Yirtiq krossovka mashhur brend aksiyalari narxini tushirib yubordi

18:41 22 Fevral 2019 Dunyo
723 0

AQSHning “Dyuk Blyu Devilz” va “Shimoliy Karolina Tar Xilz” basketbol jamoalari oʻrtasidagi bahsning 33-soniyasida gʻalati hodisa roʻy berdi.

Oʻyinning ushbu vaqtida “Dyuk Blyu Devilz” vakili Sion Uilyamson parketda sirpanib, yiqilib tushdi. Oqibatda u kiyib olgan “Nike” krossovkalaridan biri yirtilib ketgan. Sportchining oʻzi esa tizzasidan jarohat olgan.

Ushbu bellashuvni AQSHning sobiq Prezidenti Barak Obama tribunadagi muxlislar qatorida tomosha qilayotgan edi.

Jarohat olgan basketbolchi oʻyinni davom ettira olmay, maydonni tark etdi va uning jamoasi 72-88 hisobida magʻlubiyatga uchradi.

Mazkur voqea Uilyamsonga jarohat yetkazishi barobarida, “Dyuk Blyu Devilz” jamoasini eksklyuziv formalar bilan taʼminlaydigan “Nike” kompaniyasining aksiyalari narxini ham 1,5 foiz pasaytirib yuborgan.

Maʼlumot uchun, klub va kompaniya oʻrtasidagi hamkorlik shartnomasi 12 yilga tuzilgan.

“Biz mahsulotlarimiz sifatiga asosiy eʼtiborimizni qaratamiz. Garchi bu yagona holat boʻlsa-da, ushbu muammoni aniqlash ustida ish olib boramiz”, deya vaziyatga izoh bergan “Nike” rahbariyati.

Buning natijasida Nyu-York birjasida “Nike”ning asosiy raqobatchilari boʻlgan “Adidas” va “Puma” aksiyalari narxi mos ravishda 0,15 hamda 1,63 foiz qimmatlashgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?