Yil oxiriga qadar yuzdan ziyod badiiy kitob oʻqishga ahd qilgan oʻquvchiga viloyat hokimi televizor sovgʻa qildi

10:33 10 Oktyabr 2019 Jamiyat
107 0

Gʻijduvon tumanidagi 18 – umumtaʼlim maktabining yuqori sinf oʻquvchisi Feruza Joʻrayeva darsdan soʻng uyiga televizor bilan kirib keldi.Bu televizorni unga viloyat hokimining shaxsan oʻzi sovgʻa qildi.Buni eshitgan Feruzaning ota – onasi quvonchdan oʻzlarini qoʻyarga joy topolmay qolishdi.

-Viloyatimiz hokimi Oʻktam Isayevich Barnoyev “Obod qishloq” dasturi ijrosi doirasida bajarilgan ishlar bilan tanishayotib, bilim dargohimizga ham tashrif buyurdi,-deydi Armichan mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan ushbu maktab direktori Orif Rajabov.- Oʻquvchilar bilan suhbatlashdi.Shunda kitobxon qizlarimizdan biri Feruza hozirga qadar oʻqigan badiiy asarlari haqida soʻzlab berdi.Yil oxiriga qadar yuzdan ziyod kitobni mutolaa qilish niyatida ekanini bildirdi.Bu aʼlochi kitobxon oʻquvchimizni hokim televizor bilan mukofotladi. Feruza bu ragʻbatga munosib.U 15 mingdan ziyod kitob fondiga ega kutubxonamizning faol aʼzosi. Oʻtgan mavsumda “Yosh kitobxon” tanlovida oʻtkir zehni, bilimi bilan koʻpchilik nazariga tushdi.Shu tanlovning viloyat bosqichida faxrli 2 – oʻrinni egalladi.Muhimi, maktabimizda ana shunday intiluvchan oʻquvchilarning chuqur bilim olishlari, oʻz orzu – niyatlariga yetishlari uchun zarur barcha shart – sharoitlar yaratilgan.

Bu soʻzlarga qoʻshimcha qilib aytish lozimki, bilim dargohining 624 oʻrinli oʻquv binosi Investitsiya dasturi asosida taʼmirlandi.Qurilish – taʼmirlash ishlariga 1 milliard 400 million soʻm mablagʻ sarflandi.Bundan tashqari, “Obod qishloq” dasturi doirasida boshlangʻich sinflarga moʻljallangan 240 oʻrinli yangi bino ham qurilib foydalanishga topshirildi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?