelgusida ushbu mavzuga yana qaytadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?